19:00 / 30.12.2019
4
18794

Murojaatlar va yechimini top(ma)gan muammolar – Kun.uz vodiy bo‘linmasi yil davomida

 Yil oxirida turli idora va tashkilotlar o‘ziga xos hisobot topshirishadi. Bir so‘z bilan aytganda – yakun.

Poyoniga yetayotgan yil davomida Kun.uz`ning vodiy hududiy bo‘limi tomonidan tayyorlangan maqola va ko‘rsatuvlarni qisqacha sarhisobini qilib ko‘rdik. To‘rt fasl ichi – Andijon, Namangan va Farg‘onani kezib, eng yangi xabarlarni berib borishga, murojaatlar ortidan aholi muammolarini yoritib, mas'ullarga yetkazishga, og‘ir holdagi bemorlarga xayriya aksiyalari orqali ko‘maklashishga urindik.

 Keng muhokamalarga sabab bo‘lgan Rishton tumanidagi qayta qurish, buzish va snos mojarolari, Chust tumanida o‘qituvchilarning majburiy mehnatga jalb qilingani, Andijondagi 20 yil mobaynida ichimlik suvisiz yashagan Bog‘i Eram qishlog‘i muammolari yoritilgan va yana ko‘plab tahliliy maqolalarimiz qay darajada samara berganiga alohida to‘xtalmoqchimiz.

 Keling, materialimiz avvalida, Kun.uz o‘quvchilari, ya'ni sizning ko‘magingiz, xayriya qilgan mablag‘laringiz bilan og‘ir dardga chalingan ko‘plab bemorlarning chet elda operatsiya qilinib, oilasi bag‘riga qaytganini eslasak.

 Yil avvalida Namanganning To‘raqo‘rg‘onidan bo‘lgan yosh o‘qituvchi Nargizaxonning buyraklari qurigani va onasi unga o‘z buyragini berishi uchun amalga oshiriladigan operatsiyaga xayriya aksiyasi tashkil qilgan edik. Tez kunlarda kerakli mablag‘ yig‘ildi. Oradan uch oy o‘tgach muvaffaqiyatli operatsiyadan so‘ng bemor qizimizni yo‘qlab borganimizda, ona-bola o‘z quvonchini biz bilan baham ko‘rgandi.

 Andijonlik oshqozon osti bezi saratoniga chalingan Ma'muraxon Yuldasheva saytimiz orqali «Murg‘ak farzandlarim mensiz ulg‘aymasin...» deya o‘tinchini aytgach, Hindistonda o‘tadigan operatsiya uchun xayriya aksiyasida 15 ming dollar yig‘ildi. Operatsiyadan sog‘aygan ona hozirda uch farzandi yonida.

 Yurakdagi yetishmovchilik bilan og‘riyotgan izboskanlik 7 yoshli Abdulboqiy, oltinko‘llik 2 yoshga to‘lgan Ismoiljon va yana bir qator bemorlar xayriya aksiyalari orqali muvaffaqiyatli operatsiya o‘tkazib sog‘ayganligini ham ta'kidlash o‘rinli.

 Insonlar birgalashib yordam bersa, har qanday muammo oz muddatlarda hal bo‘lar ekan. Uchko‘prik tumani Qaqir qishlog‘idagi Usmonovlar oilasining besh bolasi bilan bir xonali xaroba uyda yashayotgani haqida maqola berganimizdan so‘ng, O‘zbekistonning turli burchaklaridan saxovatli insonlar yordam qo‘lini cho‘zishdi. Kecha oila boshlig‘i Ergashali bilan gaplashdik. Usmonovlar yangi uyga ko‘chib kirishibdi.

 Murojaatlar ortidan

 Yil mobaynida aholi tomonidan yuborilgan turli yo‘nalishdagi murojaatlarni o‘rgandik. Ko‘p muammolar Kun.uz minbarida e'lon qilinganidan so‘ng o‘z yechimini topdi. Mutasaddilar orasida tanqidni to‘g‘ri tushunib, kamchiliklarni zudlik bilan bartaraf etishga kirishganlari juda ko‘p. Biroq, biz yoritgan ba'zi tanqidiy masalalar e'tiborsiz qolib, haligacha yechimini kutib turibdi.

 Andijon tumanidagi, 20 yillardan beri yomg‘ir yoqqanida tarnovdan tushgan suvni yig‘ib, ichimlik suvisiz, bolalar bog‘chasi va boshqa yashash uchun sharoitlar yo‘qligidan qiynalib yashayotgan Bog‘i Eram mahallasi haqida maqola yozganimizdan so‘ng ikki hafta o‘tib, viloyat hokimligi tomonidan kamchiliklar tezkor ravishda hal etildi.

 Andijon shahar dehqon bozori atrofidagi o‘ydim-chuqur yo‘llar muammosi ham ikki haftada yechimini topgan. 

 Namangan viloyati Pop tumanidagi Yangiyer mahallasi muammolari ko‘tarilganidan so‘ng tuman elektr tarmoqlari mahallaning kamchiliklarini tez kunlarda bartaraf etishdi va qishloqqa ichimlik suvi tortildi.

 Yozning qaynoq kunlarida Farg‘onaning Rishton tumanida qaynoq voqealar ko‘p va ho‘b bo‘lganidan xabaringiz bor. Tuman markazidagi qayta qurish ishlari, «buz-buz»lar oqibatida aholi vakillarining huquqlari poymol etilayotgani haqida ko‘plab maqola va reportajlar e'lon qildik.

 So‘ng Rishtondagi qurilish ishlariga barcha tumanlardan, viloyatdagi barcha tashkilot vakillari «hashar» niqobi ostida majburiy mehnatga jalb etilayotgani ijtimoiy tarmoqlarda kun tartibi darajasida muhokama qilindi.

 Iyul oyida Chust tumanidagi 9-maktab o‘qituvchilari tomonidan Kun.uz saytiga ta'til payti o‘qituvchilarni majburiy mehnatga jalb etilayotgani haqidagi murojaat kelib tushgan va arznomani borib o‘rganganimizda, haqiqatan ham o‘qituvchilar ta'til vaqtida maktabdagi qurilish ishlariga jalb qilingani aniqlangan edi. 

 Shundan so‘ng bu holatni Xalq ta'limi vazirligi hamda Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligining Davlat mehnat inspeksiyasi o‘z nazoratiga oldi. Tekshirishlar davomida majburiy mehnat holatlari aniqlandi.

 Sarson bo‘layotgan murojaatlar

 Aholining ko‘plab murojaatlari ijobiy yakun topgan bo‘lsa, ba'zi muammolar rahbarlarning sustkashligi ortidan haligacha o‘z yechimini topgani yo‘q.

 Farg‘ona viloyati Qo‘shtepa tumanida faoliyat yurituvchi «Olimboy hoji» chorvachilik fermer xo‘jaligi muammolari haqida ko‘p bora maqola yozgan bo‘lsak-da, xo‘jalikka shu kungacha yer maydoni ajratilgani yo‘q.

Rishton hasharidan qaytish chog‘i yo‘l-transport hodisasida  qurbon bo‘lgan Ulug‘bek Ahmadjonovning oilasi va o‘sha kuni jarohat olganlarga ayni paytga qadar tovon puli berilmadi.

 Yil davomida, shuningdek, vodiy viloyatlarida o‘tkazilgan xalqaro investitsion forumlar, Qo‘qondagi xalqaro hunarmandchilik festivali, bayramlar va turli sport musobaqalaridan baholi qudrat foto va videoreportajlar tayyorlab, keng ommaga taqdim qilib borishga intildik. Vodiyning takrorlanmas tabiati va tarixi bilan o‘quvchilarni tanishtirib borish ham yodimizdan chiqqani yo‘q.

 Biz 2020 yilda ham harakatda va siz bilan birga qolamiz – Kun.uz`ni kuzatishda davom eting.

Kun.uz muxbiri Elmurod Ermatov.
Tasvirchi – Ahrorbek Yoqubjonov
.

Mavzu
Kun.uz surishtiruvi
Kun.uz xalq murojaatlari asosida joylarda bo‘lib, muammolarni o‘rganmoqda va xolisona yoritmoqda.
Barchasi
Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top