20:34 / 30.12.2019
6
29797

Ombudsman: «Muhojirlar uchun sotib olinayotgan aviachiptalar puliga zavod qursa bo‘lmaydimi?»

Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili Ulug‘bek Muhammadiyev 30 dekabr kuni Odam savdosiga va majburiy mehnatga qarshi kurashish milliy komissiyasining navbatdagi majlisida Rossiyadagi o‘zbek migrantlari muammolariga to‘xtaldi.

Kun.uz muxbirining xabar berishicha, Ombudsman Moskva shahridagi o‘zbek muhojirlari saqlanayotgan markaz haqida batafsil gapirib o‘tgan.

«17 dekabr holatiga markazda 180 nafar O‘zbekiston fuqarosi mavjud edi. Umuman olganda, bir oyda taxminan 3,5 ming atrofida odam yig‘ilarkan: chiqib ketadi, yana joylashtirishadi.

Biz ular bilan uchrashdik, suhbat qildik. Eng muammoli masalalardan birinchisi: pasporti yo‘q, yoki o‘zlari ataylab yo‘qotishgan. O‘zbekistonga ular so‘rovlar jo‘natdik deyishyapti. «Ularning O‘zbekiston fuqarolari ekani tasdiqlansa, biz chiqarib yuboramiz» deyishyapti.

Markazda saqlanayotgan o‘zbek muhojirlari tomonidan bildirilgan ikkinchi masala – Moskva shahridagi o‘zbekistonlik fuqarolar o‘z vatandoshlari, ya'ni o‘zbek migrantlaridan ishlash, yashash uchun ruxsatnoma qilib berish va ko‘plab boshqa sabablarni keltirgan holda pul olib, ularni aldashmoqda. Bunday fuqarolar ham huquqni muhofaza qilish xodimlari tomonidan ana shu yerga joylashtirilyapti.

Markazda saqlanayotgan yana bir toifadagi shaxslar – Moskva sudining ko‘rsatmasi bilan jarima to‘lashi kerak, biroq uni to‘lash uchun pullari yo‘q bo‘lgan fuqarolar. Markazdagilardan so‘rasak, «Qachon jarima pulini to‘lasa, chiqarib yuboramiz» deyishyapti. Qaytib kelib, Ichki ishlar vazirligiga [mazkur masalani] kiritdik.

U yerdagi 180 nafardan 5 nafari 1 yildan ortiq ushlab turilibdi. Bir yildan beri o‘sha joyda, xuddi qamoqxonadek. Lekin ular na chiqib keta oladi, na ularni jo‘natib yubora olishadi. Biz bu bo‘yicha Ichki ishlar vaziriga [xat] kiritib, bir qism fuqarolarga pasportini tezroq hal qilish va jo‘natib yuborishni so‘radik», – dedi Ulug‘bek Muhammadiyev.

Inson huquqlari bo‘yicha vakil Rossiyada chegaradan o‘tish jarayonida kuzatilayotgan muammoga ham to‘xtaldi. Unga ko‘ra, O‘zbekiston fuqarolari ikki xil – yashil va qizil pasport sababli chegarada bir soatgacha ushlab qolinyapti va savol-javob qilinyati.

Muammoning yechimi sifatida Ombudsman Ichki ishlar va Tashqi ishlar vazirliklaridan Rossiya hukumatiga O‘zbekistonda ikki xil (yashil va qizil pasportlar) mavjudligi haqida rasmiy hujjat kiritish haqida so‘radi va ularga [Rossiya tomoniga] ma'lumot berish kerakligini aytdi.

Ombudsman, shuningdek, Rossiyadagi o‘zbek migrantlariga davlat tomonidan aviachiptalar sotib olinib, ularning vatanga yuborilishi uchun qancha mablag‘ sarflanayotgani bo‘yicha hisob-kitoblar mavjudmi, deya komissiya a'zolariga murojaat qildi. 

«Bu mablag‘larning o‘rniga biror-bir zavod qurib, ishchi kuchini shu yerda yaratsak bo‘lmaydimi, degan savol tug‘ilyapti. Chunki 3,5 ming nafar – bu faqat Moskva shahriga boruvchilar xolos. Yana Rossiyaning boshqa hududlarida ham [bunday markazlar] bor. Hammasiga aviachipta olib jo‘natyapti – juda ham katta mablag‘. Buni ham ko‘rib chiqish kerak», – deb ta'kidladi Ulug‘bek Muhammadiyev.

Eslatib o‘tamiz, kecha Kun.uz Sankt-Peterburgdagi Migrantlarni vaqtincha saqlash markazi haqida batafsil maqola e'lon qilgan edi.

Avvalroq O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirining birinchi o‘rinbosari Ilhom Ne'matov shu masalada munosabat bildirib, «3 yil oldin bu bilan hech kim shug‘ullanmagan»ini aytgandi.

Mavzu
Migrantlar fojiasi
Xorijda mehnat qiluvchi o‘zbekistonliklar turli baxsiz hodisalar oqibatida halok bo‘lishi holatlari davom etmoqda
Barchasi
Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top