13:40 / 30.12.2019
0
24149

«Perevod net!» - Odamlar banklarda xalqaro pul o‘tkazmalari ishlamayotganidan norozi bo‘lishmoqda

Bugun, 30 dekabr kuni bir bir necha nafar fuqaro Kun.uz tahririyatiga qo‘ng‘iroq qilib, banklarda xalqaro pul o‘tkazmalari ishlamayotgani, ko‘pchilik sarson bo‘lib uyga quruq qaytayotgani haqida murojaat qilishdi.

Vaziyatga aniqlik kiritish maqsadida Samarqand shahrida joylashgan bir nechta bankda bo‘ldik.

«Aloqabank» Samarqand filialida bo‘lib bank xodimlariga xalqaro pul o‘tkazmasi masalasida uchrashganimizda bu xizmat 26 dekabrdan buyon ishlamayotganini ma'lum qilishdi.

Yangi yil oldi bu masalada kelayotgan fuqarolar soni ko‘pligi uchun bo‘lsa kerak quyidagi e'lon ham osib qo‘yilgan:

E'londa ko‘zda tutilgan «2019 yilni muvaffaqiyat bilan yakunlash maqsadida» deganda nima nazarda tutilgan? Agar bu zarur vaqtda fuqarolarga kerakli xizmat ko‘rsatmaslik evaziga qandaydir natijaga erishish bo‘lsa, buni aksincha, katta muvaffaqiyatsizlik deb baholash mumkin. Sababi shundoqqina bank tashqarisida pul o‘tkazmalari ishlamayotgani uchun «endi uydagilarga nima deyman?» deb o‘tirgan mijoz bankdan rozi bo‘lmasligi aniq.

Nurobod tumanidan kelgan fuqarolardan biri Milliy bank viloyat bo‘limida ham xuddi shu ahvol ekanini aytdi.

Bu bankda bo‘lganimizda xodimlar xalqaro pul o‘tkazmalari ishlamayotganini ma'lum qilib, qo‘limizga quyidagi qog‘ozni tutqazishdi:

Milliy bank viloyat filiali mas'ullari esa muammoni inkor etishdi. Ular xalqaro pul o‘tkazmalari ishlayotgani haqida aytishdi.

Qiziq holat shuki, fuqarolar bu bankda xalqaro pul o‘tkazmalari ishlamayotganidan norozi, ular pul ololmayapti, bank xodimi «Perevod net!» deb yozilgan e'lonni o‘z qo‘li bilan bermoqda, Samarqand viloyat Markaziy bank bosh boshqarmasi vakili ham Milliy bank viloyat bo‘limidan 27 dekabrdan buyon xalqaro pul o‘tkazmalari ishlamayotganini tasdiqladi. Ammo bank rahbari «ishlayapti!» degan gapida sobit. Mijozlarning pul berasizlarmi degan gapiga «kodi bizning manzilga to‘g‘ri kelsa bo‘ldi», deb turibdi. Tushunarsiz holat.

Markaziy bank Samarqand viloyat bosh boshqarmasi vakili vaziyatga aniqlik kiritdi.

«Haqiqatan ham viloyatdagi 18 bankdan 13tasida ayni vaqtda xalqaro pul o‘tkazmalari ishlamayapti. Ammo bu aynan banklar tashabbusi bilan emas, balki biz bilan pul o‘tkazmalari bo‘yicha ishlovchi xalqaro kompaniyalar tashabbusi bilan amalga oshmoqda. Shu bilan birga, Samarqand shahridagi beshta bankda xalqaro pul o‘tkazmalari hozir ham ishlayotganini ma'lum qilamiz», — dedi Markaziy bank viloyat bosh boshqarmasi vakili U.Bekov.

Darhaqiqat Samarqand shahridagi «Oriyent finans bank»da mazkur xizmat ishlab turibdi. Boshqa ko‘pgina banklarda ishlamayotgani uchun bo‘lsa kerak ulkan navbat yuzaga kelgan.

Mijozlardan biri ertalab soat 9:30da kelib navbatga 116-bo‘lib yozilgani, soat 12:00da ham hamon navbatini kutayotganini bildirdi.

«Hamkorbank» Samarqand filialida ham xuddi shunday navbat kuzatish mumkin.

Pul o‘tkazmalari ishlayotgan sanoqli banklarda navbat qanchalik katta bo‘lishidan qat'i nazar odamlar bankdan pul olish ilinjida.

Anvar MUSTAFOQULOV,
Kun.uz muxbiri

Mavzu
Kun.uz surishtiruvi
Kun.uz xalq murojaatlari asosida joylarda bo‘lib, muammolarni o‘rganmoqda va xolisona yoritmoqda.
Barchasi
Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top