14:40 / 30.12.2019
0
6961
Shavkat Mirziyoyev va Nursulton Nazarboyev telefon orqali muloqot qildi
Foto: RIA Novosti

O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyev 30 dekabr kuni Qozog‘iston Respublikasining birinchi prezidenti - Elboshi Nursulton Nazarboyev bilan telefon orqali muloqot qildi.

Prezident matbuot xizmati xabariga ko‘ra, Shavkat Mirziyoyev va Nursulton Nazarboyev kirib kelayotgan yangi - 2020 yil munosabati bilan bir-birlarini samimiy qutlab, ezgu tilaklarini izhor qildilar.

Yakuniga yetayotgan yilda O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘rtasidagi ko‘p asrlik do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik va strategik sheriklik munosabatlarini mustahkamlashda muhim natijalarga erishilgani ta'kidlandi.

O‘zaro tovar ayirboshlash hajmi izchil ortib bormoqda, sanoat va transport sohalaridagi kooperatsiya kengaymoqda, hududlararo va gumanitar aloqalar faollashdi. O‘zbekistonda Qozog‘iston yili doirasidagi tadbirlar muvaffaqiyatli o‘tkazildi.

Joriy yilning noyabr oyida Toshkent shahrida o‘tgan Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlari ikkinchi Maslahat uchrashuvining samarali natijalari katta mamnuniyat bilan qayd etildi.

Ikki tomonlama hamkorlikka oid, mintaqaviy va xalqaro ahamiyatga molik dolzarb masalalar yuzasidan fikr almashildi.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top