18:50 / 30.12.2019
3
26561

Toshkent viloyatida 18 yoshli yigit pirotexnika portlashidan jiddiy jarohat oldi. Uning qo‘li operatsiya qilindi

Sog‘liqni saqlash vazirligi Toshkent viloyatida 18 yoshli yigit pirotexnika portlashi oqibatida jiddiy jarohat olgani, u Toshkent shahriga olib kelinib, qo‘li jarrohlik amaliyotidan o‘tkazilgani haqida ma'lumot berdi.

«So‘nggi yillarda huquq-tartibot va sog‘liqni saqlash xodimlari tomonidan olib borilgan sa'y-harakatlar natijasida pirotexnik vositalari oqibatida kelib chiqadigan jarohatlanishlar kamaymoqda. Shunga qaramay, Yangi yil arafasida pirotexnika vositalaridan jarohatlanish holatlari uchrab turibdi.

Jumladan, bundan bir muddat avval Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markaziga pirotexnika vositasi portlashi natijasida yuz va qo‘llari uchinchi darajali kuyish jarohati olgan 10 yoshli, sirdaryolik Komiljon yotqizilgan edi.

Bugun esa Toshkent viloyati O‘rta Chirchiq tumani «Qumovul» QFYda yashovchi, 2002 yilda tug‘ilgan S. A. o‘z uyida pirotexnika vositasi qo‘lida portlashi oqibatida jiddiy jarohat oldi.

Shundan so‘ng u zudlik bilan tuman tibbiyot birlashmasiga olib kelinib, birinchi tibbiy yordam ko‘rsatilgan. Ammo olgan jarohatining jiddiyligini hisobga olib, tezkor ravishda «tez yordam» mashinasida Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi viloyat filialining jonlantirish bo‘limiga «Chap qo‘l panja sohasida katta hajmli ezilib, yirtilgan jarohati. To‘rtinchi va beshinchi barmoqlar jarohati va tirnoq falangasining travmatik uzilishi» tashxisi bilan yotqizildi. Malakali shifokorlar shu zahotiyoq jarrohlik amaliyotini muvaffaqiyatli o‘tkazishdi. Ayni paytda davolash muolajalari davom etmoqda.

Darhaqiqat, pirotexnika vositalaridan foydalanish inson hayotiga jiddiy xavf tug‘dirishi, jumladan, tanadagi asoratlar uzoq yillar saqlanib qolishi mumkin. O‘tgan yillar davomida bunday noxush voqealar tufayli ko‘zlarning shikastlanishi oqibatida ko‘rish faoliyatining qisman yoki butunlay buzilishi, hatto asoratlari bemorlarning ruhiyatiga salbiy ta'sir ko‘rsatish holatlari ham ko‘p bor kuzatilgan.

Pirotexnika vositalaridan shikastlanishlar asosan maktab yoshidagi bolalarda kuzatilishini hisobga olsak, yoshi kattalar tomonidan qat'iy nazorat olib borilishi talab etiladi. Pirotexnik vositalari ta'sirida kuyish jarohati yuzaga kelgan holatlarda kuygan sohalarni sovuq suv bilan yuvish hamda kuygan sohalarga o‘zi bilmagan holda turli xil dori vositalarini ishlatmaslik zarur. Birinchi navbatda aseptik bog‘lam qo‘yib, tez tibbiy yordam xizmati yoki shifoxonalarning kuyganlar bo‘limiga murojaat qilinishi lozim.

Shu o‘rinda Sog‘liqni saqlash vazirligi aholiga, jumladan, ota-onalarga o‘z farzandlarini pirotexnika vositalaridan foydalanmaslikka, ularning sog‘lig‘i va hayotiga xavf tug‘diruvchi bunday xavfli xatarlardan ehtiyot bo‘lishlarini yana bir bor so‘rab qoladi», deyiladi Sog‘liqni saqlash vazirligi jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi xabarida.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top