13:15 / 31.12.2019
0
6765
Uzunliklarning ko‘p yillik orzusi amalga oshdi - bozorga eltuvchi yangi yo‘l ochildi

Yangi yil bayrami arafasida Surxondaryo viloyat hududiy yo‘llardan foydalanish bosh boshqarmasi yo‘lsozlari yana bir yirik bunyodkorlik loyihasini amalga oshirishdi.

30 dekabr kuni Uzun tumani markazidan o‘tuvchi O‘zbekiston shoh ko‘chasini  Bahoriston ko‘chasi bilan bog‘lovchi uzunligi qariyb 700 metr bo‘lgan zamonaviy ko‘rinishdagi yo‘l hamda Obizarang daryosi ustida barpo etilgan yangi ko‘prik foydalanishga topshirildi. Bu haqda Surxondaryo viloyat hokimligi axborot xizmati Kun.uz’ga ma'lum qilmoqda.

«Yo‘l va ko‘prik ochilishiga bag‘ishlangan tantanali tadbirda Surxondaryo viloyati hokimi To‘ra Bobolov, davlat va jamoat tashkilotlari, keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.

Tadbirda so‘zga chiqqanlar yangi yo‘l va ko‘prik aholiga qulaylik yaratishi, odamlarning uzog‘ini yaqin qilib, harakat xavfsizligini ta'minlashga xizmat qilishini ta'kidlashdi.

Tuman markazidagi O‘zbekiston shoh ko‘chasi hamda Bahoriston ko‘chasi o‘rtasidan temir yo‘l liniyasi o‘tgan bo‘lib, uning ustida qurilgan piyodalar yo‘l o‘tkazgichigina bu ikki hududni bir-biri bilan bog‘lab turardi. Qo‘shni hududga avtomobilda borish-kelish uchun 6,5 kilometrlik masofani bosib o‘tishga to‘g‘ri kelardi.

Bu masofani qisqartirish, aholiga qulaylik yaratish maqsadida temir yo‘l liniyasi ustidan yangi zamonaviy avtomobil yo‘li qurilishi boshlab yuborildi. Shu munosabat bilan buzilishga tushgan turar va noturar obektlarning tovon pullari to‘liq to‘langan holda boshqa joyga ko‘chirildi. Obzarang daryosi ustidan o‘tuvchi yangi ko‘prik qurildi.

Ushbu inshootlar qurilishida 500 nafardan ziyod ishchi-muhandis 100dan ortiq zamonaviy texnika va mexanizmlardan unumli foydalanib, ish sifatli yakunlandi. 8 milliard so‘mlik qurilish-montaj ishlari bajarildi. Zamonaviy yo‘lning ikki tomonida piyodalar uchun yo‘laklar barpo etilib, hudud obodonlashtirildi.

Hozirda hududlarni bog‘lash masofasi 600 metrni tashkil etib, uzog‘i yaqin, og‘iri yengil bo‘lganidan uzunliklar mamnun», — deyiladi hokimlik axborot xizmati xabarida.

Eslatib o‘tamiz, Uzun tumanidagi yangi dehqon bozorini tuman markazining qolgan qismi bilan bog‘lovchi yo‘l zaruriyati haqida Kun.uz saytida «Uzundagi xaridorsiz bozor: tadbirkorlar sarson, mutasaddilar esa muammoga yechim topish bilan band» sarlavhasi ostida tahliliy surishtiruv e'lon qilingan edi.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top