20:43 / 01.01.2020
0
77981
«Biz zarba berishga tayyormiz»: Xominaiy Trampga javob qaytardi

Eron oliy rahbari Oyatulloh Ali Xominaiy ma'lum qildiki, kimki mamlakat manfaatlariga tahdid qilgudek bo‘lsa, rasmiy Tehron javob zarbasi qaytaradi. Avvalroq AQSh prezidenti Donald Tramp Eronni amerikaliklarning Iroqdagi elchixonasiga uyushtirilgan hujumni tashkillashtirishda ayblagandi.

31 dekabr kuni AQShning Bag‘doddagi elchixonasida minglab kishilar yig‘ilib, amerikaliklarning shia ayirmachilari manzillari tomon yo‘llagan aviazarbalaridan norozilik bildirishdi. Namoyishchilar elchixona devorlarini buzib, ichkariga kirishgan.

Keyinroq Tramp tvitterida ushbu hujum ortida Eron turgani haqida bayonot berdi. U AQShning odamlari halok bo‘lsa yoki uning obektlariga zarar yetsa, Eronga «katta haq to‘lattirish»ga va'da bergan.

«Odamlar halok bo‘lsa yoki binolarimizga shikast yetsa, barcha mas'uliyat Eron zimmasida bo‘ladi. Ular juda katta bahoda haq to‘lashadi!

Bu ogohlantirish emas, tahdid. Yangi yil bilan!», degan Tramp tvitterdagi sahifasida. Keyinroq jurnalistlar bilan muloqot vaqtida Tramp Eron bilan urush bo‘lishini istamasligini ham aytib o‘tgan.

1 yanvar kuni Ali Xominaiy bayonot bilan chiqdi va agar Eron chorlovni qabul qilsa va jangga kirishsa, buni qat'iylik bilan amalga oshirishini aytdi.

«Biz urushga intilmayapmiz, ammo biz Eron xalqi manfaatlarini, qadr-qimmati va shon-sharafini qattiq muhofaza qilamiz.

Agar kimdir bizga tahdid qilsa, biz ikkilanmasdan qarshi chiqamiz va javob zarbasini beramiz», degan u.

Chorshanba kuni Eron TIV ham AQShning Tehrondagi manfaatlarini ifodalovchi Shveytsariyadagi ishonchli vakilini chaqirtirdi. Eron hukumati u orqali «BMT nizomiga zid ish tutuvchi militarist» amerikalik mulozimlarga qarshi shikoyat bildirdi.

«AQSh hukumati asossiz ravishda boshqalarni ayblashning o‘rniga, boshqa xalqlar bilan qanday gaplashishni o‘rganishi va okkupatsion harakatlarini to‘xtatishi kerak», deyiladi Eron Tashqi ishlar vazirligi bayonotida.

Elchixona qamali

Seshanba kungi namoyishlar vaqtida namoyishchilar AQShning Bag‘doddagi elchixonasi hududidagi qo‘riqchilar postiga o‘t qo‘yishdi va diplomatik missiya hududiga bostirib kirishdi. Hududda tartib o‘rnatish uchun AQSh harbiy dengiz kuchlari piyodalari elchixona hududiga yuborildi.

Namoyishchilar «Amerikaga o‘lim», «Amerikaga yo‘q» deya hayqirishgan, elchixona tomon toshlar otishgan va AQSh bayrog‘ini yoqishgan.

Iroq politsiyasi avvaliga megafonlar orqali namoyishchilarni tarqalishga chaqirgan, keyin ko‘zdan yosh oqizuvchi granatalar qo‘llay boshlagan. Elchixona qo‘riqchilari ham shovqinli granatalar uloqtirishgan.

Avvaliga diplomatlar elchixona hududidan evakuatsiya qilingani haqida xabarlar tarqaldi. Ammo keyinroq AQSh davlat kotibi Maykl Pompeo Fox News telekanaliga bergan intervyusida, diplomatik missiyani evakuatsiya qilish rejalashtirilmagani, elchi Metyu Toller esa avvalroq ta'tilga chiqqani tufayli ayni vaqda Iroqda emasligini ma'lum qildi.

U shuningdek, Iroqdagi voqealar tufayli Sharqiy Yevropa va Markaziy Osiyoga rejalashtirgan turnesini kechiktirishga majbur bo‘ldi.

31 dekabr kuni kechga borib namoyishlar tindi. Bi-bi-si agentligining Iroq sog‘liqni saqlash xizmatidagi manbasiga ko‘ra, 50 nafarga yaqin kishi ko‘zdan yosh oqizuvchi gazdan jabrlangan holda shifokorlarga murojaat qilgan.

Pentagon rahbari Mark Esper elchixonaga hujumdan keyin AQSh hukumati hududga zudlik bilan 750 nafar askar jo‘natmoqchiligini ma'lum qildi.

Namoyishchilarni nima g‘azablantirdi?

Yakshanba kuni AQSh aviatsiyasi «Kataib Hizbulloh» shia jangari guruhining Suriya bilan chegaradagi Al-Qoim shahrida joylashgan lageriga hujum uyushtirdi, natijada kamida 25 kishi halok bo‘lib, 50dan ortiq kishi jarohatlandi.

Pentagon rasmiylariga ko‘ra, «mudofaa maqsadidagi zarbalar» Iroqdagi uchta va Suriyadagi ikkita pozitsiyaga yo‘llangan. Nishonlar qurol-yarog‘ omborlari, shuningdek guruh koalitsiya kuchlariga hujumlar uyushtirishda foydalanadigan kuzatuv punktlari bo‘lgan.

AQSh hukumati bu hujumlarni Kirkukdagi bazaga berilgan raketa zarbasiga javob deb atadi. O‘sha hujum oqibatida bir amerikalik harbiy halok bo‘lib, yana 4 harbiy jarohat olgandi.

Iroq bosh vaziri Odil Abdul-Mahdiy amerikaliklarning aviazarbalari mamlakat suverenitetiga tahdid ekani, bu Bag‘dod Vashington bilan munosabatlarni qayta ko‘rib chiqishiga olib kelishi mumkinligini aytib o‘tgan.

«Kataib Hizbulloh» rahbari AQShga qat'iy javob qaytarilishiga va'da bergan. Eron hukumati bu aviazarbalarni «terrorizm akti» deb atagan.

«Kataib Hizbulloh» - Iroq shialarining harbiylashgan guruhi bo‘lib 2007 yilda Eron qo‘llab-quvvatlovi bilan tashkil etilgan.

AQSh tomoni «Kataib Hizbulloh»ni Eron islom inqilobi qo‘riqchilari korpusi bilan qalin aloqa o‘rnatganlikda va Erondan yordam olib koalitsiya kuchlariga hujum uyushtirganlikda ayblaydi.

Amerika ma'muriyati Eron islom inqilobi qo‘riqchilari korpusini Yaqin Sharq hududida AQShga qarshi terrorchi guruhlar harakatlarini boshqaruv mexanizmi sifatida ko‘radi.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top