19:30 / 01.01.2020
0
21219
Zlatanning vorisi, yangi Neymar va Lempard bolalari. 2019 yildagi asosiy kashfiyotlar

Yosh va talantli futbolchilarni barcha yaxshi ko‘radi. Aynan ular tufayli futbol kelajagiga optimistik ruhda qarash mumkin. 2019 yilda Yevropa yashil maydonlarida o‘zini ko‘rsatgan quyidagi futbolchilar 2020 yilda ham muvaffaqiyatli o‘yin ko‘rsatishda davom etishiga shubha yo‘q.

Erling Holand, 19 yosh («Zalsburg»/«Borussiya» D)

Foto: © TF-Images / Contributor / / Getty Images Sport / Gettyimages.ru

Zlatan Ibrahimovich faoliyatini yakunlashga ulgurmay, unga munosib voris yetishib chiqdi. To‘g‘ri, Shvetsiyada emas, qo‘shni Norvegiyada. Bir yil muqaddam voyaga yetgan Erling Holand Avstriyaning «Zalsburg» klubi bilan shartnoma imzolagandi. Uning Chempionlar ligasidagi debyuti o‘ta muvaffaqiyatli kechdi — Holand guruh bosqichidagi qatorasiga 5ta o‘yinda gol urdi va bu borada Del Pero, Neymar, Ronaldu va Levandovski bilan tenglashib oldi.

Vunderkind barcha jabhalarda mohir: baland bo‘yli futbolchining tezligi ham, texnikasi ham yaxshi, maydonni ko‘rishi ham. Uni qo‘lga kiritish uchun «MYu» va «Yuventus» kabi gigantlar kurash olib borishdi, juda katta komissiya puli so‘ragan agent Mino Rayola esa ularni qiyin ahvolga tushirib qo‘ydi. Holand oldida qiyin tanlov edi, «Yuve» — superklub, Manchesterda esa futbolchini «Molde»daligida kashf qilgan vatandogi Sulsher ishlaydi.

Ammo yangi yilni 19 yoshli forvard nemis klubida boshlaydigan bo‘ldi — avstriyaliklar YeChLning guruh bosqichida qolib ketishdi va norvegiyalik futbolchisini haqiqiy yosh yulduzlar fabrikasi hisoblanadigan Dortmundning «Borussiya» klubiga berib yuborishdi.

Joau Felish, 20 yosh («Benfika»/«Atletiko»)

Foto: © REUTERS / Susana Vera

Yanvar oyi boshida «Benfika» boshqaruviga 43 yoshli mutaxassis Brunu Laji keldi. Uning birinchi qarori 19 yoshli Joau Felishni asosiy jamoada boshlang‘ich tarkibga qo‘yish bo‘ldi. Portugaliya futbolining yangi yulduzi ishonchni oqladi va mavsumning ikkinchi qismini haddan tashqari kuchli o‘tkazdi: «Sporting» va «Portu» kabi asosiy raqiblarga qarshi o‘yinlarda asosiy futbolchiga aylandi, Yevropa Ligasida «Ayntraxt» darvozasiga het-trik yo‘lladi va kattalar futbolidagi birinchi mavsumida 20 gol urdi. Yozda «Atletiko» hech ikkilanmasdan Felish uchun 126 million yevro sarfladi (futbolchi uchun raqobat kuchli edi) va Simeone jamoa o‘yinini aynan uning atrofida qurishga kirishdi.

Lautaro Martines, 22 yosh («Inter»)

Foto: © REUTERS / Daniele Mascolo

Argentinaning «Rasing» klubining sobiq to‘purari Italiyaga 2018 yil yozida kelgandi, ammo u faqatgina 2019 yilning fevralida, Mauro Ikardi rahbariyat bilan nizolashib qolgachgina «Inter»ning asosiy tarkibiga kira oldi. Yozda Martines Amerika Kubogida Argentina terma jamoasi safidagi eng yaxshi futbolchi bo‘ldi. Italiya A Seriyasining yangi mavsumini esa Lautaro «Inter»ning asosiy forvardi sifatida boshladi. Antonio Konte boshqaruvida yanada ochilgan hujumchi Chempionlar ligasida qatorasiga to‘rt o‘yinda raqiblar darvozasini ishg‘ol etdi va «Inter» tarixidagi bunday natija ko‘rsatgan to‘rtinchi futbolchiga aylandi (Krespo, Viyeri va Eto’odan keyin). Unga Yevropa grandlari, jumladan, «Kamp Nou»dagi o‘yinda undan gol qabul qilib olgan «Barselona» jiddiy qiziqa boshladi.

Rodrigo, 18 yosh («Santos»/«Real»)

Foto: © REUTERS / Juan Medina

Ispaniyaga yozda Braziliyadan kelgan Rodrigo tez orada ikki narsani isbotladi: u — 2013 yilda Florentino Peres qo‘lga kirita olmagan Neymardan kam emas,; u 2018 yili Madridga olib kelingan boshqa bir braziliyalik Vinisius Juniordan yaxshiroq. «Santos»ning sobiq futbolchisi La Ligadagi ilk golini debyut o‘yinida, maydonga tushishidan bir daqiqa o‘tar-o‘tmas nishonlashga musharraf bo‘ldi. Chempionlar ligasida «Galatasaroy»ga qarshi safar o‘yinida esa u het-trikni rasmiylashtirdi. Noyabr oyida u birinchi marta Braziliya milliy jamoasiga chaqirildi, holbuki u hali 19 yoshga ham to‘lmadi.

Ansu Fati, 17 yosh («Barselona»)

Foto: © Daisuke Nakashima / AFLO / Global Look Press

Avgust-sentabr oylarida Ernesto Valverde hujum chizig‘idagi asosiy futbolchilar jarohat olib safdan chiqqan vaqtda asosiy tarkibga 16 yoshli Ansu Fatini chaqirishga majbur bo‘lgandi. Barchasi kutilganidan a'lo bo‘ldi: «Osasuna» bilan o‘yinda Fati gol urdi va La Liga tarixidagi eng yosh gol urgan futbolchilar ro‘yxatida uchinchi bo‘ldi. Ikki hafta o‘tib «Barselona» tarbiyalanuvchisi boshlang‘ich tarkibda birinchi o‘yinini o‘tkazdi va bir gol urib, bir golga pas berdi. Faxriy hujumchilar jarohatini tuzatib safga qaytgach, Fati yana o‘rinbosarlar tarkibiga qaytdi, ammo Valverde uni vaqti vaqti bilan asosiy tarkib zayavkasiga kiritib turibdi.

Bu vunderkindning kelajagi haqida gapirishga hali erta, u hali juda yosh va hali juda ko‘p narsa o‘zgarib ketishi mumkin. Hozirda u haqida aniq aytish mumkin bo‘lgan gap – uning texnik imkoniyatlari yetakchi futbolchi bo‘lib yetishishi uchun yetarli. U to‘p bilan ajoyib harakatlana oladi, bir lahzada yuqori tezlik olishi mumkin, bo‘sh hududlarga ochilishni biladi va korpus bilan yaxshi ishlaydi. Kattalar futbolida u kutilmagan harakatlari bilan barchani hayron qoldirdi, «Valensiya» bilan o‘yinda u driblinglari bilan Vassning boshini aylantirib tashladi, «Osasuna» bilan o‘yinda qanotdan uzatilgan to‘pga raqib jarima maydoni markazida ochildi (buni hech kim kutmagandi) va boshi bilan gol urdi, «Inter»ga qarshi o‘yinda uzoq masofadan zarba berib g‘alaba goliga mualliflik qildi. Umuman, unda top-futbolchilarga xos barcha xislatlar mujassam.

Minamino, 24 yosh («Zalsburg»/«Liverpul»)

Foto: © REUTERS / Francois Lenoir

Mavsum kashfiyoti bo‘lgan «Zalsburg» klubi yana bir istiqbolli hujumchini jahon futboliga ko‘z-ko‘z qildi. Takumi Minamino – avvaliga markaziy hujumchi bo‘lgan ushbu yaponiyalik iqtidor «Zalsburg»dagi pressing maktabida pishdi va qanotlardan markazga to‘p bilan yorib o‘tishni o‘rgandi. Chempionlar ligasida o‘z jamoasiga qarshi o‘yinlarda uni diqqat bilan kuzatgan Yurgen Klopp esa unda ikkinchi Firminoni ko‘rdi va hayallamasdan uni arzimagan pul evaziga (uning shartnomasida 7,25 mln funt miqdoridagi tovon puli ko‘rsatilgandi) Angliyaga olib keldi. 

O‘zbek futboli muxlislariga 2010 yil Toshkentda o‘tkazilgan o‘smirlar o‘rtasidagi Osiyo chempionati orqali tanish bo‘lgan bu futbolchi (o‘shanda u turnir to‘purari bo‘lgandi) keyinroq 2012 yilda «Sereso Osaka» klubida kattalar futbolidagi faoliyatini boshladi, Yaponiyada mavsumning eng yaxshi yosh futbolchisi bo‘ldi, 2015 yilda esa «Red Bull Zalsburg»ga kelib, bu yerda 4 yil mobaynida 199 o‘yinda maydonga tushdi va 64 golga mualliflik qildi.

Joriy mavsum Takumi uchun har qachongidan omadli kechmoqda, Avstriyada mavsumning birinchi qismida u 14 o‘yinda 5 gol urib, 5 golga hammualliflik qildi, Chempionlar ligasida 6 o‘yinda 2 gol urib, 3 marta sheriklarini golli uzatma bilan ta'minladi.

Umuman, mersisaydliklar uni 2013 yilda, Yaponiyadaligidayoq kuzata boshlagan, Yurgen Kloppning avstriyaliklar klubi bilan yaqin aloqalari bu transfer nihoyat amalga oshishiga turtki bo‘lgan.

Takumi – tezkor va juda aqlli futbolchi, u hamisha kerakli joyda paydo bo‘ladi. Qolaversa, u jasur, yakkakurashlardan qochmaydi hamda to‘p bilan juda yaxshi muomala qiladi, to‘psiz harakatlanishda ham maydondagi eng yaxshilardan biri bo‘ladi – haqiqiy jamoaviy futbolchi. U jamoadoshlari uchun har qanday ishga tayyor.

Alfonso Devis, 19 yosh («Bavariya»)

Foto: © Xinhua / ZUMA Press / Global Look Press

Kanadiyalik futbolchi o‘tgan yilning yanvarida «Bavariya»ga qo‘shilganidayoq u kelajakda Frenk Riberi va Aren Robbenga munosib o‘rinbosar bo‘lishi uchun olib kelinganini aytishgandi. Ammo jarohatlar tufayli Niko Kovach nominal vinger bo‘lgan futbolchini chap qanot himoyachisi pozitsiyasiga qo‘yishga majbur bo‘ldi, Devis esa topshiriqni a'lo darajada uddaladi. Joriy mavsumda Bundesligada hech bir futbolchi u kabi ko‘p to‘pni olib qo‘ymagan. Alfonso hozircha asosiy tarkibning ajralmas futbolchisiga aylana olmadi, ammo u jamoa bilan ilk titullarini qo‘lga kiritib ulgurdi.

Skott Maktominey, 23 yosh («Manchester Yunayted»)

Foto: © JON OLAV NESVOLD, / mago-images.de / Global Look Press

Maktominey familiyasi avval ham «Yunayted» fanatlari orasida muhokama qilingan, ammo joriy mavsumga qadar uning jamoaga foydasi qanchalik ulkanligi haqida gapirishmasdi. Ole-Gunnar Sulsher 23 yoshli yarimhimoyachini almashtirib bo‘lmas deb atadi. U Pol Pogbaning yo‘qligini bilintirmadi va jamoaning asosiy yetakchisiga aylandi. O‘tgan mavsum bilan taqqoslaganda Maktominey barcha asosiy ko‘rsatkichlar bo‘yicha statistikasini yaxshiladi: to‘pni olib qo‘yish (bir o‘yinga o‘rtacha 1 o‘rniga 2,4), zarba berishdan avvalgi pas (0,1 o‘rniga 0,9) va muvaffaqiyatli aldab o‘tishlar (0,1 o‘rniga 1,5 ).

Dani Olmo, 21 yosh («Dinamo» Zagreb)

Foto: © Pixsell/MB Media / Contributor / Getty Images Sport / Gettyimages.ru

Ispaniyalik bu futbolchi noodatiy kareraga ega.  «Espanol» va «Barselona» klublari akademiyalaridagi tahsildan keyin u o‘yin amaliyotiga ega bo‘lish uchun 2014 yilda Zagrebning «Dinamo» klubiga yo‘l olgan. Texnikasi kuchli, yuqori tezlikka va kuchli zarbaga ega bo‘lgan bu yarimhimoyachi 2018 yilda Xorvatiyaning eng yaxshi futbolchisi sifatida e'tirof etilgandi. Joriy mavsumda esa u o‘zini jahonga tanitdi, YeChL guruh bosqichida «Siti» darvozasiga yo‘llagan golidan keyin uni top-klublar ko‘z ostiga olib qo‘ydi, qolaversa Ispaniya terma jamoasiga ilk marta chaqiruv oldi. Xorvatiya chempionatida 8 o‘yinda 2 gol va 3 golli uzatmaga, Chempionlar ligasida esa 5 gol va 4 golli uzatmaga (saralash bosqichi qo‘shib hisoblanganda) mualliflik qilgan futbolchi yil yakunlariga ko‘ra Xorvatiya chempionatidagi eng yaxshi yosh futbolchi va eng yaxshi futbolchi sifatida taqdirlandi. Bu mavsum u Xorvatiyada so‘nggi mavsumni o‘tkazayotgani aniq, umuman u qishdayoq klubini almashtirishi mumkin - unga «Atletiko», «Barselona», «Arsenal» va «Tottenhem» kabi jiddiy klublar qiziqishmoqda.

Olmoning transfer qiymati transfermarkt.de portaliga ko‘ra 30 mln yevroga baholangan.

Lempard bolalari: Abraham (22 yosh), Tomori (22 yosh), Maunt (20 yosh)

Odatda futbolchi sifatida muvaffaqiyat qozonganlarning murabbiylik faoliyati ko‘ngildagidek kechmaydi. Lempard esa qiyin damlarni boshdan kechirayotgan, transferlar taqiqiga uchragan «Chelsi» boshqaruviga kelishdan cho‘chimadi. London klubi o‘z ichki resurslaridan foydalangan holda barchani hayratga solib, asosan yoshlardan iborat tarkib bilan APLning kuchli to‘rtligidan muqim o‘rin egalladi hamda YeChLda pley-offga chiqdi. 2019 yilda Lempardning obro‘siga jiddiy zarar yetishi mumkin edi, ammo «Chelsi»ning sobiq sardori vaziyatdan omilkorlik bilan chiqib ketdi.

Unga bu borada quyidagi futbolchilar yordam berishdi.

Foto: Michael Regan/Getty Images

Meyson Maunt o‘tgan mavsumda ham Lempard qo‘li ostida to‘p surgan. «Derbi»da u asosiy tarkibga o‘tkazilgan, u Chempionshipda to‘purarlik salohiyatini namoyish etmagan bo‘lsada, jamoaning asosiy futbolchilaridan biriga aylangandi. U jamoadoshlari uchun vaziyatlar yaratardi (o‘rtacha har o‘yinga ikkita zarbadan oldingi pas), uzoqdan kuchli zarbalar berardi, dribling ishlatib to‘pni oldinga olib borar va kerakli joylarda kerak vaqtda ochilardi. Londonda ham shu ishni qilmoqda – faqat endi boshqa darajada. Mauntning asosiy fazilati: jamoaviy harakatni aniq anglash va aql bilan bu harakatga moslashish. Uni chap qanot vingeri sifatida ham, uch futbolchidan iborat yarimhimoya chizig‘ining chap qanotida ham maydonga tushirish mumkin, u bu holatda ham asosiy vinger Pulishichga xalaqit qilmaydi. Angliyalik futbolchilarga xos bo‘lmagan talant: odatda angliyaliklar pozitsiya tanlashda tartibga amal qilishmaydi. Ammo u tartibli o‘ynashni Lemparddan o‘rgangan. 

Foto: Michael Regan/Getty Images

O‘tgan mavsumda «Derbi Kaunti»da Lempard qo‘li ostida o‘ynagan yana bir futbolchi, 21 yoshli Fikayo Tomori markaziy himoyadagi harakatlari bilan jamoaning eng yaxshi futbolchisi sifatida tan olingandi. Keyin u Lempard bilan birga qadrdor «Chelsi»ga qaytdi va Ryudiger jarohat olgan vaqtda jamoa joniga oro kirdi. U Zuma bilan juftlikda katta ishlarni bajarmoqda: raqibni oldinroqda kutib oladi va yakkakurashlarga kirishadi, to‘pni hujum chizig‘iga yetkazib beradi. Avval jamoada bu vazifani Zuma bajarar edi – ammo uning doimiy xatolari Lempardni boshqa variant izlashga undadi. Tomori qiyin vazifani uddaladi va Zuma endi eng oxirgi himoyachi rolini bajarishga o‘tdi.

Tomori himoyachilar o‘rtasida raqibdan to‘pni olib qo‘yish borasida ikkinchi eng yaxshi ko‘rsatkichni (har o‘yinda o‘rtacha 2,3 marta) qayd etmoqda va himoyachilar orasida eng ko‘p pas berayotgan futbolchi bo‘lmoqda (har o‘yinda o‘rtacha 79,5). Noyabr oyida bu yosh futbolchi milliy jamoada debyut qildi, dekabrda klub bilan yangi besh yillik shartnomaga imzo chekdi.

Temmi Abraham ham o‘tgan mavsumda Chempionshipda edi. Natijasi: 25 gol, 3 assist va o‘rtacha 112 daqiqada bitta samarali harakat. APLda esa u yanada kamroq vaqt ichida ko‘proq natijaga erishmoqda: 94 daqiqada bitta gol yoki golli pas. Ammo sermahsullik – Abrahamga baho berishning yagona ko‘rsatkichi emas. Unga hujumlarni yakunlashda bo‘yi balandligi ham ustunlik beradi (ayniqsa bosh bilan o‘ynashda). Qolaversa, u top-hujumchi uchun kerak bo‘lgan boshqa funksiyalarni ham bajarmoqda: yaxshi ochiladi, hujum vaqtida himoyachilarni olib ketib, ularni to‘p bilan harakatlanayotgan futbolchi «yo‘lidan oladi». Uning baland bo‘yi «Chelsi» qanotdan uzatmalar oshirish orqali ham hujumni rivojlantirish imkoniyatini taqdim etadi, ammo uning eng yaxshi xususiyati vertikal paslar uzatilganida ofsayd chizig‘ida ochilishdir. Universalligi uni jamoaning almashtirib bo‘lmas hujumchisiga aylantirgan: Jiru yoki Batshuayi maydonda u qilayotgan ishlarning faqat bir qisminigina bajarishi mumkin.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top