13:20 / 02.01.2020
0
21773

Artetaning ilk g‘alabasi, Mourino tomoshasi va eronlik hujumchining supergoli. APLda tur voqealari

1 yanvar kuni Angliya premer-ligasida 9ta o‘yin bo‘lib o‘tdi. Quyida turning asosiy va qiziqarli voqealari keltirib o‘tiladi.

«MYu» «Arsenal»ga yutqazdi

«Arsenal» — «Manchester Yunayted» — 2:0 (2:0)
Gollar: Pepe, 8 (1:0). Papastatopulos, 42 (2:0).

O‘yindan oldin hamma Ole Gunnar Sulsherning Pogba yana jarohat olgani haqidagi gaplarini muhokama qildi: «Pol jarohatlandi, unda yana boldir suyagi bilan to‘piq suyagini bog‘lovchi bo‘g‘inda jarohat qaytalangan, biz uni yana bir necha hafta mobaynida maydonda ko‘rmasligimiz aniq». Lekin «Manchester Yunayted» bosh murabbiyi bir necha kun oldin fransuz futbolchisi «Arsenal»ga qarshi o‘yinga tayyorlanayotgani haqida aytgandi. BT Sport telekanalida ekspert bo‘lib ishlayotgan Robin van Persi efirda bu vaziyatni sirli holat deb atadi. OAVda ancha vaqtdan buyon Pogba ketish haqida o‘ylayotgani aytiladi, shu tufayli u maydonga tushmayotganining boshqa sabablari borligi haqidagi shubhalar paydo bo‘lmoqda.

«Arsenal»da ham tarkib borasida barchasi joyida emasdi, lekin Artetaning baxtiga ushbu uchrashuv arafasida Kolashinats tiklandi (to‘g‘ri, u ikkinchi bo‘limda jarohat olib almashtirildi) va Chaka ham maydonga qaytdi. Birinchi marta boshlang‘ich tarkibda Obameyang, Lyakazett, Pepe va O‘zil birgalikda harakat qildi. 4-2-3-1 sxemasida Obameyang hujumning chap qanotidan, Lyakazett markazda, Pepe o‘ngda, O‘zil esa markaziy hujumchi ortida joy oldi. Natijada «Arsenal» Arteta boshqaruvida birinchi marta g‘alaba qozondi.

Yangi bosh murabbiy boshchiligidagi o‘sish yaqqol ko‘rinib turibdi. Londonliklar xotirjam harakat qilishmoqda, O‘zil, Chaka va Lukas Torreyra yana avvalgidek o‘ynay boshladi, David Luis esa bu oqshomda butunlay boshqa futbolchiga aylandi. Ayniqsa bu o‘yinda Pepe haqiqiy salohiyatini namoyish eta oldi, u o‘yin davomida biror marta noaniq pas bermadi va to‘rt marta golli vaziyat yaratdi ikki golda ham ishtirok etdi: birinchi golni o‘zi urdi, ikkinchi gol ivuarlik futbolchi burchakdan to‘p uzatgan vaziyatda Papastatopulos tomonidan urildi.

«Manchester Yunayted» esa maydonda juda zaif ko‘rindi va haqli ravishda mag‘lubiyatga uchradi. Birinchi bo‘limda jamoaning umuman o‘yini chiqmagach, Sulsher Lingardni va Jyeymsni maydondan olib, Grinvud va Pereyrani tushirdi, natijada mehmonlar ikkinchi bo‘limning birinchi qismida tashabbusni qo‘liga ola boshladi va bir necha yaxshi vaziyatlarga ega bo‘lishdi, ammo mezbonlar himoyada tartibli harakat qilishdi. Arteta o‘tgan turda «Chelsi»ga qarshi kechgan o‘yindan xulosa chiqargandi. Ikkinchi bo‘limning ikkinchi qismida murabbiy hujumdagi Pepeni maydondan oldi va nisbatan orqaroqda harakatlanuvchi Nelsonni tushirdi, ushbu futbolchi o‘zining 13ta pasidan 8tasini orqaga uzatgani ham o‘yin tempini tushirish uchun maydonga tashlanganini anglatadi, o‘yin davomida Obameyang bilan raqib himoyachilarini charchatgan va nihoyat o‘zi ham charchagan Kolashinats o‘rnini esa Saka egalladi, keyinroq Arteta g‘alabani saqlab qolish uchun yana bir yurish qildi - Lyakazett maydon markazini mustahkamlash uchun Genduziga almashtirildi.

Bu qarorlar jamoaga o‘yindagi tashabbusni qaytarmagan bo‘lsada, vaziyatni nazorat qilish imkonini berdi. «Arsenal» oktabr oyidan buyon ilk marta g‘alaba qozondi va turnir jadvalida 10-o‘ringa ko‘tarildi. Aftidan, jamoa Arteta boshqaruvida yangi davrni boshlamoqda.

«Chelsi» darvozasiga yil goli

«Brayton» — «Chelsi» — 1:1 (0:1)
Gollar: Aspilikueta, 10 (0:1). Jahonbaxsh, 84 (1:1).

Robin Gud bo‘lish navbati «Chelsi»ga. Ko‘klar so‘nggi besh turda «Tottenhem» va «Arsenal» jamoalarini safarda mag‘lub etdi, ammo o‘z uyida «Bornmut» hamda «Sauthempton»ga mag‘lub bo‘ldi. Endi esa jamoa «Brayton»ga safarda kechgan o‘yinda ochko ulashdi, qolaversa «chaykalar» bu o‘yinda g‘alabaga erishishlari ham mumkin edi — buning uchun vaziyatlar yetarli bo‘ldi.

Premer-liganing 2020 yildagi ilk goli Aspilikueta hisobiga yozildi, ammo bu o‘yinni boshqa voqea tufayli eslab qolishadi. O‘yinning 84-daqiqasida o‘yinga zaxiradan qo‘shilgan eronlik Alirizo Jahonbaxsh qaychi uslubidagi zarbasi bilan hisobni tenglashtirdi.

«Brayton» muxlislari yilning eng chiroyli goli bo‘lishga da'vogar golga guvoh bo‘lib, yangi yil uchun ajoyib sovg‘a olishdi.

Joze yutqazdi va shou uyushtirdi

«Sauthempton» — «Tottenhem» — 1:0 (1:0)
Gol: Ingz, 17.

Mourino «Tottenhem» boshqaruviga kelganiga 6 hafta bo‘ldi, ammo jamoa o‘yinida sezilarli o‘zgarishlar kuzatilgani yo‘q. Natijalar ham taassurot qoldirgulik emas — chorshanba kuni «shporlar» portugaliyalik mutaxassis boshchiligidagi 11-o‘yinni o‘tkazishdi va to‘rtinchi marta mag‘lub bo‘lishdi. Uning ustiga Keyn va Ndombele jarohat oldi.

O‘yindagi yagona gol «Sauthempton»ning joriy mavsumdagi eng asosiy to‘purari Denni Ingz tomonidan urildi. Gol chiroyli chiqdi, ammo asosiy e'tiborni baribir Mourino o‘ziga qarata oldi. Birinchidan, «Sauthempton» fanatlari Jozega qarata shunday tekstdagi qo‘shiqni kuylashdi: «Sen Pochettinoning oldida shunchaki tirraqisan».

Ikkinchidan, portugaliyalik mutaxassisning o‘zi ikkinchi bo‘limda shou uyushtirdi. Zerikib ketgan Mourino raqib murabbiylari shtabi oldiga borib, ularnig bloknotiga mo‘raladi. U muhim taktik detallarni ko‘ra olmagan bo‘lsada, uchrashuv bosh hakami Mayk Din uning harakatlarini ko‘rib turgandi va buning uchun uni sariq kartochka bilan jazoladi.

O‘yindan keyin «Tottenhem» bosh murabbiyi o‘z harakatiga izoh berdi: «Ha, men qo‘polligim uchun kartochkaga loyiq edi. Ammo men ahmoq yonidagi qo‘pol edim. Aynan nimalar dedimmi? Yomon so‘zlar aytdim. Bori shu».

Hozircha Mourino va «Sauthempton» murabbiyi o‘rtasida qanday gaplar bo‘lib o‘tgani ma'lum emas, ammo shunisi aniqki: Joze qaytdi!

Gvardiola Anchelottini yengdi

«Manchester Siti» — «Everton» — 2:1 (0:0)
Gollar: Gabriel Jyezus, 51 (1:0). Gabriel Jyezus, 58 (2:0). Risharlison, 71 (2:1).

«Biz chin dildan ishlashimiz, yaxshiroq o‘ynashimiz va duo qilishimiz kerak», — deya javob berdi Pep Gvardiola «Everton»ga qarshi o‘yin oldidan «Liverpul»ga qanday qilib yetib olish mumkinligi haqidagi savolga. «Manchester Siti» «irislar» ustidan g‘alaba qozonib, turnir jadvali peshqadami bilan farqni 11 ochkoga qisqartirdi, ammo mersisaydliklarda hali ikkita zaxira o‘yini bor. Jamoa 21-tur doirasida «Sheffild»ga qarshi o‘yinni bugun o‘tkazadi, shuningdek, klublar o‘rtasidagi jahon chempionati tufayli «Vest Hem»ga qarshi 18-turning qoldirilgan o‘yini 29 yanvar kuni bo‘lib o‘tishi belgilangan.

Anchelotti boshqaruvida o‘yinini topib borayotgan «Everton» jiddiy qarshilik ko‘rsatdi, ammo Gabriel Jyezusning dubli barchasini hal qildi.

«Manchester Siti»ning asosiy darvozaboni Ederson o‘yinni o‘tkazib yubordi, Klaudio Bravo esa darvozasi daxlsizligini saqlay olmadi. Risharlison bitta javob goli qaytardi, ammo «Everton»ga bu yetarli bo‘lmadi.

21-tur
«Norvich» — «Kristal Pelas» — 1:1 (1:0)
Gollar: Kantuell, 4 (1:0). Uikxem, 85 (1:1).

«Vest Hem» — «Bornmut» — 4:0 (3:0)
Gollar: Nobl, 17 (1:0). Alle, 25 (2:0). Nobl, 35 — penalti (3:0). Felipe Anderson, 66 (4:0).

«Byornli» — «Aston Villa» — 1:2 (0:2)
Gollar: Uesli, 27 (0:1). Grilish, 41 (0:2). Vud, 80 (1:2).

«Nyukasl» — «Lester» — 0:3 (0:2)
Gollar: Peres, 36 (0:1). Meddison, 39 (0:2). Chaudari, 87 (0:3).

«Uotford» — «Vulverhempton» — 2:1 (1:0)
Gollar: Deulofeu, 30 (1:0). Dukure, 49 (2:0). Pedru Netu, 60 (2:1).

Turnir jadvalidagi holat

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top