20:18 / 02.01.2020
0
85816
«Murodboy ishi» bo‘yicha tergov yakunlandi

Mirzamurod Yunusaliyev ham 2015 yilga qadar Ahmadning yugurdaklaridan bo‘lgan va xalq orasida, xuddi ustozi kabi - Murodboy nomini olgan.

O‘zbekiston Respublikasi DXX Tergov boshqarmasi tomonidan tergov qilingan Ahmadjon Tursunboyevga nisbatan jinoyat ishidan alohida ish yurituviga ajratib olingan, xalq orasida «Murodboy» nomi bilan tanilgan Mirzamurod Mirzarahimovich Yunusaliyevga nisbatan jinoyat ishi bo‘yicha olib borilgan dastlabki tergov harakatlari nihoyasiga yetdi. Bu haqda Ichki ishlar vazirligi Tergov departamenti Kun.uz’ xabar berdi.

2017 yil may oyidan qidiruvda bo‘lgan M.Yunusaliyev 2019 yil 27 aprel kuni qo‘lga olingan. U qidiruvdaligi bois harakatdan to‘xtatib qo‘yilgan jinoyat ishi qayta tiklanib, IIV huzuridagi Tergov departamentining ish yurituviga qabul qilib olingan.

Tergov harakatlari davomida aniqlanishicha, M.Yunusaliyev 2016 yil yanvar oyida «ERKIN AVTO DILLER» nomli mas'uliyati cheklangan jamiyatni ta'sis etib, fuqarolarning mol-mulkini qonunga xilof ravishda qo‘lga kiritish maqsadida, mazkur jamiyat faoliyatini niqob qilgan holda «moliyaviy piramida» deb nomlanuvchi iqtisodiy tuzilma tashkil etgan. Bu tuzilmaga o‘zining o‘nga yaqin jinoiy sheriklarini jalb qilib, ular yordamida 6636ta holatda 4000 nafarga yaqin fuqarolarni avtotransport vositalari, ko‘chmas mulk obektlari va naqd pullarini bir yil yoki 10 oy davomida ikki barobar qilib qaytarish haqida yolg‘on va'dalar berib, fuqarolarning jami 26 mln 870 ming 51 AQSh dollari va 18 milliard so‘m miqdordagi pul va boshqa mol-mulklarini firibgarlik yo‘li bilan qo‘lga kiritishgan.

Jinoyat ishi yuzasidan Toshkent viloyati Chinoz, Yangiyo‘l, Sirdaryo va Jizzax viloyatlarida tergov guruhi shtablari tashkil qilinib, jabrlanuvchilarni tergovga jalb qilish choralari ko‘rilgan.

Jinoyat ishi bo‘yicha qariyb 8 milliard so‘mlik 18ta ko‘chmas mulk obektlari (uy, choyxona, do‘kon binosi, noturar bino va inshootlar) xatlangan. Fuqarolarga tegishli 85ta yengil avtomashinalar ashyoviy dalil tariqasida olingan. Ushbu avtomashinalarning barchasi belgilangan tartibda baholanib, o‘z egalariga qaytarilgan.

Jinoyat ishi bo‘yicha M.Yunusaliyev va uning jinoiy sheriklariga eski tahrirdagi JKning 168-moddasi 3-qismi «a,v» bandlari bilan ayb e'lon qilinib, qamoq tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llangan. Hozirda mazkur jinoyat ishi bo‘yicha tergov harakatlari yakunlanib, sudga yuborish choralari ko‘rilmoqda.

Ma'lumot uchun, 1984 yilda Chinoz tumanida tug‘ilgan Mirzamurod Yunusaliyev ham 2015 yilga qadar Ahmadning yugurdaklaridan bo‘lgan va xalq orasida, xuddi ustozi kabi — Murodboy nomini olgandi.

2016 yilning yozida Ahmadjon Tursunboyev qo‘lga olinganida Mirzamurod Yunusaliyevga tegishli bo‘lgan avtomobil turar joylarida aholidan ikki hissa qaytarish va'dasi bilan olingan 100dan ortiq turli rusumdagi avtomobillar borligi aniqlangan, uning o‘zi yashash manzilidan qochib ketib, qidiruvga berilgandi.

2019 yilning yozida O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligi «Murodboy»dan jabrlangan fuqarolarga murojaat qilgan va tergov jarayonida ishtirok etishni so‘ragandi.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top