16:47 / 03.01.2020
1
23868
Andijonda qamalgan bloger sud qarori ustidan kassatsiya tartibida shikoyat berdi

Shu kunlarda Facebook ijtimoiy tarmog‘ida «Otabek Nuritdinov» taxallusi ostida voqea-hodisalarga o‘z munosabatini bildirib kelgan fuqaro Abdufatto Nuritdinov Andijon viloyat ma'muriy sudida tuhmat, haqorat va bezorilikda ayblanib 15 sutka ma'muriy qamoq bilan jazolanishi mavzusi keng muhokama qilinmoqda.

Oliy sud matbuot xizmati Kun.uz’ga ushbu ish bo‘yicha yangi ma'lumot berdi. Unga ko‘ra, bloger tayinlangan jazo ustidan kassatsiya tartibida shikoyat bergan.

«2019 yil 30 dekabr kuni Andijon viloyat ma'muriy sudining ochiq sud majlisida Asaka tuman ichki ishlar bo‘limi tomonidan fuqaro Abdufatto Nuritdinov (bloger Otabek Nuritdinov) ga oid O‘zbekiston Respublikasi Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 40-moddasi, 41-moddasi va 183-moddasi bilan yuritilgan ma'muriy ish ko‘rib chiqilgan.

Sud qaroriga ko‘ra, A.Nuritdinov Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 40-moddasi, 41-moddasi va 183-moddasida nazarda tutilgan huquqbuzarliklarni sodir etganlikda aybli deb topilib, unga Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 34-moddasi tartibida uzil-kesil o‘tash uchun 15 sutka ma'muriy qamoq jazosi tayinlangan.

2020 yil 3 yanvar kuni huquqbuzar A.Nuritdinov tomonidan Andijon viloyat ma'muriy sudiga shu sudning 2019 yil 30 dekabrdagi qarori ustidan kassatsiya tartibida shikoyat keltirilgan bo‘lib, ushbu shikoyat asosida A.Nuritdinovga oid ma'muriy ish viloyat sudining kassatsiya instansiyasida ko‘rish uchun rasmiylashtirildi.

Mazkur ma'muriy ishni kassatsiya tartibida ko‘rib chiqish bo‘yicha ochiq sud majlisi 2020 yil 4 yanvar kuni soat 11:00ga tayinlangan», deyiladi O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi matbuot xizmati rahbari Aziz Obidov tomonidan taqdim etilgan ma'lumotda.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top