11:07 / 03.01.2020
0
28225
Germaniya klubi Eldor Shomurodov uchun 15 million yevro bermoqchi
Foto: KUN.UZ

«Rostov» klubi to‘purari Eldor Shomurodov qishki transfer oynasida Rossiya Premer-ligasini tark etishi mumkin. Bu haqda «Sport-Ekspress» nashri xabar bermoqda.

«Rostov» klubi rahbariyati o‘z futbolchilariga xaridorlarning ko‘pligidan biroz hayron ham qolmoqda. Asosiy tarkibning deyarli barcha futbolchilariga boshqa klublar tomonidan qiziqish mavjud. Transfermarkt.de portalida futbolchilarning umumiy bahosi 39 milliondan 52 million yevrogacha o‘sgan.

 Dekabr oyida «Rostov» futbolchilari orasida eng ko‘p narxi o‘sgan futbolchi – Eldor Shomurodov bo‘ldi. Uning bahosi 2,5 milliondan 6,5 million yevroga ko‘tarildi.

Shomurodovning agenti sanalmish Qahhor Mo‘minovning aytishicha, yozda o‘zbekistonlik futbolchi uchun Germaniyaning «Shtutgart» klubi 10 million yevro taklif qilgan. Hozirga kelib esa, Bundesliganing yana bir klubidan og‘zaki taklif tushgan: «Shomurodovni 15 million yevroga qo‘yib yuborasizlarmi?» - deyiladi nashr xabarida.

GoSport.uz manbasi xabariga ko‘ra, gilzenkirxenliklar «Shalke 04» klubi o‘zbekistonlik hujumchini qishki transferlar oynasidayoq sotib olishni istamoqda.

Shu maqsadda klub Rossiya tomoniga barcha bonuslarni qo‘shib hisoblaganda 15 million yevro taklif qilgan. Unga ko‘ra, «Shalke» kelishuvga erishgan taqdirda dastlab 10 million yevro to‘laydi va qo‘shimcha bonuslar bilan yana 5 million yevroni «Rostov» hisobiga o‘tkazib beradi. Hozircha, «Rostov» vakillari bu taklifga aniq javob bermagan.

Ma'lumot uchun, Eldor Shomurodov ushbu mavsumda «Rostov» klubi safida Rossiya Premer-ligasida 19 o‘yinda 10ta gol va 4ta golli uzatmaga mualliflik qilgan.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top