20:07 / 04.01.2020
2
3103
2015–2019-yillarda har beshinchi qonun deputatlar tashabbusi bilan qabul qilingani ma'lum qilindi

Bugun, 4 yanvar kuni bo‘lib o‘tgan Oliy Majlis Qonunchilik palatasining uchinchi chaqiriqdagi faoliyatiga bag‘ishlangan tadbirda 2015–2019 yillarda quyi palatadan o‘tgan har beshinchi qonun deputatlar tashabbusi bilan qabul qilingani ma'lum qilindi.

Erkin Xolbo‘tayev / Foto : KUN.UZ

«O‘tgan chaqiriqlarda jami qabul qilingan qonunlarning bor-yo‘g‘i 4-5 foizi deputatlar tomonidan tashabbus qilingan bo‘lsa, uchinchi chaqiriqda qonunlarning 16,8 foizi Qonunchilik palatasi deputatlarining tashabbusi bilan qabul qilindi. Boshqacha aytganda, parlament quyi palatasi tomonidan qabul qilingan har beshta qonunning bittasi deputatlar tashabbusi bilan qabul qilingan. Deputatlarning joylardagi uchrashuvlari, nazorat-tahlil faoliyati davomida aniqlangan muammolarni bartaraf qilishga qaratilgan takliflar asosida ko‘plab yangi qonun loyihalari ishlab chiqilib, qabul qilindi. Bu o‘z navbatida nazorat-tahlil faoliyatining kuchayganidan dalolatdir», deya Erkin Xolbo‘tayevning so‘zlaridan iqtibos keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Tadbirda ma'lum qilinishicha, 2015–2019 yillarda 525 ta qonun qabul qilingan bo‘lib, shundan 288 tasi Vazirlar Mahkamasi, 88 tasi deputatlar, 53 tasi prezident, 51 tasi bosh prokuror, 40 tasi Oliy sud tashabbusi asosida parlament quyi palatasiga kiritilgan.

“Deputatlar tomonidan qachon qonun tashabbusi amalga oshiriladi? Qachonki parlament nazorati shaklida qonunlar ijrosi o‘rganilganda kamchiliklar aniqlangandan keyin deputatlar mazkur kamchiliklarni bartaraf etish maqsadida qonun tashabbusi vakolatidan foydalanishadi: u yoki bu qonunlarga o‘zgartirish kiritishadi yoki yaxlit yangi qonun loyihasini ishlab chiqishadi. Avvalgi chaqiriqda atigi 4 ta qonun deputlar tashabbusi asosida qabul qilingani, 2015–2019 yillarda bu ko‘rsatkich 88 taga ko‘tarilgani ham, deputatlar tomonidan o‘tkazilgan nazorat-tahlil tadbirlari yanayam kuchayganining tasdig‘idir”, deydi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi axborot xizmati rahbari Hojiakbar To‘laganov.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Jahongir Shirinovning aytishicha, joriy yilda parlament quyi palatasi tomonidan 177 ta qonun loyihasi ko‘rib chiqilgan. Bu ko‘rsatkich 2018 yilda 173, 2017 yilda 147, 2016 yilda 61, 2015 yilda 59 tani tashkil etgan.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top