14:22 / 04.01.2020
0
16196

Eronlik generalning o‘limidan keyin AQSh milliy jamoasi Qatardagi yig‘inini bekor qildi

Foto: AFP/Getty Images

Futbol bo‘yicha AQSh milliy jamoasi yanvar oyida Qatarda o‘tkazilishi rejalashtirilgan o‘quv-mashg‘ulot yig‘inini bekor qildi. Bu haqda mamlakat futbol federatsiyasi xabar bermoqda.

«Mintaqadagi keskin vaziyat tufayli AQSh milliy jamoasining yanvar oyida belgilangan Qatardagi o‘quv-mashg‘ulot yig‘ini noma'lum muddatga qoldirildi. Hozirda AQSh milliy jamoasining Kosta-Rikaga qarshi o‘yinga tayyorgarlik ko‘rishi uchun boshqa variantlar ko‘rib chiqilmoqda. Biz Qatar futbol assotsiatsiyasi bilan birga ushbu mehmondo‘st mamlakatga tashrifning yangi sanasini belgilab olamiz» - deyiladi tashkilot bayonotida.

Eslatib o‘tamiz, amerikaliklarning Qatardagi yig‘ini 5 yanvar kuni boshlanishi lozim edi. Ammo 3 yanvarga o‘tar kechasi «Al-Quds» maxsus bo‘linmasi qo‘mondoni general Qosim Sulaymoniy Iroq poytaxti Bag‘dodda AQSh harbiylari aviazarbasi oqibatida halok bo‘ldi. U shaxsan AQSh prezidenti Donald Trampning topshirig‘i bilan amalga oshirilgan operatsiya natijasida halok bo‘ldi.

Ma'lumot uchun, Qatar futbol assotsiatsiyasi o‘tgan yillar davomida Eron milliy jamoasiga moliyaviy ko‘mak bergani haqida xabarlar tarqalgandi.

Mavzu
Qosim Sulaymoniyning o‘ldirilishi
Eron tashqi siyosati bunyodkori, Yaqin Sharq bo‘yicha bosh strategi, Eron Islom inqilobi muhofazasi korpusi tarkibidagi «Kuds» maxsus bo‘linmasi qo‘mondoni Qosim Sulaymoniy Bag‘doddagi aeroportda AQSh prezidenti Donald Tramp farmoyishiga binoan o‘ldirildi.
Barchasi
Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top