19:00 / 04.01.2020
1
9761
Hukumatning parlamentdagi vakili hozirgacha tayinlanmagani aytildi
Foto: KUN.UZ

Vazirlar Mahkamasi shu paytgacha parlamentga vakolatli vakilini yubormagan. Bu haqda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Axborot va kommunikatsiya texnologiyalari masalalari qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Erkin Xolbo‘tayev 4 yanvar kuni bo‘lib o‘tgan Oliy Majlis Qonunchilik palatasining uchinchi chaqiriqdagi faoliyatiga bag‘ishlangan tadbirda aytib o‘tdi.

“Davlat dasturida Vazirlar Mahkamasining parlamentdagi vakili instituti joriy qilinishi belgilangan edi. Undan oldinroq ham bu bo‘yicha topshiriqlar bo‘lgandi. Deputatlar, jumladan men ham nima uchun shu paytgacha bu narsa joriy qilinmayotganiga hayronman. U hukumatning parlamentdagi vakili, vakil shu paytgacha nima uchun jo‘natilmaganini hukumatdan so‘rash kerak. Shu sababli buning sababini Vazirlar Mahkamasidan so‘rash kerak. Biz bu haqda qiziqqanimizda tayinli javob ololmadik”, deya Erkin Xolbo‘tayevning so‘zlaridan iqtibos keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

O‘zbekiston prezidentining 2017 yil 28 sentyabrdagi qarori bilan Vazirlar Mahkamasining Oliy Majlisdagi vakolatli vakili lavozimi joriy etilgan edi. Qarorga ko‘ra, vakolatli vakil O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi Ijro etuvchi apparatining tarkibiy bo‘linmalari, davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, mahalliy ijro hokimiyati organlarining O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarida ko‘rib chiqiladigan qonunlar va boshqa hujjat loyihalarini tayyorlashda o‘zaro yaqin hamkorligini ta'minlash, ularni Vazirlar Mahkamasi Ijro etuvchi apparatida ko‘rib chiqish, kelishish va axborot berish jarayonlarida ishtirok etishi, shuningdek, Vazirlar Mahkamasi Rayosati majlislarida qonunlar loyihalari, boshqa masalalarni muhokama etish va O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarida qonun loyihalarini (qonunlarni) ko‘rib chiqishda ishtirok etadigan Hukumat vakillari tarkibini shakllantirishda ishtirok etishi belgilangan.

Hukumatning parlamentdagi vakili Oliy Majlis palatalarida ko‘rib chiqiladigan qonun loyihalari, qonunlar, davlat dasturlari va boshqa masalalar yuzasidan Vazirlar Mahkamasining kelishilgan nuqtai nazarini ifoda etishi, bu orqali qonun chiqaruvchi va ijro hokimiyati o‘rtasidagi mustahkam ko‘prik bo‘lishi, vakolatli vakilni O‘zbekiston prezidenti bilan kelishilgan holda bosh vazir vakilni lavozimga tayinlash va lavozimdan ozod etish vakolatiga egaligi aytilgandi.

Prezident qarori bilan hukumatning parlamentdagi vakili instituti shtat jadvali tasdiqlangan, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi binosida unga xona ajratilishi va zarur uskunalar, kompyuter texnikasi, mebel, aloqa vositalari, jumladan, hukumat aloqasi va transport bilan ta'minlanishi belgilangan, bu topshiriqlar ijrosi bosh vazir Abdulla Aripov zimmasiga yuklatilgan. Biroq ma'lum bo‘lishicha, haligacha mazkur lavozimga kim tayinlangani parlamentdagilarga ma'lum emas.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top