16:35 / 04.01.2020
0
22295
Prokuratura Ishtixonda 10-sinf o‘quvchisi bilan sodir bo‘lgan holat yuzasidan ma'lumot berdi

2020 yil 3 yanvar kuni ijtimoiy tarmoqlarda videoyozuv tarqaldi. Unda Samarqand viloyati Ishtixon tumani 3-umumiy o‘rta ta'lim maktabi 10-sinf o‘quvchisi S.Q. 2019 yil 28 dekabr kuni maktab direktori o‘rinbosari uni turtib yuborganligi oqibatida ikkinchi qavatdan yerga yiqilib, tan jarohati olganligini bayon qilgan.

Ishtixon tuman prokuraturasining ma'lum qilishicha, 2019 yil 28 dekabr kuni soat 13:00larda voyaga yetmagan S.Q. tuman tibbiyot birlashmasining qabul bo‘limiga yopiq KsT, bosh miya chayqalishi, o‘ng bilak suyaklarining distal oxiridan yopiq sinib siljishi, chap chakka, chap yonoq va chap ko‘z atrofi yumshoq to‘qimasining lat yeyishi kabi tan jarohatlar bilan kelgan.

Shifokorlar tomonidan bemorga birinchi tibbiy yordam ko‘rsatilib, kasallik tarixi yuritilib, shifoxonaga yotqizilgan.

2020 yil 3 yanvar kuni voyaga yetmagan S.Q.ning otasi Ishtixon tumani IIB boshlig‘i nomiga farzandi tan jarohati olganligi holati yuzasidan ariza bilan murojaat qilgan.

Mazkur holat yuzasidan Ishtixon tumani IIB tomonidan tergov oldi tekshiruv harakatlari olib borilmoqda. 

Tekshirish harakatlari olib borilishi ustidan Samarqand viloyati prokuraturasi tomonidan nazoratga olingan.  

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top