19:40 / 05.01.2020
1
64010
Milliarderlarning tuhfalari: 2019 yilning eng saxiy boylari

Forbes milliarderlar ro‘yxati ishtirokchilari nafaqat boyishda, balki saxovatpeshalikda ham poyga o‘ynashmoqda – ular 2019 yilda ta'lim, tibbiyot va fan uchun yuz millionlab, ba'zan esa milliardlab dollarlarini ehson qilishdi.

Forbes 2019 yilda eng ko‘p xayriya qilgan o‘n nafar milliarderni e'lon qildi.

1. Azim Premji — $7,6 mlrd

Foto:Simon Dawson / Bloomberg via Getty Images

Hindistonlik IT-magnat Azim Premji bu yil juda yirik mablag‘ni xayriya qildi. U o‘zining Wipro Limited IT-kompaniyasidagi 7,6 mlrd dollarlik ulushini ta'lim ishlari bilan shug‘ullanuvchi Azim Premji xayriya jamg‘armasiga o‘tkazdi. Premjiga 1966 yilda otasining o‘simlik moyi ishlab chiqarish biznesi meros qolgan bo‘lib, u bu biznesni keyinchalik dasturiy mahsulotlar ishlab chiqaruvchi kompaniyaga aylantirgan. 2019 yilda kompaniya daromadi 8,5 mlrd dollarga yetdi.

2. Uorren Baffet — $3,6 mlrd

Foto: Christopher Goodney / Bloomberg via Getty Images

Uorren Baffet har yili o‘z boshqaruvi ostidagi Berkshire Hathaway aksiyalari orqali milliardlab dollarni xayriyaga sarflaydi. Baffet 2019 yil iyulda hayotidagi eng katta xayriyani amalga oshirdi: 3,6 mlrd dollarlik aksiyalar Bill va Melinda Geyts jamg‘armasi, Syuzan Tompson Baffet jamg‘armasi (uning marhuma xotini) va uch nafar o‘g‘li boshqaruvidagi Howard G. Buffett Foundation, Sherwood Foundation, NoVo Foundation fondlariga taqdim etildi. Forbes jurnalining hisob-kitoblariga ko‘ra, Baffet hayoti davomida 38 mlrd dollardan ortiq pulni xayriya uchun sarflagan.

3. Styuart va Linda Reznik — $750 mln

Foto: Michael Kovac / Getty Images for AFI

Yong‘oq va mevalar savdosi orqali boyigan kaliforniyalik milliarderlar Styuart va Linda Reznik sentyabrda iqlim o‘zgarishlari bo‘yicha tadqiqotlarni moliyalashtirish uchun Kaliforniya texnologiya institutiga 750 mln dollar ajratdi. Bu universitet tarixidagi eng yirik xayriyadir. CalTech maydoni 7 ming kvadrat metrni tashkil etuvchi «Reznik nomidagi ekologik resurslar markazi» binosini qurishni rejalashtirgan. Bodom va pista yetishtirish bilan shug‘ullanuvchi dunyodagi eng yirik Wonderful Co kompaniyasi boyligi 9 mlrd dollar bo‘lgan Rezniklarga tegishli.

4. T. Denni Senford — $350 mln

Foto: DR

Kredit kartalari chiqarish orqali boyib ketgan, 3,4 mlrd dollar mablag‘i bo‘lgan T. Denni Senford San-Diyegodagi milliy universitetga 350 mln dollarni ehson qildi. Universitet 2020 yil iyulidan Senford nomi bilan ataladi. 1971 yilda tashkil etilgan xususiy notijorat universiteti asosan farzandli, ishlaydigan yoki armiyada xizmat qilib kelgan yoshi katta talabalarni o‘qitadi. Senford hayoti davomida asosan sog‘liqni saqlash va ta'lim sohalariga qariyb 2 mlrd dollar xayriya qilgan.

4. Filip «Terri» Reygon va Syuzan Reygon — $200 mln

Foto: DR

Filip «Terri» Reygon va Syuzan Reygon vaksinalarni tadqiqot qilish markazini moliyalashtirish uchun Massachusets kasalxonasiga 200 mln dollar xayriya qildi. 2009 yilda Janubiy Afrikaga borib kelgan er-xotinlar OIVga qarshi vaksina yaratish uchun Massachusets kasalxonasi, Massachusets texnologiya instituti va Garvard ishtirokida Reygonlar nomidagi institutga asos soldi. Reygon kasalxonalar va banklarga katta hajmdagi ma'lumotlarni qayta ishlashda yordam beruvchi InterSystems dasturiy ta'minotini ishlab chiqib 2,6 mlrd dollar boylikka erishgan.

6. Stiven Shvarsman — $188 mln

Foto: Jason Alden / Bloomberg via Getty Images

Blackstone investitsion firmasi hammuassisi Stiven Shvarsman Oksford universitetiga 188 mln dollarni ehson qildi. Bu mablag‘ gumanitar fanlar, falsafa hamda yangi Oksford etika instituti joylashadigan Shvarsman nomidagi markazni moliyalashirish uchun ishlatiladi. Markazda shuningdek, 500 o‘rinli konsert zali va 250 o‘rinli ma'ruza zali ham quriladi. Boyligi 19,1 mlrd dollar bo‘lgan Shvarsman 2018 yil oktyabrda Massachusets texnologiya institutida kompyuter kolleji qurilishi uchun 350 mln dollar ajratgandi.

7. Jon M. Xansman oilasi — $150 mln

Foto: DR

Ximikatlar ishlab chiqarish orqali boyigan marhum milliarder Jon M. Xansman oilasi noyabrda Yuta universiteti talabalari hamda Yutadagi mahalliy qishloq aholisi uchun ruhiy salomatlik va ruhiy yordam sohasidagi tadqiqotlarni moliyalashtirishga 150 mln dollar ajratdi. Mablag‘ Xansman nomidagi ruhiy salomatlik institutini tashkil etish uchun sarflanadi hamda 15 yil davomida to‘lab beriladi.

8. Xansyorg Viss — $131 mln

Foto: DR

Tibbiyot jihozlari ishlab chiqarishdan boyigan shveysariyalik milliarder Xansyorg Viss iyunda Garvard universitetiga 131 mln dollarni ehson qildi. Bu mablag‘ 2009 yilda uning 125 mln dollari evaziga Garvard universiteti qoshida tashkil etilgan Viss nomidagi biomuhandislik sohasidagi ishlanmalar institutiga ajratildi. Viss 2018 yil oktyabrda New York Times gazetasida yerlar va okeanlarni asrash ishlari uchun o‘n yil davomida 1 mlrd dollar berishni rejalashtirganini ma'lum qildi. Viss 1963 tibbiy jihozlar ishlab chiqaruvchi Synthes kompaniyasiga asos solgan. U kompaniyasini 2012 yilda Johnson & Johnson kompaniyasiga 2,2 mlrd dollarga sotgan. Hozirda Vissning boyligi 6,3 mlrd dollar deb baholanadi.

9. Kennet Griffin — $125 mln

Foto: David Paul Morris / Bloomberg via Getty Images

Chikagoning eng boy kishisi, Citadel xej-fondi asoschisi Kennet Griffin Chikagodagi fan va sanoat muzeyiga 125 mln dollar xayriya qildi. Bu muzey 1933 yilda ochilganidan buyon olgan eng katta xayriya mablag‘idir. Muzey Kennet Griffin nomidagi fan va sanoat muzeyiga aylantiriladi. Griffinning boyligi 13 mlrd dollarni tashkil etadi.

10. Sendi va Joan Veyl — $109 mln

Foto: Michael Short / Bloomberg via Getty Images

Milliarder va filantrop Sendi va Joan Veyl noyabrda San-Fransiskodagi Kaliforniya universiteti, Berklidagi Kaliforniya universiteti va Vashington universiteti ishtirokidagi bosh miya kasalliklarini davolash yo‘llarini topishga qaratilgan tadqiqot loyihasi uchun 109 mln dollar ajratishdi. Boyligi 1 mlrd dollar bo‘lgan Sendi Veyl brokerlik firmasiga asos solgan va 1981 yilda uni American Express kompaniyasiga qariyb 1 mlrd dollarga sotgan. U 90-yillar oxirida Travelers va Citibank birlashishi hamda Citigroup vujudga kelishiga boshchilik qilgan, 2003 yilga qadar Citigroup bosh direktori lavozimini egallagan.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top