08:50 / 05.01.2020
0
2578
Tanqidga munosabat: Aqcha qishlog‘ida ichimlik suvi va elektr ta'minotidagi muammolar hal etildi

26 dekabr kuni Kun.uz saytida Andijon viloyati, Jalaquduq tumani, Aqcha qishlog‘idagi ichimlik suvi hamda elektr ta'minotidagi muammolar haqida «Aqchaliklarning simyog‘ochi va transformatori uchun aqcha yo‘qmi? Jalaquduqdagi 15 yillik muammo» sarlavhasi bilan tanqidiy-tahliliy maqola e'lon qilingan edi.

Jalaquduq tuman hokimligi, «Andijon hududiy elektr tarmoqlari» jamiyati, tuman «Suvoqova» korxonasi Aqcha mahallasidagi kamchiliklar bartaraf etilgani bo‘yicha ma'lumotlarni taqdim etdi. 

«Aqcha mahallasining toza ichimlik suvi bilan ta'minlash maqsadida «Vodiy kapital qurilish» MChJ tomonidan bir dona suv qudug‘i yangi qurilib, 5,1 km masofaga ichimlik suvi tarmog‘i tortilib, har bir ko‘chaga suv jo‘mraklarini o‘rnatish ishlari olib borildi.

30 dekabr kuniga aholi toza ichimlik suvi bilan ta'minlandi. Mahallaning ichimlik suvi bilan ta'minlanishi qishloq ahli uchun haqiqiy yangi yil sovg‘asi bo‘ldi», deyiladi tuman «Suvoqova» korxonasi tomonidan berilgan xabarda.

«Andijon hududiy elektr tarmoqlari korxonasi»AJ ham Aqcha mahallasida iste'molchilarni sifatli hamda uzliksiz elektr energiyasi bilan ta'minlash uchun barcha zaruriy choralar ko‘rilayotgani haqida ma'lumot taqdim etgan.

«Kun.uz sayti  orqali «Aqchaliklarning simyog‘ochi va transformatori uchun aqcha yuqmi? Jalaquduqdagi 15 yillik muammo»  sarlavhali tanqidiy maqolasi yuzasidan Jalaquduq tumani «Aqcha» mahalla fuqarolar yig‘iniga Andijon HETK rahbari, «Jalaquduq TETK» boshlig‘i hamda tuman hokimi ishtirokida ishchi guruh shakllantirilib, muammo joyiga borib o‘rganildi.

«Jalaquduq TETK» tomonidan «Aqcha» MFYda yashovchi aholining elektr energiyasi ta'minotini yaxshilash maqsadida bir dona KTP-63/10kVA quvvatli transformator o‘rnatilgan edi. 26-30 dekabr kunlari «Aqcha» MFY Andijon ko‘chasiga 10 dona beton tayanchlar o‘rnatildi, hamda kerakli traus, izolyatorlar bilan ta'minlanib, yangi tarmoqqa ulandi», deyiladi ma'lumotda.

Aqcha mahallasida yashovchi murojaatchi Zulunboy Mahkamov sayt bilan bog‘lanib, mahallaning barcha ko‘chalariga ichimlik suvi tortilgani va elektr ta'minotidagi muammolar hal bo‘lganini bildirdi.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top