23:49 / 05.01.2020
1
27480
Toshkent shahrining 2020 yilgi budjeti ma'lum qilindi 
Foto : KUN.UZ

Toshkent shahrining 2020 yilgi budjeti 3,5 trln so‘m miqdorida rejalashtirilgan. Bu haqda “Soliq plyus” nashriga Toshkent hokimligi matbuot xizmati ma'lum qildi.

Hokimlikda ma'lum qilinishicha, 2019 yilgi budjet yetarlilik qilgan. 

Ta'kidlanishicha, katta mablag‘ ijtimoiy sohaga va kapital qurilishga: yangi yo‘llar, shifoxonalar, bolalar bog‘chalari va maktablar qurishga sarflanmoqda. 

Ma'lum qilinishicha, poytaxt hokimligi shahar mulkini ijaraga berishdan har yili 20 mlrd so‘mdan ziyodroq daromad oladi.  

2019 yilda hokimlik tomonidan 15972 xonadonga ega 350 ta turarjoy binosi qurilgan. Qurilgan uylar soni 2018 yilga nisbatan 90 taga ko‘proqni tashkil qilgan. Bu uylar Sergeli tumanida ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalar va Yashnaobod tumanida harbiy xizmatchilar, yoshlar va Milliy gvardiya xodimlari uchun qurilgan.

Shuningdek, Toshkentda bo‘sh yer maydonlari yo‘qligi, faqatgina u yoki bu sub'yektlarga tegishli bo‘lgan va nosamarali foydalanilayotgan yoki umuman foydalanilmayotgan yer maydonlari borligi ma'lum qilingan. Bu yer maydonlari samaradorligini oshirish uchun turli dastur va loyihalar ishlab chiqilmoqda.  

2019 yilda poytaxtda “Yashil tashabbus” aksiyasi davomida hokimlik tomonidan 400 mingdan ko‘proq daraxt va buta ekilgan.

Ijtimoiy sohada ham bir qator ishlar amalga oshirilgan. Jumladan, 3 mingdan ko‘proq ayol va qizlar ish bilan, 859 nafar fuqaro turarjoy bilan ta'minlangan, og‘ir turmush tarziga ega fuqarolarga 449 ta texnika birligi berilgan.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top