21:43 / 06.01.2020
0
15444

Angliya nashri: «O‘zbekiston – 2019 yilning eng yaxshi boks mamlakati»

Sport bo‘yicha xorijning nufuzli nashrlaridan biri O‘zbekistonni «Yilning eng yaxshi boks mamlakati» deya e'tirof etdi. Bu haqda Jismoniy tarbiya va sport vazirligi matbuot xizmati xabar bermoqda.

«Angliyaning thefight-site.com sport sayti o‘z maqolasida havaskor boksda dunyoning eng yaxshi sportchilari va boshqa nominatsiyalar bo‘yicha kuchlilar nomini e'lon qildi.

E'tiborlisi, boks bo‘yicha turli yo‘nalishlarning g‘oliblari sifatida o‘zbekistonlik bokschilar e'tirofga sazovor bo‘lishdi.

Maqola muallifi Teylor Uxigginsning keltirishicha, «Yil bokschisi», deya Osiyo va jahon chempioni Mirazizbek Mirzaxalilov e'tirof etilgan bo‘lsa, undan keyingi o‘rinlarda kubalik Endi Kruz Gomes va Bahodir Jalolov nomlari qayd etilgan.

Jahon boksida «Qiziqarli janglar olib boruvchi» sifatida hamyurtimiz Abdumalik Halakov keltirilgan. «Yil nokauti» sifatida esa Bahodir Jalolovning Richard Torres ustidan qozongan g‘alabasi ko‘rsatilgan.

Maqola so‘ngida O‘zbekiston – «Yilning eng yaxshi boks mamlakati» deya e'tirof bilan yakunlangan» - deyiladi xabarda.

Eslatib o‘tamiz, 2019 yil Rossiyada o‘tgan boks bo‘yicha jahon chempionatida O‘zbekiston milliy jamoasi jami 5ta medal – 3ta oltin, bittadan kumush va bronza medallari bilan umumjamoa hisobida 1-o‘rinni qo‘lga kiritgandi.

Mavzuga oid
Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top