20:40 / 07.01.2020
1
44591
«AVTO 60 OY» MChJ bilan bog‘liq jinoyat ishining yangi tafsilotlari ma'lum qilindi

IIV Tergov departamenti mas'ul xodimi Adhamjon Abdullayev Kun.uz muxbiri bilan suhbatda «Avto oltmish oy» MChJ mansabdor shaxslariga nisbatan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi bilan bog‘liq qo‘shimcha tafsilotlarni ma'lum qildi.

«Tergov jarayonida aniqlanishicha, Jamshid Bahodirov o‘zining jinoiy sheriklari bilan oldindan til biriktirib, bir guruh bo‘lib, «Avto oltmish oy» va «Catalea Media» MChJ va YaTT «J.Baxodirov»ni tashkil etib, 3 oy muddat ichida O‘zbekistonda «UzAuto Motors» AJ tomonidan ishlab chiqarilgan avtomashinalarni yetkazib berishni va'da qilib, jami 18 mingdan ortiq fuqarolardan avtomashina rusumiga qarab, 1 mln so‘mdan 10 mln so‘mgacha bo‘lgan miqdorda pul olib, jami 57 mlrd so‘m mablag‘ni qo‘lga kiritgan.

2019 yil 21 oktabr kuni J.Bahodirovga nisbatan JKning 188-1-moddasi 3-qismi «a» bandi bilan ayblov e'lon qilinib, «qamoqqa olish» ehtiyot chorasi qo‘llangan.

«Avto oltmish oy» MChJ rahbari Jamshid Bahodirov

Bundan tashqari, 2019 yil 11 noyabr kuni ushbu jinoyatga aloqdor yana 3 nafar shaxsga nisbatan JKning 188-1-moddasi 3-qismi «a» bandi bilan ayb e'lon qilingan va ularga ham tegishli ehtiyot choralari tanlangan.

Jinoyat ishi yuzasidan o‘tkazilgan tintuv-tergov harakati davomida olingan kompyuter texnika vositalari, 3ta «Spark», 1ta «Treker», 1ta «Damas», 1ta «Lasetti» rusumli, jamiyat xodimlariga tegishli avtomashinalar, 28ta turli rusumdagi umumiy qiymati 2,1 mlrd so‘m bo‘lgan avtomashinalar xatlangan», – dedi Adham Abdullayev

Uning so‘zlariga ko‘ra, hozirgi kunga kelib jinoyat ishi yuzasidan jami 16 ming 800 nafar kishi so‘roq qilingan.

Ma'lum qilinishicha, yetkazilgan moddiy zarar hajmi 57 mlrd so‘mga teng. Shundan 44 mlrd so‘mi undirilgan (26,1 mlrd so‘mi naqd pul shaklida). Jami 17,9 mlrd so‘mlik mol-mulk xatlangan.

«Hozirda dastlabki tergov harakatlari davom ettirilmoqda va jinoyat ishi yakuniga ko‘ra OAV vakillari bilan uchrashuv (brifing) tashkil etiladi», – deya  qo‘shimcha qildi Tergov departamenti rasmiy vakili.

2019 yilning oktyabrida «Avto oltmish oy» MChJ mansabdor shaxslari va boshqalarga nisbatan Jinoyat kodeksining 188-1-moddasi 1-qismi (pul mablag‘larini va boshqa mol-mulkni jalb etishga doir noqonuniy faoliyat) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan edi.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top