13:40 / 07.01.2020
3
19146

Bloger Toshkent shahar kengashiga deputat bo‘ldi

«Adolat» sotsial demokratik partiyasi a'zosi, bloger Obidjon Latipov 2020 yil 5 yanvar kuni bo‘lib o‘tgan takroriy ovoz berish natijalariga ko‘ra 6-Cho‘ponota saylov okrugida g‘olib chiqdi va Xalq deputatlari Toshkent shahar Kengashiga deputat etib saylandi. Uning o‘zi Kun.uz muxbiriga bu haqda ma'lum qilgan.

Shu kunlarda Toshkent shahar saylov komissiyasida yig‘ilish o‘tkazilishi kutilmoqda. Yig‘ilishda deputatlikka saylanganlarga guvohnoma topshiriladi.

Shuningdek, «Adolat» sotsial demokratik partiyasida ham yangi deputatlar ishtirokida yig‘ilish o‘tkazilishi rejalashtirilgan.

«Shoh Med Center» xususiy klinikalar tarmog‘i bosh menejyeri hisoblangan Obidjon Latipov takroriy ovoz berishdagi raqibi - O‘zLiDeP vakili Mahmudjon Ortiqovni 36ta ovoz farqi bilan ortda qoldirgan (Obidjon Latipov — 785 ovoz, Mahmudjon Ortiqov — 749 ovoz).

Eslatib o‘tamiz, Obidjon Latipov ijtimoiy tarmoq orqali 22 dekabr kungi saylov vaqtida o‘z nomzodi qo‘yilgan okrugdagi uchastkalarda ro‘y bergan qoidabuzarliklar haqida ma'lumot bergan, Kun.uz’ga bergan intervyusida ham ayrim saylov uchastkalarida bir kishi tomonidan ko‘plab saylovchilar o‘rniga ovoz berishga urinish holatlari qayd etilgani, bundan tashqari, saylov uchastkalari mas'ullari bunday holatlarni tasvirga olishga qarshilik ko‘rsatishgani haqida aytib bergandi.

Bosh prokuror Nig‘matilla Yo‘ldoshev 23 dekabr kuni Xalqaro matbuot markazida o‘tkazilgan matbuot anjumanida Obidjon Latipov bilan bog‘liq hodisalar prokuratura organlari tomonidan o‘rganilishi, natijasi bo‘yicha nomzodga hamda ommaviy axborot vositalariga xabar qilinishini aytgandi.

Blogerning ma'lum qilishicha, bunday holatlarning bittasi bo‘yicha chora ko‘rilgan, aybdorlar ma'muriy javobgarlikka tortilib, ularga jarima qo‘llangan.

Mavzuga oid
Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top