16:49 / 07.01.2020
12
149213

DXX Chegara qo‘shinlari O‘zbekiston-Qirg‘iziston chegarasidagi voqea bo‘yicha bayonot berdi

Foto: Videodan kadr

O‘zbekiston va Qirg‘iziston chegarasining belgilanmagan qismida ikki davlat chegarachilari o‘rtasida nizo kelib chiqqani xabar berilgandi. Namangan viloyatining Pop yo‘nalishida sodir bo‘lgan voqea yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmati Chegara qo‘shinlari bayonot bilan chiqdi.

DXX Chegara qo‘shinlari matbuot xizmatining xabar qilishicha, joriy yil 6 yanvar kuni soat 13:30larda Namangan viloyati Pop tumanining Oq-Kurcha hududida o‘zbek chegarachilari davlat chegarasini buzgan shaxslarni payqashgan. Ular O‘zbekiston-Qirg‘iziston chegarasidan 1,5 km masofa ichkariga kirib kelib, 500taga yaqin mayda shoxli qoramolni o‘tlatib yurishgan.

O‘zbekiston Respublikasi chegarachilarining chegara buzilgan joyga yetib kelguniga qadar, qirg‘iz cho‘ponlar podaning katta qismini Qirg‘izistonning Jalolobod viloyati Ola-Buqa tumani Arab aholi punktiga olib o‘tishga ulgurgan. Podaning qolgan qismi ko‘rsatilgan hududda qolgan.

Yo‘nalish va erishilgan ikki tomonlama kelishuvlarga muvofiq, O‘zbekiston chegarachilari qoramol hamda qo‘shni davlat fuqarolarini Qirg‘iziston Respublikasi hududiga chiqarib yuborishdi.

Ushbu holat bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi va Qirg‘iziston Respublikasi chegara idoralari vakillari o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi, chegara hududi aholisi bilan tushuntirish ishlari olib borilmoqda, deyiladi ma'lumotda.

 

Mavzuga oid
Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top