15:04 / 07.01.2020
6
141940

Eronda general Sulaymoniyning dafn marosimi vaqtida 35 kishi halok bo‘ldi

Eronda general Qosim Sulaymoniyni dafn etish marosimi vaqtida yuzaga kelgan talato‘p oqibatida kamida 35 kishi halok bo‘ldi va 200ga yaqin kishi jarohatlandi. Bu haqda Eron davlat televideniyesiga asoslanib Associated Press xabar bergan.

Foto: Associated Press

Bugun marhum generalning ona shahri Kirmonda uni dafn etish marosimi o‘tkazilmoqda, marosimga o‘n minglab kishilar tashrif buyurgan.

«Afsuski, Kirmondagi dafn marosimi ishtirokchilari tiqilinch hosil qilishi oqibatida odamlar halok bo‘lishdi, jabrlanganlar tibbiy markazlarga olib borildi», - degan shahar tez tibbiy yordam xizmati rahbari.

Eron Islom inqilobi muhofizlari korpusi (IIMK)ning «Al-Quds» maxsus bo‘linmasi qo‘mondoni bo‘lgan general Qosim Sulaymoniy 3 yanvar kuni Iroqning Bag‘dod shahrida amerikalik harbiylar bergan aviazarba natijasida halok bo‘lgandi. O‘tgan kunlar mobaynida uning jasadi Ahvaz, Qum va Tehron shaharlari bo‘ylab aylantirildi va bugun Eron janubi-sharqida joylashgan Kirmon shahriga keltirildi.

Seshanba kuni Eronning ko‘plab shaharlarida marhum generalni xotirlash marosimlari o‘tkazilmoqda, shu bilan bir vaqtda AQShga qarshi namoyishlar bo‘lib o‘tmoqda. Sulaymoniyning portretlarini ko‘tarib ko‘chaga chiqqan namoyishchilar «Amerikaga o‘lim» va «Isroilga o‘lim» shiorlarini hayqirishmoqda.

Foto: Associated Press

Islom inqilobi muhofizlari korpusi qo‘mondoni general-mayor Husayn Salomiy Kirmondagi dafn marosimi chog‘ida Sulaymoniyning o‘limiga javob sifatida «Qo‘shma shtatlarni sevgan barchaga o‘t qo‘yish» bilan tahdid qildi.

Seshanba kuni Eron parlamenti bir ovozdan Amerika armiyasi va Pentagonni terrorchi tashkilotlarga tenglashtiruvchi qonun loyihasini qabul qildi

Eron oliy milliy xavfsizlik kengashi Qosim Sulaymoniyning o‘ldirilishi uchun AQShdan qasos olishning 13 xil variantini tayyorlagan.

AQSh hukumati Eron tashqi ishlar vaziri Javod Zarifga viza berishdan bosh tortdi. Vazir BMT Xavfsizlik kengashining 9 yanvar kuni Nyu-Yorkda o‘tkaziladigan yig‘ilishida ishtirok etmoqchi edi.

Mavzu
Qosim Sulaymoniyning o‘ldirilishi
Eron tashqi siyosati bunyodkori, Yaqin Sharq bo‘yicha bosh strategi, Eron Islom inqilobi muhofazasi korpusi tarkibidagi «Kuds» maxsus bo‘linmasi qo‘mondoni Qosim Sulaymoniy Bag‘doddagi aeroportda AQSh prezidenti Donald Tramp farmoyishiga binoan o‘ldirildi.
Barchasi
Mavzuga oid
Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top