10:34 / 07.01.2020
0
22419
O‘zbekistonda davlat boji nimalardan undirilishi aniq belgilandi
Foto: KUN.UZ

O‘zbekiston Respublikasi prezidenti “Davlat boji to‘g‘risida”gi qonunni imzoladi. Qonun Qonunchilik palatasi tomonidan 2019 yil 9 dekabrda qabul qilingan, Senat tomonidan 2019 yil 14 dekabrda ma'qullangan.

Davlat boji yuridik ahamiyatga molik harakatlarni amalga oshirganlik va (yoki) bunday harakatlar uchun vakolatli muassasalar va (yoki) mansabdor shaxslar tomonidan hujjatlar berganlik uchun undiriladigan majburiy to‘lovdir.

Davlat boji turlari jumlasiga quyidagilar ham kiradi:

O‘zbekiston Respublikasi konsullik muassasalari tomonidan konsullik harakatlarini amalga oshirganlik uchun to‘lanadigan konsullik yig‘imi;

ixtirolarga, foydali modellarga, sanoat namunalariga, seleksiya yutuqlariga, tovar belgilariga, xizmat ko‘rsatish belgilariga, tovar kelib chiqqan joy nomlariga, integral mikrosxemalar topologiyalariga huquqiy muhofaza berish bilan bog‘liq yuridik ahamiyatga molik harakatlarni amalga oshirganlik uchun to‘lanadigan patent boji.

Vakolatli muassasalarga va (yoki) mansabdor shaxslarga murojaat qilayotgan va o‘ziga nisbatan yuridik ahamiyatga molik harakat va (yoki) hujjatlar berish amalga oshiriladigan yuridik va jismoniy shaxslar davlat bojini to‘lovchilardir.

Davlat boji quyidagilardan undiriladi:

1) fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlarga beriladigan da'vo arizalaridan, davlat boshqaruvi organlarining, ma'muriy-huquqiy faoliyatni amalga oshirishga vakolatli bo‘lgan boshqa organlarning, fuqarolar o‘zini o‘zi boshqarish organlarining va ular mansabdor shaxslarining qarorlari, harakatlari (harakatsizligi) ustidan berilgan arizalardan (shikoyatlardan), alohida tartibda yuritiladigan ishlarga doir arizalardan, fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlarning hal qiluv qarorlari, ish yuritishni tugatish to‘g‘risidagi, da'voni ko‘rmasdan qoldirish to‘g‘risidagi, sud jarimalarini solish to‘g‘risidagi ajrimlar ustidan beriladigan apellyatsiya, kassatsiya shikoyatlaridan va nazorat tartibidagi shikoyatlardan, hakamlik sudining hal qiluv qarorlari yuzasidan nizolashish haqidagi arizalardan, hakamlik sudining hal qiluv qarorlarini majburiy ijro etish uchun ijro varaqasi berish to‘g‘risidagi arizalardan, hakamlik sudining hal qiluv qarorlari yuzasidan nizolashish haqidagi, hakamlik sudining hal qiluv qarorlarini majburiy ijro etish uchun ijro varaqasi berish to‘g‘risidagi ishlar yuzasidan fuqarolik ishlari bo‘yicha sud ajrimlari ustidan beriladigan apellyatsiya, kassatsiya shikoyatlaridan va nazorat tartibidagi shikoyatlardan, chet davlat sudining hamda chet davlat hakamlik sudining (arbitrajining) hal qiluv qarorini tan olish va ijroga qaratish haqidagi arizalardan, chet davlat sudining hamda chet davlat hakamlik sudining (arbitrajining) hal qiluv qarorini tan olish va ijroga qaratish to‘g‘risidagi ishlar yuzasidan fuqarolik ishlari bo‘yicha sud ajrimlari ustidan beriladigan apellyatsiya, kassatsiya shikoyatlaridan va nazorat tartibidagi shikoyatlardan, shuningdek fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlar tomonidan hujjatlarning dublikatlarini va ko‘chirma nusxalarini berganlik uchun;

2) iqtisodiy sudlarga beriladigan da'vo arizalaridan, tashkilotlarni va fuqarolarni bankrot deb topish to‘g‘risidagi arizalardan, nizo predmetiga nisbatan mustaqil talablar bilan arz qiluvchi uchinchi shaxs sifatida ishga kirishish haqidagi arizalardan, iqtisodiyot sohasida yuridik shaxslar va yakka tartibdagi tadbirkorlarning huquqlari yuzaga kelishi, o‘zgarishi yoki bekor bo‘lishi uchun ahamiyatga ega bo‘lgan faktlarni aniqlash to‘g‘risidagi arizalardan, iqtisodiy sudning hal qiluv qarorlari, ish yuritishni tugatish haqidagi, da'voni ko‘rmasdan qoldirish to‘g‘risidagi, sud jarimalarini solish haqidagi ajrimlar ustidan beriladigan apellyatsiya, kassatsiya va nazorat shikoyatlaridan, hakamlik sudining hal qiluv qarorlari yuzasidan nizolashish to‘g‘risidagi, hakamlik sudining hal qiluv qarorlarini majburiy ijro etish uchun ijro varaqasi berish haqidagi arizalardan, hakamlik sudining hal qiluv qarorlari yuzasidan nizolashish to‘g‘risidagi, hakamlik sudining hal qiluv qarorlarini majburiy ijro etish uchun ijro varaqasi berish haqidagi ishlar bo‘yicha iqtisodiy sud ajrimlari ustidan beriladigan apellyatsiya, kassatsiya va nazorat shikoyatlaridan, chet davlat sudining (arbitrajining) hal qiluv qarorini tan olish va ijroga qaratish to‘g‘risidagi arizalardan, chet davlat sudining (arbitrajining) hal qiluv qarorini tan olish va ijroga qaratish haqidagi ishlar bo‘yicha sud ajrimlari ustidan beriladigan apellyatsiya, kassatsiya va nazorat shikoyatlaridan, shuningdek iqtisodiy sudlar tomonidan hujjatlarning dublikatlarini va ko‘chirma nusxalarini berganlik uchun;

3) ma'muriy sudlarga beriladigan idoraviy normativ-huquqiy hujjatlar yuzasidan nizolashish to‘g‘risidagi arizalardan, davlat boshqaruvi organlarining, ma'muriy-huquqiy faoliyatni amalga oshirishga vakolatli bo‘lgan boshqa organlarning, fuqarolar o‘zini o‘zi boshqarish organlarining va ular mansabdor shaxslarining qarorlari, harakatlari (harakatsizligi) yuzasidan nizolashish to‘g‘risidagi, saylov komissiyalarining harakatlari (qarorlari) yuzasidan nizolashish haqidagi, notarial harakatni sodir etishni, fuqarolik holati dalolatnomalarining yozuvlarini qayd etishni rad etganlik yuzasidan nizolashish yoxud notariusning yoki fuqarolik holati dalolatnomalarini qayd etish organi mansabdor shaxsining harakatlari (harakatsizligi) yuzasidan nizolashish to‘g‘risidagi, davlat ro‘yxatidan o‘tkazishni rad etganlik yoxud belgilangan muddatda davlat ro‘yxatidan o‘tkazishdan bo‘yin tovlaganlik ustidan beriladigan shikoyatlardan, ma'muriy sudlarning hal qiluv qarorlari, ish yuritishni tugatish to‘g‘risidagi, da'voni ko‘rmasdan qoldirish haqidagi, sud jarimalarini solish to‘g‘risidagi ajrimlar ustidan beriladigan apellyatsiya, kassatsiya va nazorat shikoyatlaridan, shuningdek ma'muriy sudlar tomonidan hujjatlarning dublikatlarini va ko‘chirma nusxalarini berganlik uchun;

4) notariuslar va O‘zbekiston Respublikasining konsullari tomonidan notarial harakatlarni amalga oshirganlik uchun;

5) fuqarolik holati dalolatnomalarini qayd etganlik uchun, shuningdek fuqarolarga fuqarolik holati dalolatnomalari qayd etilganligi to‘g‘risida takroriy guvohnoma berganlik uchun hamda fuqarolik holati dalolatnomalari yozuviga o‘zgartishlar, qo‘shimchalar, tuzatishlar kiritilishi va uning qayta tiklanishi munosabati bilan guvohnoma berganlik uchun;

6) O‘zbekiston Respublikasi fuqarosining biometrik pasportini, shu jumladan chet elga chiqish uchun, shuningdek fuqaroligi bo‘lmagan shaxsning biometrik yo‘l hujjati berilganligi uchun, chet eldan O‘zbekiston Respublikasiga kirish huquqini beruvchi hujjatlarni, O‘zbekiston Respublikasiga taklif qilish to‘g‘risida hujjatlarni berganlik uchun, yashash guvohnomasini berganlik yoki uning muddatini uzaytirganlik uchun, shuningdek O‘zbekiston Respublikasi fuqaroligiga qabul qilish va O‘zbekiston Respublikasi fuqaroligidan chiqish to‘g‘risida beriladigan arizalardan, O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarini turar joyga qayd etganlik va ro‘yxatdan chiqarganlik, turgan joyi bo‘yicha hisobga olganlik uchun, shuningdek chet davlatlar fuqarolarini hamda fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarni turar joyga qayd etganlik va ro‘yxatdan chiqarganlik uchun;

7) yuridik shaxslarni va yakka tartibdagi tadbirkorlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazganlik uchun;

8) ov qilish huquqiga doir ruxsatnoma berganlik uchun;

9) ixtirolar, foydali modellar, sanoat namunalari, seleksiya yutuqlari, tovar belgilari, xizmat ko‘rsatish belgilari, tovar kelib chiqqan joy nomlari, integral mikrosxemalar topologiyalari, elektron hisoblash mashinalari uchun yaratilgan dasturlar va ma'lumotlar bazalarini huquqiy himoya qilish uchun;

10) chet ellik yuridik shaxslardan ko‘rgazma yuklarini rasmiylashtirganlik, chet ellik yuridik shaxslarga bojxona yuk deklaratsiyasi blanklarini realizatsiya qilganlik uchun;

11) xalqaro jamoat tashkilotlarini ro‘yxatga olganlik, nodavlat notijorat tashkilotlarini, shu jumladan diniy tashkilotlar, xalqaro va chet el nodavlat notijorat tashkilotlarining vakolatxonalari va filiallari xodimlarini, shuningdek ularning qaramog‘ida bo‘lgan oila a'zolarini akkreditatsiya qilganlik, maxsus ro‘yxatga olinishi kerak bo‘lgan mol-mulkni boshqa shaxsga berish shartnomalarini tasdiqlaganlik, baholanishi lozim bo‘lgan boshqa shartnomalarni tasdiqlaganlik, O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining chet ellik fuqarolar bilan nikohlarini, shuningdek chet ellik fuqarolarning o‘zaro nikohlarini ro‘yxatdan o‘tkazganlik, O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining chet ellik fuqarolar bilan hamda belgilangan tartibda bedarak yo‘qolgan yoki aqliy zaiflik yoki ruhiy kasallik tufayli muomalaga layoqatsiz deb topilgan shaxslar bilan yoki jinoyati uchun kamida uch yil muddatga ozodlikdan mahrum qilishga hukm qilingan shaxslar bilan nikohini bekor qilishni ro‘yxatdan o‘tkazganlik uchun;

12) chet ellik fuqarolarga va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarga kirish yoki kirish-chiqish vizalarini berganlik va ularning amal qilish muddatini uzaytirganlik, chet ellik fuqarolarga va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarga ko‘p martalik chiqish-kirish vizalarini rasmiylashtirganlik, chet ellik fuqarolar va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarni kirish vizasining amal qilish muddati davriga vaqtinchalik ro‘yxatdan o‘tkazganlik va vizaning amal qilish muddati uzaytirilgan davrda vaqtinchalik ro‘yxatdan o‘tkazishni uzaytirganlik uchun, MDHga a'zo davlatlar fuqarolarini, shuningdek fuqarolik haqida belgilari bo‘lmagan sobiq SSSR pasportlari bilan MDHga a'zo davlatlaridan kelgan shaxslarni vaqtinchalik ro‘yxatdan o‘tkazganlik, chet ellik fuqaroning, shu jumladan MDHga a'zo davlatlar fuqarosining yoki fuqaroligi bo‘lmagan shaxsning O‘zbekiston Respublikasida doimiy yashashga oid hujjatlarini ko‘rib chiqqanlik va rasmiylashtirganlik, chet ellik fuqaroga yoki fuqaroligi bo‘lmagan shaxsga pasport yoki uning o‘rnini bosuvchi hujjatning yo‘qolganligi haqidagi ma'lumotnomani berganlik uchun;

13) chet el tijorat tashkilotlari vakolatxonalarini akkreditatsiya qilganlik uchun;

14) faoliyatning ayrim turlarini amalga oshirishga doir litsenziyalar va ruxsatnomalar berganlik uchun.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top