03:08 / 08.01.2020
0
9759
Angliya Liga kubogi. «MYu» «Old Trafford»da «Siti»ga mag‘lub bo‘ldi
Foto: Getty Images

Angliya Liga kubogi dastlabki yarim final uchrashuvi doirasida «Manchester derbisi» o‘tkazildi. 

Shiddatli boshlangan o‘yinning dastlabki daqiqalaridan mehmonlar hujumga o‘tib, 17-daqiqada hisobni ochishdi. Bernardu Silva jarima maydoni tashqarisidan ajoyib zarbasi bilan De Xea qo‘riqlayotgan darvozaning «to‘qqizligi»ni nishonga oldi – 0:1.

Shu kuni Maguayrsiz to‘p surgan «MYu» himoyasi 33-daqiqada Mahrezni qarshi hujumda to‘xtata olmadi, u esa farqni ikkitaga yetkazdi – 0:2.

38-daqiqada esa katta sahnaga de Bryuyne chiqdi. Navbatdagi qarshi hujumda himoya chizig‘ini yorib o‘tgan Kevinning zarbasini De Xea qaytardi, qaytgan to‘p esa Pereyraga tegib, darvoza to‘ridan joy oldi – 0:3.

Ikkinchi bo‘limning 70-daqiqasiga kelib mezbonlar hisobni qisqartiruvchi golni kiritishdi. Grinvudning uzatmasidan keyin Reshford Bravo darvozasiga yo‘l topa bildi – 1:3.

O‘yin yakuniga qadar ikki tomon ham hisobni o‘zgartirish imkoniyatiga ega bo‘lsa-da, «Manchester Siti» javob uchrashuvidan oldin finalga chiqish uchun juda yaxshi imkoniyat hosil qildi.

7 yanvar (seshanba)
Angliya liga kubogi. 
Yarim final. Dastlabki uchrashuv.

Manchester Yunayted – Manchester Siti 1:3

Gollar: 0:1 – 17 Bernardu Silva, 0:2 – 33 Mahrez, 0:3 – 38, avtogol Pereyra, 1:3 – 70 Reshford.

Manchester Yunayted – De Xea, Uan-Bissaka, Uilyams, Lindelef, Djons, Lingard (Matich, 46), Fred, Pereyra, Jyeyms (Gomes, 64), Grinvud, Reshford.

Manchester Siti – Bravo, Uoker, Mendi, Otamendi, Bernardu Silva, Gyundogan, Sterling, de Bryuyne, Mahrez, Fernandino, Rodri Ernandes.

Ogohlantirishlar: Lingard (35), Fred (52), Rodri Ernandes (63), Uilyams (73).

Ushbu jamoalar o‘rtasidagi javob uchrashuvi 30 yanvar kuni «Etihad» stadionida o‘tkaziladi.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top