13:53 / 08.01.2020
6
53408
Jamoat transportida olib ketilgan otlar. Chiptachi ishdan olindi, haydovchiga hayfsan berildi
Foto: Ijtimoiy tarmoqlar

2019 yilning 23 dekabr kuni 44-“Aviasozlar – Gulobod” yo‘nalishida qatnovchi "MAN” rusumli avtobusda 2 bosh ot olib ketilayotgani tasvirlangan video ijtimoiy tarmoqlarda tarqadi va muhokamalarga sabab bo‘ldi. 

“Toshshahartransxizmat” xabariga ko‘ra, Vazirlar Mahkamasining 2003 yil 4 noyabrdagi 482-sonli qarori 1-ilovasi bilan tasdiqlangan "Avtomobil transportida yo‘lovchilar va bagajni tashish qoidalari"ning 15-bandiga muvofiq avtobusda tumshuqbog‘siz itlar va boshqa hayvonlarni olib yurish taqiqlanishi belgilangan. 

Ushbu tartib-qoidani bilgani holda haydovchi B.T. hamda chiptachi T.I. yo‘lovchilar xavfsizligi hamda transport vositasiga texnik shikast yetkazishi mumkinligini o‘ylamay, avtobus saloniga otlarning olib kirilishiga ruxsat bergan.
 
Qayd etilishicha, holat "Toshshahartransxizmat" va avtobus saroyi jamoalari o‘rtasida muhokama qilindi. O‘z vazifasiga mas'uliyatsizlik bilan qaragani uchun chiptachi T.I. bilan tuzilgan mehnat shartnomasi bekor qilindi. Haydovchi B.T.ga nisbatan hayfsan e'lon qilindi. 

Ta'kidlanishicha, so‘nggi ikki yilda “Toshshahartransxizmat” tarkibidagi avtobus saroylariga 200 ga yaqin yangi avtobuslar kelib qo‘shildi. 

“Albatta, ushbu xarid qilinayotgan avtobuslar ko‘p yillar yo‘lovchilarga sifatli xizmat qilishi nazarda tutilgan. Shu bois avtobuslarni texnik jihatdan asrab-avaylashga jamiyat hamda avtosaroylar mutasaddilari bilan birga haydovchilar ham birdek mas'uldirlar. Buning uchun esa ulardan yo‘lovchi tashish qoidalariga amal qilgan holda faoliyat yuritishlari talab etiladi.

Hurmatli, yo‘lovchilar!

Jamoat transportlarida yuqoridagi kabi yoki belgilangan qonun-qoidalarga zid holatlarga duch kelsangiz bu haqda "Toshshahartransxizmat" AJning 1062-sonli ishonch telefoniga xabar berishingizni so‘raymiz. Zero xalq mulki bo‘lgan avtobuslarni asrab-avaylash, yo‘lovchilar xavfsizligini ta'minlash barchamizning burchimizdir”, - deyiladi ma'lumotda.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top