17:30 / 08.01.2020
5
30773
«Koreya kundaligi»: Koreys universitetlaridagi namozxonalar haqida

Janubiy Koreya aholisining yarmidan ko‘pi dindor sanalmaydi. Shunday bo‘lsa-da, mamlakatda vijdon erkinligi va diniy bag‘rikenglik tushunchalariga e'tibor bo‘lakcha.

Koreya musulmonlari federatsiyasi ma'lumotiga ko‘ra, hozirda mamlakatda 150 mingdan ziyod musulmon istiqomat qilmoqda va ular uchun yetarlicha qulaylik yaratilganining guvohi bo‘lishi mumkin.

Faoliyatining asosiy maqsadi ilmiy izlanishlar olib borish, bilim va ko‘nikmalar egallashga qaratilgan ta'lim maskanida ibodatxonalarning bo‘lishi doim ham kuzatilmaydigan holat. Ammo Koreya Respublikasining ko‘plab universitetlarida musulmon talaba va professor o‘qituvchilar uchun maxsus namozxonalar tashkil qilingani yangilik emas.

Yeungnam universiteti mamlakatdagi nufuzli oliygohlaridan biri bo‘lib, milliy universitetlar ro‘yxatida 26-o‘rinda turadi. Muassasada xalqaro talabalarni, shu jumladan musulmon yoshlarni ko‘p uchratish mumkin. Universitet hududida Arab madaniyati markazi bor va u bevosita masjid vazifasini o‘tab kelmoqda.

Maxsus xonaning kichik, mo‘'jazgina kutubxonasi ham mavjud. Qur'oni Karim, Sahihi Buxoriy va islomga oid turli tillardagi kitoblar o‘quvchilar uchun foydalanishda. Markazni moliyalashtirish ishlari ikki yo‘l bilan amalga oshiriladi: universitet ma'muriyati va hayriya pullari evaziga.

Masjidda ganalik tadqiqotchi Muhammad Yusuf imomlik qiladi. Uning o‘zi ham Koreyaga ta'lim olish maqsadida, PhD darajasini yoqlash uchun kelgan.

«Universitet binosidan ajratilgan bu keng joydan o‘quv xonasi sifatida ham foydalanishlari mumkin edi, albatta. Biroq ular uni bizga taqdim etishga qaror qilishdi va biz bu yerda besh vaqt namozimizni, hatto juma namozini ham birgalikda ado etish imkoniga egamiz.

Men boshqa joylardagi muassasalarning, ular qayerda bo‘lishidan qat'i nazar, musulmonlar uchun hech bo‘lmaganda shunday imkoniyatni taqdim qilishini yoqlagan bo‘lardim. Shu vaqtga qadar hali biror joyda bu ularning ish faolligiga salbiy ta'sir qilganini ko‘rganim yo‘q» – deydi u.

Oliygohda yuzlab o‘zbekistonlik talabalar ham tahsil olishadi. Aholisining 95 foizini musulmonlar tashkil etadigan yurt vakillari uchun ham bunday sharoit yaxshi taassurot qoldirishi tabiiy. Masjid haqidagi fikrlari bilan qiziqib, oliygohning dasturlash yo‘nalishida o‘qiyotgan Bekzod Abdulhayevni so‘zga tutdik.

«Kelgan paytimdagi birinchi ajablantirgan narsa bu – universitet binosida masjid uchun ajratilgan xonaning borligi bo‘lgan. Bu juda ham yaxshi va qiziqarli! Universitetda dars ertalabdan kechgacha bo‘ladi. Orada beriladigan tanaffuslarda namoz o‘qib olishimiz mumkin.

Koreys ustoz va kursdoshlarimizning ham bunga munosabati ijobiy.  Koreys o‘qituvchimiz o‘zlari boshqa dinda bo‘lsalar-da, namoz vaqti kirganda, borib ibodat qilib olmaysanmi, deb aytgan vaqtlari ham bo‘lgan», – deydi Abdulhayev.

Masjid uchun ajratilgan xona ro‘parasida va yuqori qavatida sinfxonalar joylashgan, darslar jadvalga binoan o‘tiladi, ya'ni bir-birining faoliyatiga xalal qilmaydi. Suhbatdoshlarimiz ibodatga to‘sqinlik qiladigan holatlar bo‘lmaganini aytishdi.

Ta'kidlash joiz, Janubiy Koreya ta'lim sifati bo‘yicha dunyoda peshqadam davlatlardan biri hisoblanadi. Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkiloti ma'lumotiga ko‘ra, Koreya Respublikasi ta'lim salohiyati bo‘yicha dunyoda Kanada, Yaponiya va Isroildan keyin 4-o‘rinda turadi.

Bizningcha, Koreyadagi bir paytning o‘zida erishilgan ilmiy yuksalish va diniy e'tiqodga bo‘lgan xayrixohlikni juda ko‘p ta'lim tizimlari uchun namuna sifatida ko‘rsatish mumkin.

Eldor Vohidov,
Kun.uz muxbiri.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top