19:20 / 08.01.2020
6
127093
Mirishkorda «ko‘rinmas odam!» - Pomuq qishlog‘idan kelgan murojaat izidan

Muammoni e'tiboringizga havola etishdan oldin bir haqiqatni tan olishimiz kerak: Mirishkordagi biz aytmoqchi bo‘lgan bu holatga faoliyatimizda birinchi marta duch kelyapmiz. Hatto mirishkorliklarning yoshi katta fuqarolari ham umri davomida bundayin «dardi bedavo»ga endi duch kelayotganini aytmoqda.

Tahririyatga bu tumanning Pomuq qishlog‘idan kelgan murojaatda yozilishicha, ushbu hududdagi bir nechta mahallada g‘alati ishlar sodir bo‘lyapti. Odamlar har tong «bu safar kimning uyini o‘g‘ri urib ketdi ekan» degan tashvish bilan uyg‘onayotgan ekan... O‘g‘irlik toqat qilib bo‘lmas darajaga yetibdi.

«Himoyasiz, beva, uyida erkagi yo‘q xonadonlarni-ku gapirmasa ham bo‘lardi», deyiladi murojaatda.

Bugungi kunda bu kabi xabarlarga ishonmay qo‘yganmiz, albatta. Axir, o‘tgan asrda yoki qonunsiz jamiyatda yashamayapmiz! Ommaviy o‘g‘irlik, qo‘rquv va hadik ichida tong ottiradigan zamon ham emas hozir.

Shunday o‘y bilan Mirishkorning chekka qishlog‘i – Pomuqqa yo‘l oldik.

Yo‘limizda duch kelgan ilk odam bilan suhbatlashdik. Ajab! U yuqoridagi xabarni tasdiqladi va tez orada jabrdiydalarni yig‘ib beraman, deya mahalla oralab ketdi. Darhaqiqat, qishloq odamlari yig‘ilar ekan, so‘nggi ikki-uch oy ichida kimningdir moli, qo‘y-echkisi, yana kimningdir muzlatkichi, kimningdir ro‘zg‘or buyumlari o‘g‘irlanayotganini tasdiqlashdi. Joy, vaqt, odam, buyum tanlamas shovvozlar paydo bo‘lganmish.

Misol uchun, pomuqlik Yaxshimurod Murodovning ikki bosh echkisini 27 dekabr kuni o‘g‘irlashgan. Voqea odatdagidek kechasi bo‘lgani uchun uy egalari o‘g‘rilikni sezmagan, qishloqdan bir kilometr nariga olib borib, so‘yib, go‘shtini olib ketishgan. IIB mahalla profilaktika inspektoriga murojaat qilingan, ammo natija bo‘lmagan. Yaxshimurod yana o‘nga yaqin kishi o‘g‘rilik qurboniga aylanganini aytmoqda. Ularning ham mollari topilmagan.

Yig‘ilganlardan biri shu yaqin atrofdagi oilaning ham ikki qo‘chqorini dekabr oyi oxirlarida o‘g‘irlab ketishganini aytib qoldi. O‘sha xonadonga bordik. Uy bekasi Dilbar Jumaturdiyeva bilan suhbatlashdik.

– O‘zi ikki bosh qo‘yim bor edi, o‘g‘limning to‘yiga deb boqayotgandik, shuni ham o‘g‘irlab ketishdi, – deydi D.Jumaturdiyeva. – 22 dekabrda kechasi soat 02:00larda itimiz hurdi, chiqib qarasak, og‘il eshigi ochiq, qo‘ylar yo‘q. Xayriyat, molimizni olib ketishmabdi. IIBga ariza berganmiz. Kelib rasmga olib ketishdi, hozircha biror yangilik bo‘lmadi. So‘nggi ikki-uch oyda bunaqa voqealar ko‘p bo‘lyapti. Qo‘shnimizning ham ikki qo‘yini o‘g‘irlab ketishdi. Turmush o‘rtog‘i vafot etgan, bolalarining yolg‘iz qarovchisi. Ancha qiynalib qoladigan bo‘ldi...

O‘rganish davomida bildikki, pomuqliklar asosan chorva ortidan ro‘zg‘or tebratadi.

Dehqonchilik, tadbirkorlik qilishga deyarli imkon yo‘q. Ular nafaqat kechasi, balki kunduzi ham chorvasini yolg‘iz qoldirmaslikka o‘rganishyapti.

Suratdagi kishining qo‘lidagi narsa nima deb o‘ylaysiz? Bu — shu qishloqda aholi ko‘ngilli ravishda tashkil etgan qo‘riqlash otryadlarining ish qurollari. Qishloqda 13ta qo‘riqlash otryadi tashkil etilgan. Har bir guruh kechasi oltmishtadan uyni qo‘riqlashi lozim.

«73 yoshga kirib bundayin holatni ko‘rmaganman»

Pomuqlik Safar bobo Ergashev ham fikrlarini bildirdi.

- Ikki qo‘shnimning mollarini bir kechada olib ketishdi. Bu holat uch-to‘rt kundan beri kuzatilmayapti. Qishlog‘imiz yigitlari, erkaklar navbati bilan kechasi tinmay ko‘chalarni aylanib chiqishyapti. Ketma-ket o‘g‘irliklar. Atrofdagi mahallalarda ham ko‘p, o‘zim eshitganim 15tagacha xonadonga o‘g‘ri tushdi. Men bilmaganim qancha... Bunday holatni 73 yoshga kirib hali ko‘rmagan edim. Ichki ishlar xodimlari ham kelyapti, lekin topolmayapti.

Ro‘zimuhammad Erkayev, ko‘ngilli tungi qo‘riqchi:

- Kuniga bitta-ikkita o‘g‘irlik bo‘laverdi. Oxiri o‘zimiz, 20 dekabrdan boshlab qishlog‘imizni kechasi qo‘riqlashga qaror qildik. Shunga majburmiz. 13ta guruhga bo‘linganmiz, tong otguncha tinmaymiz. «Uchastkavoy» ham, posbon ham tinmayapti. Lekin o‘g‘ri ushlangani yo‘q. Bunaqa voqea qishlog‘imiz tarixida bo‘lmagan.

Mirishkor tumani hokimligi aholining o‘g‘irliklardan bu qadar aziyat chekayotganidan xabari bormi?

Tuman hokimligi vakili Pomuqda jami 4 marta o‘g‘irlik holati qayd etilgani, ikkita holatda o‘g‘irlangan mollar topib berilgani haqida gapirdi.

Mazkur javob shusiz ham qatorlashib turgan savollarni yana ko‘paytirmoqda. Avvalo, biz qishloqda biror kishi yo‘qolgan moli topilgani haqida aytganiga guvoh bo‘lmadik. Keyingi tushunarsiz holat —jami 4 marta o‘g‘irlik bo‘lgani aytilgani. Axir, uyiga o‘g‘ri tushgan fuqarolardan o‘zimiz uchrashib, suhbat qilganlarimiz soni ham bundan ko‘p-ku?

Fuqarolardan biri moli yo‘qolgach, ariza bergani, ammo ichki ishlar idorasi fuqarodan arizani qaytarib olishini so‘ragani va qaytarib olganini so‘zlab berdi.

Uning aytishicha, IIB xodimlari «arizalar ko‘payib ketadi» deb aytgan ekan. Aniq izoh olish maqsadida hokimlik vakili bilan Mirishkor tuman ichki ishlar bo‘limi 2-sonli ichki ishlar bo‘linmasiga bordik.

Idora ostonasida bir soatdan ziyodroq vaqt davomida profilaktika inspektorlari va jinoyat qidiruv bo‘limi xodimini topib gaplashishga harakat qildik. Ammo buning imkoni bo‘lmadi.

IIB xodimlari izoh berishni istamadimikin? Yana bir gap: Mirishkor tuman IIB viloyat IIBga o‘sha hududda faqat bitta o‘g‘irlik sodir bo‘lgani haqida ma'lumot bergan ko‘rinadi. Chunki viloyat ichki ishlar boshqarmasi bergan ma'lumotda faqat bir xonadonda sodir bo‘lgan o‘g‘irlik bayon etilgan. Ehtimol, to‘liq ma'lumot endi berilar.

Darvoqe, keyingi vaqtlarda mahalla oqsoqollari ham o‘g‘irlikdan jabr ko‘rganlardan arizani qaytarib olishni talab qilayotgan ekan.

– 2019 yilning oktyabri oxirlarida ikkita qo‘yimni qo‘radan o‘g‘irlab ketishdi, – deydi fuqarolardan biri. – O‘sha vaqtning o‘zida IIBga ariza berdim. Ammo hech qanday natija bo‘lgani yo‘q. Mahalla fuqarolar yig‘ini raisi arizamni qaytarib olishimni MASLAHAT BeRYaPTI. O‘zi topilarmish.

Bu holatni Abdulla Qahhor ko‘rganda, «O‘g‘ri» hikoyasining davomini yozishi mumkin edi. Aminboylar, Qobil bobolar o‘ylab topilmagan...

Mirishkorda nimalar bo‘lyapti?

Shuncha voqealarni ko‘rgach, har qanday odamda savol tug‘iladi: Nimalar bo‘lyapti o‘zi tumanda!?

IIB faoliyatiga baho bermaslikni istasak-da, savol tug‘iladi. Nega Pomuqdagi bu jinoyatlar ochilmayapti? Nega hech kim yo‘qolgan molimni topib berishdi, demayapti? Nega tinchlik posbonlari emas, odamlarning o‘zi kechasi qo‘liga kaltak olib, mol-holini qo‘riqlamoqda?

Xullas, mubolag‘a qilmagan holda xulosa qilish mumkinki, bugun pomuqliklar uxlamayapti, chunki molidan xavotirda, tinchi buzilgan. O‘g‘rilar esa yo‘q, topilmayapti. G‘alati bo‘lsa-da beixtiyor shunday taxminga borasiz: Mirishkorda o‘g‘rilar yoki shu qadar zamonaviy, har qanday izquvar va zamonaviy texnologiyalarni ham dog‘da qoldiradigan professional, yoki — «ko‘rinmas odam»!

Anvar MUSTAFOQULOV,

Isomiddin PO‘LATOV, Kun.uz muxbirlari.

Faxriddin HOTAMOV, tasvirchi.

 

P/S: Ushbu maqola e'lon qilinishi arafasida, Pomuqdan xabar keldi. Fuqarolardan birining aytishicha, o‘g‘rilar ushlangan.

Qiziq, uch oylab izi topilmagan «shovvozlar», o‘rganishdan so‘ng, maqola yozilish jarayonida, bir kunda topilibdi... Nima bo‘lganda ham, agar bu haqiqat bo‘lsa, aftidan o‘rganishimiz pomuqliklarga xayrli kelganga o‘xshaydi...

Mavzu
Kun.uz surishtiruvi
Kun.uz xalq murojaatlari asosida joylarda bo‘lib, muammolarni o‘rganmoqda va xolisona yoritmoqda.
Barchasi
Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top