18:10 / 08.01.2020
0
11005
Saudiya Arabistoniga endi shengen, Buyuk Britaniya va AQSh vizasi bilan ham kirish mumkin
Ar-Riyod / Foto: adznano3/Shutterstock

Saudiya Arabistoni hukumati AQSh, Buyuk Britaniya va shengen vizasiga ega xorijliklarning mamlakatga vizasiz kirishiga ruxsat bermoqda.

Saudi Gazette xabariga ko‘ra, bunda Qo‘shma Shtatlar, Buyuk Britaniya va shengen zonasining turistik va biznes safariga oid vizasi haqida gap ketmoqda.

Ya'ni endilikda bunday viza sohiblari, qaysi davlat fuqarosi ekanidan qat'i nazar, Saudiya Arabistoniga kira oladi.

Sayyohlar bu uch vizadan biri orqali Saudiya Arabistoniga kirishlari uchun viza bergan davlat hududiga kamida bir marta borgan bo‘lishlari va Saudiya Arabistonini tark etayotgan paytda vizaning amal qilish muddati tugamagan bo‘lishi kerak.

Gulf Business'ning qayd etishicha, hozirda 49ta davlat fuqarolari elektron tartibda Saudiya Arabistoniga kirish vizasini olish huquqiga ega. Yangi tartib mamlakatga sayohlar oqimini oshirish choralaridan biri sifatida joriy qilinyapti.

Ma'lumot uchun, shengen vizasi – Yevropa Ittifoqiga a'zo 28 davlatdan 26tasiga kirish huquqini beradi.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top