01:18 / 08.01.2020
0
2529
Sebastyan Kurs ikkinchi marta Avstriya kansleri bo‘ldi 
Foto: RIA "Novosti"

Avstriya federal prezidenti Aleksander Van der Bellen 7 yanvarda kansler Sebastyan Kurs boshchiligidagi hukumatni qasamyodga keltirdi

Kurs ikkinchi marta Avstriya kansleri lavozimini egalladi. 2017 yil dekabrda u tomonidan shakllantirilgan hukumat 2019 yil mayida sobiq vitse-kansler Xayns-Kristian Shtraxe atrofidagi mojaro sababli tarqalib ketgandi.    

Hukumatning qasamyod keltirish marosimi federal prezident devonxonasida bo‘lib o‘tdi. Avstriya prezidenti yangi hukumat qasamyod keltirishi oldidan birinchi ayol kansler Brigitte Birlyayn boshchiligidagi o‘tish davri hukumatini o‘z majburiyatlaridan ozod etdi.

1 yanvarda Kursning Avstriya xalq partiyasi “Yashillar” bilan hukumat koalitsiyasini shakllantirishga kelisha oldi. Yangi vazirlar mahkamasi 17 a'zodan tashkil topgan: kansler, vitse-kansler, 13 vazir va 2 davlat kotibi.

Shu tariqa, Kurs yana Avstriya kansleri lavozimiga qaytdi, “Yashillar” yetakchisi Verner Kogler vitse-kansler hamda davlat xizmati va sport ishlari vaziri bo‘ldi. O‘tish davri hukumatidagi Aleksander Shallenberg esa tashqi ishlar vaziri lavozimida qoldi.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top