13:43 / 09.01.2020
4
131098
Davlatga xoinlik qilishda ayblangan sobiq diplomatga hukm o‘qildi

«Davlatga xoinlik qilish»da ayblanib qo‘lga olingan sobiq diplomat Qodirjon Yusupov O‘zbekiston Respublikasi Harbiy sudi tomonidan davlatga xoinlik qilish jinoyatini sodir etganlikda aybli deb topildi va unga 5 yil-u 6 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi. Bu haqda Oliy sud matbuot xizmati xabar bermoqda.

«Bugun, 2020 yil 9 yanvar kuni O‘zbekiston Respublikasi Harbiy sudida O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 157-moddasida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda ayblangan sobiq diplomat Q. Yusupovga nisbatan jinoyat ishini ko‘rib chiqish bo‘yicha sud jarayoni nihoyasiga yetdi va sud hukmi e'lon qilindi.

Bir necha oy davomida o‘tkazilgan yopiq sud majlisida sudlanuvchi va guvohlarning ko‘rsatmalari tinglanib tahlil qilindi. DXX Tergov boshqarmasi tomonidan to‘plangan dalillarga baho berilib, sudlanuvchining vajlari tekshirildi.

Sud jinoyat ishi materiallarini har tomonlama va to‘liq o‘rganib, sudlanuvchi Q.Yusupov davlatga xoinlik qilish jinoyatini sodir etganlikda aybli deb topdi.

Sudlanuvchiga nisbatan jazo choralarini belgilashda sud O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va jinoyat qonunchiligida belgilangan insonparvarlik va adolat tamoyillariga ham asoslandi.

Natijada, sodir etilgan jinoyatning xususiyati va ijtimoiy xavflilik darajasi, sudlanuvchining shaxsi, oilaviy ahvoli kabi jazoni yengillashtiruvchi va og‘irlashtiruvchi holatlar e'tiborga olinib, K.Yusupovga 5 yil-u 6 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi», deyiladi O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi matbuot xizmati xabarida.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligining sobiq amaldori, O‘zbekistonning Avstriya, Buyuk Britaniya va Yaqin Sharq mamlakatlaridagi elchixonalarida, shuningdek O‘zbekistonning BMT va YeXHTdagi doimiy vakolatxonasida ishlagan, 2002-2005 yillarda Tashqi ishlar vazirligi matbuot xizmatini boshqargan Qodirjon Yusupov 2019 yil boshida Davlat xavfsizlik xizmati tomonidan qo‘lga olingan, unga Jinoyat kodeksining 157-moddasida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etish to‘g‘risida ayblov («davlatga xoinlik qilish» e'lon qilingandi.

2019 yilning iyunida 67 yoshli Qodirjon Yusupov ishi bo‘yicha sud jarayoni boshlangandi.

Human Righs Watch tashkiloti 12 iyun kuni e'lon qilgan bayonotda O‘zbekiston hukumati zudlik bilan Qodir Yusupovni ozod qilish, shuningdek, u bilan noqonuniy muomalada bo‘lishga aloqador shaxslarni javobgarlikka tortishga chaqirgandi.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top