00:01 / 09.01.2020
0
47702

Eron AQSh bazalariga zarba berishda eng zamonaviy raketalarini qo‘llagan - OAV

Foto: Reuters

Eron AQShning Iroqdagi Ayn-al-Asad harbiy bazasiga zarba berishda ajraluvchi jangovar kallakli eng zamonaviy raketalarini qo‘llagan. Bu haqda Tasnim axborot agentligi xabar berdi. 

Ma'lum qilinishicha, Eronning Islom inqilobi soqchilari korpusi harbiy-havo kuchlari “Al-Quds” qo‘mondoni general Qosim Sulaymoniyning o‘ldirilishiga qasos olish amaliyoti vaqtida “Fotih-313” va “Qiyom” ballistik raketalarini qo‘llagan. Ikki raketaning ta'sir doirasi mos ravishda 500 va 800 kmni tashkil qiladi.  

Axborot agentligi xabarida ta'kidlanishicha, AQShning havo hujumiga qarshi tizimlari Eron harbiylari otgan birorta raketani urib tushira olmagan. 

Bundan tashqari, ajraluvchi jangovar kallakli “Qiyom” raketalari radarlarga faol xalaqitlar hosil qilish tizimi bilan jihozlangan bo‘lgan. Xabarda aytilishicha, Eron bu turdagi raketalarni ilk bor harbiy amaliyot vaqtida qo‘lladi.

Eron 8 yanvarga o‘tar kechasi AQSh harbiylari tomonidan Iroqda foydalaniluvchi ikkita obekt - Ayn-al-Asad bazasi va Erbil aeroportiga raketa zarbalari bergan. Tehronning ta'kidlashicha, zarbalar vaqtida kamida 80 nafar amerikalik harbiy halok bo‘lgan.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top