09:03 / 09.01.2020
0
1686
Jinoyat protsessining voyaga yetmagan ishtirokchilariga ko‘proq kafolatlar berildi
Foto: Shutterstock

Jinoyat-protsessual kodeksiga va «Bola huquqlarining kafolatlari to‘g‘risida»gi Qonunga tuzatishlar kiritildi.
 
Norma’ning yozishicha, bundan buyon quyidagilarning ishlarida himoyachidan voz kechishga yo‘l qo‘yilmaydi:

voyaga yetmaganlar;

soqovlar, karlar, ko‘rlar, jismoniy nuqsoni yoki ruhiy holati buzilganligi sababli o‘zini o‘zi himoya qilish huquqini amalga oshirishga qiynaladigan boshqa shaxslar;

sudlov ishi olib borilayotgan tilni bilmaydigan shaxslar;

jazo chorasi sifatida umrbod ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlanishi mumkin bo‘lgan jinoyatlarni sodir etishda gumon qilinayotgan yoki ayblanayotgan shaxslar;

tibbiy yo‘sindagi majburlov choralarini qo‘llash to‘g‘risidagi ishlarda;

apellyatsiya, kassatsiya va nazorat instansiyasi sudi tomonidan ko‘riladigan ishlarda.
 
Avval sanab o‘tilgan holatlarda gumon qilinuvchi, ayblanuvchi, sudlanuvchi himoyachidan voz kechishi mumkin bo‘lgan, biroq bunday voz kechish surishtiruvchi, tergovchi, prokuror va sud uchun majburiy bo‘lmagan. Ya'ni, ish himoyachi ishtirokida va keyinchalik undan voz kechilganda ham ko‘rib chiqilishi mumkin bo‘lgan. Shunga qaramay, har bir muayyan holatda qaror qabul qilish ayblov taraflari va sud ixtiyoriga qoldirilgan.
 
Bundan tashqari, voyaga yetmagan gumon qilinuvchining, ayblanuvchining, sudlanuvchining yoki jabrlanuvchining iltimosiga ko‘ra, ishda shaxslar bilan bir qatorda uning katta yoshdagi yaqin qarindoshlaridan birining yoki o‘zi ishonadigan boshqa shaxsning qonuniy vakili sifatida ishtirok etishiga yo‘l qo‘yilishi mumkin. Qonuniy vakil sifatida ular:

o‘zi vakillik qilayotgan shaxsning surishtiruvchiga, tergovchiga, prokurorga yoki sudga chaqirilganligidan xabardor bo‘lish; o‘zi vakillik qilayotgan qamoqdagi shaxs bilan xoli uchrashish; o‘zi vakillik qilayotgan shaxs ushbu Kodeksga muvofiq ega bo‘lgan protsessual huquqlarni amalga oshirish huquqiga ega (JPKning 46, 48, 55-moddalari);

o‘zi vakillik qilayotgan shaxsga nisbatan o‘tkaziladigan protsessual harakatlarda ishtirok etishi; surishtiruvchining, tergovchining, prokurorning va sudning chaqiruvlariga binoan hozir bo‘lishi; haqiqatni aniqlashga dalillarni yo‘q qilish, soxtalashtirish, guvohlarni ko‘ndirishga urinish va qonunga xilof boshqa harakatlar orqali to‘sqinlik qilmasligi; ishning tergovi va sud majlisi vaqtida tartibga rioya etishi shart.
 
Qonunda nazarda tutilgan shaxs huquqlarini himoyalash kafolatlari hamda gumon qilinuvchi va ayblanuvchi sifatida so‘roq qilish, ekspertlik tekshiruvlari va murakkab tibbiy tekshiruv usullaridan yoki kuchli og‘riq berish bilan bog‘liq usullardan majburiy foydalanish yo‘li bilan namunalar olishning o‘ziga xos jihatlari endilikda 16 yoshdan 18 yoshgacha, ya'ni teng darajada barcha voyaga yetmaganlarga tatbiq etiladi, (ilgari faqat 16 yoshga to‘lmaganlarga tatbiq etilar edi). Bolaga har qanday ruhiy yoki jismoniy ta'sir o‘tkazish, uni ko‘rsatmalar berishga yoki aybini tan olishga majburlash taqiqlanishi alohida ta'kidlangan.
 
Davlat tomonidan bolaga nisbatan ekspluatatsiya va zo‘ravonlikning barcha shakllarining oldini olish, shuningdek ularning sodir etilishiga imkon bergan sabablar va shart-sharoitlarni aniqlash hamda bartaraf etish, shuningdek ekspluatatsiya va zo‘ravonlikka duchor bo‘lgan bolalarga zarur pedagogik, psixologik, tibbiy, yuridik yordam ko‘rsatish bo‘yicha choralar ko‘riladi.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top