08:08 / 09.01.2020
0
8719

Yangi Soliq kodeksi qabul qilinishi munosabati bilan qonunchilikka o‘zgartishlar kiritildi

Oliy Majlisning yigirma beshinchi yalpi majlisida ma'qullangan “O‘zbekiston Respublikasining Soliq kodeksi qabul qilinishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartishlar va qo‘shimchalar kiritish, shuningdek ayrim qonun hujjatlarni o‘z kuchini yo‘qotgan deb topish to‘g‘risida”gi Qonun kuchga kirdi.

Oliy Majlis Senati a'zosi Odiljon Iminovning yozishicha, mazkur Qonun O‘zbekiston Respublikasining 13 ta qonuniga o‘zgartish va qo‘shimcha kiritishni, shuningdek 7 ta qonunini o‘z kuchini yo‘qotgan deb topishni nazarda tutuvchi 17 ta moddadan iborat.

Jumladan, “Yer osti boyliklari to‘g‘risida”gi Qonunga  “bonus”, “imzoli bonus”, “tijoratbop topilma bonusi” tushunchalarini ochib berishga qaratilgan o‘zgartishlar va qo‘shimcha kiritildi.

Shuningdek, yer qa'ridan foydalanuvchining tegishli litsenziya asosida foydali qazilmalarni aniqlash va razvedka qilish bo‘yicha faoliyatni amalga oshirish huquqi uchun litsenziya olgan yer qa'ridan foydalanuvchilar tomonidan imzoli bonus va tijoratbop topilma bonusini to‘lash muddatlari belgilandi.

Shu bilan birga foydali qazilmaning turiga qarab imzoli bonusning eng kam miqdori ham belgilangan.

Bundan tashqari, Davlat soliq qo‘mitasi tomonidan tijoratbop topilma bonusini bo‘lib-bo‘lib to‘lash tartibini hamda Davlat soliq qo‘mitasiga yer qa'ri uchastkalaridan foydalanish huquqi uchun litsenziya berilgan yer qa'ridan foydalanuvchilar to‘g‘risidagi axborotni O‘zbekiston Respublikasi Davlat geologiya va mineral resurslar qo‘mitasiga taqdim etish muddati belgilandi.

Shuningdek, “Fermer xo‘jaligi to‘g‘risida”gi, “Oilaviy tadbirkorlik to‘g‘risida”gi qonunlarga soliq va yig‘imlar to‘lash hamda ular to‘langach foyda kelishi tartibini nazarda tutadigan o‘zgartishlar kiritildi.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top