20:31 / 10.01.2020
22
46543
44 ming 600 so‘m. Bitta IMEI-kodni ro‘yxatdan o‘tkazish narxi qay tartibda belgilangan?

Mobil qurilmalarning IMEI-kodini ro‘yxatdan o‘tkazish masalasi jamoatchilik tomonidan keng muhokama qilindi va turli e'tirozlarga sabab bo‘ldi. Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi tassarrufidagi «O‘zbekiston telekommunikatsiya tarmoqlarini boshqarish respublika markazi» DUK ushbu vaziyatga izoh berishga mas'ul tashkilot hisoblanadi. Markaz matbuot xizmati rahbari Zilola Inoyatova mavzu yuzasidan savollarga javob berdi.

– IMEI-kodlarni avtomatik ro‘yxatdan o‘tkazish uchun nima sababdan kam vaqt berildi?

– IMEI-kodlarni avtomatik ro‘yxatga olish uchun juda kam vaqt berilgan, degan fikr mutlaqo noto‘g‘ri. Ozarboyjon va Turkiyada bunday tizim joriy etilganda, mobil qurilmalarni IMEI-kodlarini avtomatik tarzda ro‘yxatdan o‘tkazish davri bo‘lmagan, ya'ni fuqarolarga qurilmalar IMEI-kodlarni bepul va ortiqcha xatti-harakatsiz ro‘yxatdan o‘tkazish imkoniyati berilmagan.

2018 yil «O‘zbekiston Respublikasida mobil qurilmalarni ro‘yxatdan o‘tkazish tizimini tartibga solish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarorga muvofiq, mobil aloqa moduliga ega qurilmalarni xalqaro o‘ziga xos identifikatsiya kodlari bo‘yicha ro‘yxatga olish tizimini to‘liq ishga tushirish imkonini beradigan reja jadvali tasdiqlandi. Shunga ko‘ra, o‘tgan yilning 1 aprelidan mobil qurilmalarning IMEI-kodlarini avtomatik tarzda ro‘yxatdan o‘tkazish tizimi ishga tushirildi. Qurilmalarning IMEI-kodlarini avtomatik ro‘yxatdan o‘tkazish deganda, qurilmalarning SIM-slot/slotlarini faollashtirish orqali amalga oshirish mumkinligi nazarda tutilgan edi.

Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 17 sentyabrdagi «O‘zbekiston Respublikasi hududida foydalanilayotgan, sotish yoki shaxsiy foydalanish uchun olib kiriladigan va ishlab chiqariladigan mobil qurilmalarni ro‘yxatga olish tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida»gi 778-sonli qaroriga muvofiq, mobil qurilmalarning IMEI-kodlarini ro‘yxatdan o‘tkazish tartibi tasdiqlandi. Unga ko‘ra, mobil qurilmalarning IMEI-kodlarini avtomatik tarzda ro‘yxatdan o‘tkazish 2019 yil 31 oktyabriga qadar bepul amalga oshirilishi belgilanib qo‘yilgan. 7 oy davomida tizim operatori tamonidan avtomatik tarzda mobil qurilmalar IMEI-kodlarini ro‘yxatdan o‘tkazish amalga oshirilib kelingan.

– IMEI-kodni ro‘yxatdan o‘tkazish narxi qanday belgilangan?

– Vazirlar Mahkamasining 778-sonli qaroriga muvofiq, qurilmalarni IMEI-kodlarini UZIMEI tizimida ruyxatdan o‘tkazish uchun undiriladigan pul miqdori tasdiqlangan. Unga ko‘ra, har bir IMEI-kod bir marta ro‘yxatdan o‘tkaziladi va SIM-karta faollashtirilgandan boshlab 30 kun ichida 20 foiz BHMdan (44 600 so‘m) to‘lov undiriladi. Ushbu muddatdan so‘ng qurilmalar IMEI-kodlarini UZIMEI tizimidan ro‘yxatdan o‘tkazish uchun 25 foiz BHMdan (55 750 so‘m) to‘lov amalga oshirish kerak bo‘ladi.

Tizimni joriy etish va uning ishlashini ta'minlash uchun belgilangan miqdorda sarf-xarajatlar qilingan. Kelib tushayotgan mablag‘ning ayrim qismi ushbu xarajatlarni qoplashga yo‘naltirilgan. Shuningdek, UZIMEI tizimini texnik jihatdan rivojlantirish, to‘lov tizimlarini joriy etish uchun qilingan xarajatlarni qoplash, «O‘zbekiston pochtasi» AJ xizmatlariga, mijozlarga xizmat ko‘rsatayotgan xodimlarga oylik to‘lash talab qilinadi. Kelgusida ushbu mablag‘lar respublika telekommunikatsiya infratuzilmasini, shu jumladan, qishloq va chekka aholi punktlari, turistik va rekreatsion hududlarni rivojlantirish loyihalarini maqsadli moliyalashtirish uchun axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish jamg‘armasiga yo‘naltiriladi.

Nega aynan 44 600 so‘m to‘lov olinayotganiga batafsil to‘xtaladigan bo‘lsak, tizim joriy etilishidan oldin mutaxassislar tomonidan Ozarboyjon va Turkiya tajribasi o‘rganib chiqilgan. Bu davlatlarda mobil qurilmalar IMEI-kodlarini ro‘yxatdan o‘tkazish uchun jismoniy shaxslardan 3-42 AQSh dollarigacha to‘lov undiriladi. Mutaxassislar buni o‘rganib chiqishdi va respublika iqtisodiy siyosatini inobatga olgan holda, hukumat shunday qaror ishlab chiqqan.

– Fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar IMEI-kodni qanday ro‘yxatdan o‘tkazishadi?

– Fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilangan tartibga muvofiq, berilgan biometrik sayohat hujjati yordamida mobil qurilmaning IMEI-kod/kodlarini ro‘yxatdan o‘tkazishi mumkin.

– Xorijdan mobil qurilmalarni bojxona orqali olib kirish va ularning IMEI-kodlarni ro‘yxatdan o‘tkazish tartibi qanaqa?

– Vazirlar Mahkamasining 778-sonli qaroriga ko‘ra, 2019 yil

1 noyabrdan boshlab mobil qurilmalarni IMEI-kodlari tizim operatoriga murojaat qilish orqali bepul asosda ro‘yxatdan o‘tkazilgan. Qurilmani importyor respublika hududiga olib kirgan bo‘lsa, O‘zbekiston Respublikasi Davlat bojxona qo‘mitasi (DBQ) tomonidan beriladigan davlat bojxona deklaratsiyasi asosida, agar jismoniy shaxslar mobil qurilma olib kiradigan bo‘lsa, (bojsiz olib kirilgan qurilmalar sonidan ortiq bo‘lsa) mobil qurilmalarning IMEI-kodlarini ro‘yxatdan o‘tkazish O‘zbekiston Respublikasi DBQ me'yoriy talablariga muvofiq amalga oshiriladi.

Jismoniy shaxslar tomonidan xalqaro pochta yoki kurerlik jo‘natmalari orqali olib kirilgan mobil qurilmalar faqat tizim operatori yoki ro‘yxatdan o‘tkazuvchiga murojaat etish orqali pochta identifikatorining shtrix kodi va kalendar shtempeli bo‘lgan konvert taqdim etiladi.

Jismoniy shaxslar O‘zbekiston Respublikasi chegarasini avtoyo‘l (yo‘lovchi), temir yo‘l va daryo o‘tkazish punktlari orqali tovarlar olib kirish tartibiga ko‘ra, yarim yilda bir dona mobil qurilmani bojsiz olib kirishlari mumkin (bitta planshetni hisobga olmaganda). Fuqarolar bir yilda ikki marta mobil qurilmalar IMEI-kodlarini UZIMEI tizimida ro‘yxatdan o‘tkazishlari mumkin (1 yanvardan 30 iyunga qadar va 1 iyuldan 31 dekabrga qadar har bir qurilma uchun).

Jismoniy shaxslar xalqaro ayeroportlar orqali bojxona chegarasini kesib o‘tishgan holatlarda so‘nggi martasi asosida mobil qurilmalarning IMEI-kodlarini UZIMEI tizimida ro‘yxatdan o‘tkazishlari mumkin.

– Nima sababdan bu tartib majburiy ravishda joriy etildi?

– O‘tgan yilning statistika ma'lumotlariga ko‘ra, noqonuniy yo‘l bilan olib kirilgan mobil qurilmalar tufayli davlat budjetiga 7,5 milliard so‘m miqdorida zarar yetkazilgan. DBQ statistikasiga ko‘ra esa o‘tgan yilning dekabrigacha 7500dan ziyod noqonuniy yo‘l bilan mobil qurilmalarni olib kirish holatlari kuzatilgan va faqatgina 1 ming 200ga yaqini fosh etilgan va DBQ tomonidan belgilangan to‘lov undirilgan.

Ushbu statistikaga tayangan holda, agarda mobil qurilmalarning IMEI-kodlari majburiy tarzda ro‘yxatdan o‘tkazilmasa va qonun doirasida ayrim cheklovlar belgilanmasa, respublika hududiga noqonuniy yo‘l bilan mobil qurilmalar kirib kelishiga chek qo‘yib bo‘lmasdi. O‘rnatilgan tartib ichki bozorga ijobiy ta'sirini ham o‘tkazmoqda.

– Ikkinchi slotni ro‘yxatdan o‘tkazishda muammolar bo‘layotganiga sabab nima?

– Mobil qurilmalar IMEI-kodlarini avtomatik tarzda ro‘yxatdan o‘tkazish davrida barcha qurilmalar: aniqlangan, aniqlanmagan va klonlangan IMEI-kodlariga ega bo‘lgan mobil qurilmalar tizim operatori tomonidan ro‘yxatdan o‘tkazilgan va 7 oy mobaynida hech qanday cheklovlar qo‘yilmagan. Demak, rezidentlar, norezidentlar, fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar, importchilar yoki mahalliy ishlab chiqaruvchilar tizim operatoriga hech qanday normativ-huquqiy hujjatlar taqdim qilmagan holda IMEI-kodlarni ro‘yxatdan o‘tkazishlari mumkin edi.

Tizim operatori oktyabrning birinchi yarmida barcha abonentlarga mobil qurilmalarning barcha SIM-slotlarini faollashtirish va shu yo‘l bilan mobil qurilmalarning barcha IMEI-kodlarni UZIMEI tizimida avtomatik tarzda ro‘yxatdan o‘tkazish to‘g‘risida SMS-ogohlantirishlar yuborgan. Ammo abonentlar tomonidan yuqorida aytib o‘tilgan choralar amalga oshirilmagani sababli ayrim mobil qurilmalarni ikkinchi IMEI-kodlari UZIMEI tizimida ro‘yxatdan o‘tmay qolgan edi.

Abonentlarning befarqligi sababli kelib chiqqan muammoni hal qilish uchun tizim operatoriga vaqt kerak bo‘ldi va ushbu muammo noyabr oxiriga qadar qisman bartaraf qilingan. UZIMEI loyihasi mutaxassislari bir IMEI-kodi avtomatik ravishda ro‘yxatga olingan mobil qurilmalarning ro‘yxatdan o‘tmay qolgan IMEI-kodlarini amnistiya qilib yuborish uchun maxsus algoritmni ishlab chiqishdi.

Muhabbat Ma'mirova suhbatlashdi

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top