09:22 / 11.01.2020
0
28651
2019 yilda eng ko‘p moliyaviy qonunbuzilish holatlari qaysi vazirliklar tizimida kuzatilgani ma'lum bo‘ldi
Foto: Shutterstock

Davlat moliyaviy nazorati departamenti tomonidan 2019 yilda o‘tkazilgan 10 334 ta moliyaviy nazorat tadbirlaridan 8028 tasi (78 foiz)da 488,3 mlrd. so‘m miqdorida qonunbuzilish holatlari va boshqa xato-kamchiliklar aniqlanib, shundan 253,2 mlrd. so‘mni (52 foiz) budjet va maqsadli jamg‘armalar hamda xo‘jalik sub'yektlari hisob raqamlariga tiklanishi ta'minlandi.

Moliya vazirligi xabariga ko‘ra, hisobot davrida asosiy e'tibor davlat budjeti mablag‘larini maqsadli va qonun hujjatlariga muvofiq sarflanishiga qaratilgan bo‘lib, bunda ish reja bo‘yicha nazorat tadbirlari faqat kameral nazorat tadbirlari o‘tkazilgandan so‘ng shubhali xarajatlar aniqlangan budjet mablag‘larini oluvchilardagina yakuniy nazorat tadbirlari o‘tkazildi.

Jumladan, «Davlat moliyasini boshqarish axborot dasturi» (DMBAD) va UzASBO dasturiy majmualari ma'lumotlar bazasidan keng foydalangan holda 1147 ta kasb-hunar kollejlari va akademik litseylarda, 41 ta oliygohlarda, Madaniyat vazirligi tizimidagi 516 ta va Jismoniy tarbiya va sport vazirligi tizimidagi 196 ta muassasalarda, Toshkent, Buxoro, Qashqadaryo va Surxondaryo viloyatlari mahalliy budjetining tuzilishi va ijrosi, shuningdek 313 ta mahalliy budjet va 7 ta boshqa tashkilotlarda hamda 28 ta tuman (shahar)lardagi 578 ta mahalliy budjet tashkilotlarida va 154 ta tuman (shahar) obodonlashtirish boshqarmalarida jami 2 952 ta budjet muassasalarida kameral nazorat tadbirlari o‘tkazildi.

Kameral nazorat tadbirlariga qamrab olingan muassasalarning 1 213 tasida (42 foiz) 46,7 mlrd. so‘m miqdorida budjet qonunchiligini buzilish holatlari aniqlanib, nazorat tadbirlari davomida ko‘rilgan chora-tadbirlar natijasida 37,3 mlrd. so‘mi budjetga tiklandi hamda 9,1 mlrd. so‘m miqdoridagi budjet mablag‘larini maqsadsiz sarflanishini oldi olindi.

Shuningdek, 29,9 mlrd. so‘mlik qonunbuzilish holatlari bo‘yicha 359 ta nazorat tadbirlari hujjatlari qonuniy choralar ko‘rish uchun prokuratura organlariga yuborildi.

Hisobot davrida tasdiqlangan ish reja hamda Hukumat va huquqni muhofaza qilish organlarining topshiriqlariga asosan 8 074 ta budjetdan mablag‘ oluvchi tashkilotlarida budjet va budjetdan tashqari mablag‘larni maqsadli sarflanishi va moliyaviy intizomga rioya etilishi yuzasidan nazorat tadbirlari o‘tkazilgan bo‘lib, shundan 6 616 tasi (82 foiz)da 142,6 mlrd. so‘mlik qonunbuzilish holatlari aniqlanib, ushbu xarajatlarning 129,1 mlrd. so‘mi (91 foiz)ni davlat budjetiga tiklanishi ta'minlandi.

2019 yilda amalga oshirilgan nazorat tadbirlari yakunlarini 2018 yildagi ko‘rsatkichlar bilan taqqoslab, tahlil qilinganda, 2019 yilda 2018 yilga nisbatan nazorat tadbirlari soni 1,4 martga ko‘p o‘tkazilgan bo‘lsa, aniqlangan moliyaviy intizomni buzilish holatlari 2,1 martaga, budjetga tiklangan mablag‘lar 2,5 martaga ko‘paygan.

Ma'lumot uchun: 2018 yilda 5 575 ta budjet muassasalarida o‘tkazilgan nazorat tadbirlarining 4 744 tasida 68,1 mlrd. so‘mlik budjet intizomini buzilish holatlari aniqlanib, shundan 51,1 mlrd. so‘mi (75 foiz) budjetga tiklangan.

2019 yilda aniqlangan budjet intizomini buzilish holatlari vazirlik va hududlar kesimi bo‘yicha quyidagi bo‘ldi:

2019 yilda eng ko‘p aniqlangan budjet intizomini buzilish holatlari Xalq ta'limi vazirligi tizimidagi muassasalarida 29,8 mlrd. so‘mni tashkil etib, 2018 yilga nisbatan qonunbuzilish holatlari 19 mlrd. so‘mga (2,7 marta) ko‘paygan.

Shuningdek, Oliy va o‘rta maxsus ta'limi vazirligi tizimi tashkilotlarida aniqlangan qonunbuzilish holatlari 16,7 mlrd. so‘mni tashkil etib, 2018 yilga nisbatan 10,1 mlrd. so‘mga (2,5 marta), Maktabgacha ta'lim vazirligi tizimidagi muassasalarida aniqlangan qonunbuzilish holatlari 8,3 mlrd. so‘mni tashkil etib, 2018 yilga nisbatan 2,9 mlrd. so‘mga (1,5 marta), Madaniyat vazirligi tizimidagi muassasalarida aniqlangan qonunbuzilish holatlari 7,8 mlrd. so‘mni tashkil etib, 2018 yilga nisbatan 5,4 mlrd. so‘mga (3,3 marta) ko‘paygan.

Shu bilan birga, hisobot davrida Sog‘liqni saqlash vazirligi tizimidagi muassasalarda aniqlangan qonunbuzilish holatlari 13,8 mlrd. so‘mni tashkil etib, 2018 yilga nisbatan (17,1 mlrd. so‘m) kamaygan bo‘lsa-da, yirik miqdorni tashkil etdi.

Hisobot davrida aniqlangan yirik miqdordagi moliyaviy xato va kamchiliklar Qashqadaryo (18,7 mlrd. so‘m), Toshkent (17 mlrd. so‘m), Jizzax (16,9 mlrd. so‘m), Andijon (11,8 mlrd. so‘m), Surxondaryo (10,8 mlrd. so‘m), Samarqand (10,2 mlrd. so‘m) viloyatlariga va Toshkent shahriga (10,8 mlrd. so‘m) to‘g‘ri kelmoqda.

Yakuniy nazorat tadbirlarida aniqlangan 129,6 mlrd. so‘mlik qonunbuzilish holatlari bo‘yicha 4 498 ta nazorat tadbirlari hujjatlari qonuniy choralar ko‘rish uchun prokuratura organlariga yuborildi.

Shuningdek, budjet intizomini buzilishiga yo‘l qo‘ygan budjet tashkilotlarining 396 nafar mansabdor va mas'ul shaxslariga belgilangan tartibda 291,3 mln. so‘mlik ma'muriy jarima qo‘llanildi.

Davlat moliyaviy nazorati departamenti tomonidan profilaktika tartibida budjet va budjetdan mablag‘ oluvchi tashkilotlarning 2019 yil uchun xarajatlar smetasi va shtat jadvallarini me'yoriy hujjatlar hamda aniq hisob-kitoblar asosida rejalashtirilishi yuzasidan o‘tkazilgan nazorat tadbirlarida 39,1 mlrd. so‘m miqdorida ortiqcha rejalashtirilgan xarajatlar aniqlanib, ko‘rilgan chora-tadbirlar natijasida ushbu ortiqcha xarajatlarning oldi olindi.

Bundan tashqari, Davlat maqsadli jamg‘armalari va boshqa jamg‘armalar mablag‘larini maqsadli sarflanishi yuzasidan o‘tkazilgan 1 469 ta moliyaviy nazorat tadbirlarida 151,1 mlrd. so‘m miqdorida qonunbuzilish holatlari aniqlanib, shundan 90,8 mlrd. so‘mi (60 foiz) tiklanishi ta'minlandi hamda 141,4 mlrd. so‘m miqdoridagi qonunbuzilish holatlari bo‘yicha 744 ta nazorat tadbirlari hujjatlari qonuniy chora ko‘rish uchun prokuratura organlariga yuborildi.

Shuningdek, Hukumat kafolati ostida jalb qilingan kredit mablag‘laridan maqsadli foydalanilishi yuzasidan o‘tkazilgan 153 ta nazorat tadbirlarida 8,9 mlrd. so‘m miqdorda qonunbuzilish holatlari aniqlanib, shundan 5,3 mlrd. so‘mi tiklandi hamda 8,5 mlrd. so‘mlik qonunbuzilish holatlari bo‘yicha 113 ta nazorat tadbirlari hujjatlari huquqiy baho berish uchun prokuratura organlariga yuborildi.

«O‘zpaxtasanoat» AJ tizimidagi paxta tozalash korxonalarida 2018 yil hosilidan tayyorlangan paxta xom-ashyosini qabul qilish, qayta ishlash, mahsulotlarni sotish bo‘yicha hisob-kitoblarning haqqoniyligi yuzasidan o‘tkazilgan 200 ta nazorat tadbirlarining 103 tasida aniqlangan 129,1 mlrd. so‘mlik qonunbuzilish holatlari hujjatlari tegishli chora ko‘rish uchun prokuratura organlariga topshirildi.

Hukumat va huquqni muhofaza qilish organlarining qarorlari va topshiriqlariga asosan 309 ta xo‘jalik yurituvchi sub'yektlarda nazorat tadbirlari o‘tkazilgan bo‘lib, aniqlangan 55 mlrd. so‘m miqdoridagi moliyaviy qonunbuzilish holatlari bo‘yicha to‘plangan hujjatlar qonuniy chora ko‘rish uchun huquqni muhofaza qilish organlariga yuborildi.

Hisobot davrida mahalliy budjetlarning tuzilishi va ijrosi yuzasidan Toshkent, Buxoro, Surxondaryo va Qashqadaryo viloyatlarida keng qamrovli nazorat tadbirlari o‘tkazildi.

Mahalliy budjetlar tuzilishi va ijrosi yuzasidan o‘tkazilgan nazorat tadbirlari yakunlari tegishli viloyat hokimliklarida mahalliy budjetdan mablag‘ bilan ta'minlanadigan muassasa va tashkilotlarning rahbarlari va mas'ul xodimlari ishtirokida muhokama qilinib, aniqlangan budjet intizomini buzilish holatlarini takrorlanmaslik yuzasidan tegishli chora-tadbirlar belgilandi.

Shuningdek, budjet intizomini buzilishiga yo‘l qo‘ygan muassasa va tashkilot rahbarlariga nisbatan hokimlarning qarori bilan intizomiy choralar ko‘rildi, deyiladi xabarda.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top