11:17 / 11.01.2020
5
101997

Eronda urib tushirilgan Boeing. Hasan Ruhoniy bayonot bilan chiqdi

Foto: Abdullah Dhiaa Al-Deen / Reuters

Eron prezidenti Hasan Ruhoniyning Twitter’da ma'lum qilishicha, respublika rahbariyati Ukraina aviayo‘nalishlariga tegishli Boeing 737 samolyotining Tehron yaqinida qulashiga olib kelgan «kechirib bo‘lmaydigan xato» bo‘yicha ichki tekshiruvni davom ettiradi.

Shuningdek, u eronlik harbiylar Kiyevga parvoz qilgan yo‘lovchi samolyotni xato tufayli urib tushirgani haqidagi ma'lumotni tasdiqladi. «Tergov ushbu katta fojia va kechirib bo‘lmaydigan xatoning sabablarini aniqlash hamda aybdorlarni javobgarlikka tortish uchun davom etadi», - deb yozdi Ruhoniy.

ISNA tomonidan e'lon qilingan Eron rahbarining bayonotida aytilishicha, Vashingtonning ehtimoliy hujumlaridan himoyalanish maqsadida, Sulaymoniyning o‘limidan keyin «AQSh tomonidan qo‘rqitish va tajovuzkorlik» fonida islom respublikasi qurolli kuchlari 100 foizlik jangovar shay holatga keltirildi, «ammo, afsuski, bu inson omili tufayli yuz bergan xatoga olib keldi». 

Ruhoniyning so‘zlariga ko‘ra, Eron «Ukraina xalqaro aviayo‘nalishlari»ning urib tushirilgan samolyoti bilan sodir bo‘lgan fojiadan chuqur afsusda. 

8 yanvar kuni ertalab, Ukraina aviayo‘nalishlarining samolyoti Tehron aeroportidan parvozga ko‘tarilganidan keyin bir muncha vaqt o‘tib halokatga uchradi. Samolyot bortida jami 176 yo‘lovchi bo‘lgan, ulardan to‘qqiz nafari ekipaj a'zolari edi. Halokat natijasida barcha insonlar halok bo‘ldi.

Bir qator Yevropa mamlakatlari, shu jumladan, Ukraina ham samolyotga raketa zarbasi berilgani haqidagi versiya mavjudligini inkor etmadi. Shu bilan birga, Kanada bosh vaziri Jastin Tryudo va Buyuk Britaniya bosh vaziri Boris Jonson, shuningdek, AQShning qator ommaviy axborot vositalari razvedka xizmati va Oq uydagi manbalarga tayanib, Eron raketasi samolyotni tasodifan urib tushirgan bo‘lishi mumkinligini istisno etishmadi.

Tehron dastlab bunday taxminlarni rad etib, dvigatel avariyaga sabab bo‘lganini ta'kidladi.

Mavzu
Eronda Ukraina samolyoti halokati
Eronda 8 yanvar kuni «Ukraina xalqaro avialiniyalari» (MAU)ning Boeing 737 samolyoti halokatga uchradi. Uning bortidagi 180ga yaqin kishi halok bo‘ldi.
Barchasi
Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top