08:03 / 11.01.2020
1
35221
«Narkotik o‘chog‘idan» mehnatkashlar makonigacha. Tailandning mashhur Doi Tung qishlog‘iga sayohat
Foto: KUN.UZ

Kun.uz`da 11 dekabr kuni «Tailand buguni va Kobul kelajagiga sayohat: iqtisodiy-ijtimoiy rivojlanish formulasi haqida» sarlavhasida tahliliy maqola e'lon qilingandi. Unda Afg‘oniston poytaxti Kobul va Tailandning Doi Tung qishlog‘i solishtirilgan. Doi Tung bir vaqtlar xuddi hozirgi Afg‘oniston kabi narkotik moddalar «o‘chog‘i» bo‘lgan holda qanday obod joyga aylangani aynan o‘sha maqolada ochib berilgan.

23 yoshgacha bo‘lgan futbolchilar o‘rtasidagi Osiyo chempionati o‘yinlarini yoritish maqsadida Tailandda bo‘lib turibmiz. Shu bahonada ko‘pchilikning e'tiborini tortgan Doi Tung qishlog‘iga safar qildik.

Doi Tung mamlakat shimolidagi Chiang Rai shahrida joylashgan. Tailand deganda odatda dengiz, sohillarni tushunishadi. Ammo Doi Tungdagi ajoyib tabiatni ko‘rib haqiqiy Tailand mana bu yerda ekan deb yubordik. Tog‘ bo‘yidagi bu ajoyib qishloq juda chiroyli. Tog‘ning tepasigacha yerlar o‘zlashtirilib nimadir ekilgan. 30 yil avval odamlar narkotik moddalar yetishtirib berish va fohishabozlik bilan shug‘ullanib yurgan joy bugun qishloq xo‘jaligi orqali oyoqqa turgan. Nafaqat oyoqqa turgan, balki Tailandning mashhur markazlaridan biriga aylangan.

Bundan 30-40 yil avval giyohvandlik o‘chog‘i bo‘lgan Doi Tung mamlakat qirolining onasi Srinagarindraning tashabbusi bilan o‘zgarib ketgan. Tailandliklar shahzodaning onasi deb ataydigan xonim ajoyib kunlarning birida Doi Tungga boradi va ortiq bunday yashab bo‘lmasligini aytadi. U hukumatning bu qishloqni «odamlar yashaydigan yerga aylantirish» uchun pul ajratishini ta'minlaydi. Doi Tungda sharoitlar yaxshilana boshlaydi, ichimlik suvi, yo‘l bilan bog‘liq muammolar hal qilinadi. Irrigatsiya tarmog‘i shakllantiriladi va qishloq xo‘jaligi bilan shug‘ullanishga sharoit yaratiladi.

Shu tariqa aksari giyohvandlikka ruju qo‘ygan va tashqi dunyodan uzilib qolgan odamlar mehnat qila boshlaydi. Natijada Doi Tung asta-sekin tozalanib boradi. Bu yerda qahva yetishtirish yo‘lga qo‘yiladi. Tailandning eng mashhur qahvasi aynan Doi Tungda tayyorlanadi. Bu qishloqning choyi ham mashhur bo‘lib ulgurgan.

Ana shu choy, qahva plantatsiyalarini o‘z ko‘zimiz bilan ko‘rdik. Ayniqsa qahva maydonlari juda ajoyib. Hatto tog‘ yonbag‘ridagi tepaliklarda ham qahva yetishtirilayotgani ajablanarli. Tepadan pastga tushgan daraxtlarni ko‘rib u yerga qanday chiqish mumkin deb o‘ylab qolasiz, ammo mahalliy aholi xuddi tog‘ echkilari kabi qiya joylardan ham qahva donalarini terib olayotganini ko‘rdik. Qahva maydonlarida kakao ham yetishtiriladi. Aytishlaricha, qahvani terish oktyabrdan fevralgacha davom etadi.

Qahvani qayta ishlash ham aynan Doi Tung qishlog‘ida amalga oshiriladi. Chunki uni qayta ishlab sotsa, ko‘proq foyda olish mumkin. Doi Tung brendidagi qahva aynan mana shu sabab — bitta qishloqda ekib, qayta ishlab, qadoqlangani uchun ham qadrli. Butun jarayonning bitta yerda bo‘lib o‘tgani uning sifatiga ishonchni oshiradi. Qahvani quritish kabi ajoyib jarayonni ham o‘z ko‘zimiz bilan kuzatdik. Juda ko‘p quritilayotgan qahvaning o‘rtasida turganda odam shunaqangi yoqimli hidni tuyadiki... buni his qilish uchun o‘zingiz qahva quritish maydonida bo‘lib o‘sha hiddan bahramand bo‘lishingiz kerak.

Doi Tungga safarimiz Tailandning Myanma bilan chegarasida Quyosh botishini tomosha qilish bilan yakunlandi. Tailand shimolda Myanma va Laos bilan chegaradosh. Doi Tungdagi Myanma bilan chegarada harbiy qism bo‘lib u yerda suratga tushish uchun maxsus joy ham tayyorlab qo‘yilgan. Chegara bo‘lgani bois askarlar soat 18:00 gacha suratga olish mumkinligini aytishdi. Baxtimizga aynan shu vaqtda Quyosh botdi va har kuni takrorlanadigan Yaratganning bu ajoyib mo‘jizasini chegarada tomosha qildik. Quyosh ko‘z o‘ngimizda ikki mamlakatning o‘rtasiga botdi...

Bir so‘z bilan aytganda, Tailandga yo‘lingiz tushsa, faqat sohillarga emas, tabiati, qiyinchiliklarni yengib o‘tgani va albatta, qahvasi bilan tanilgan Doi Tung qishlog‘iga ham borishni tavsiya qilamiz. Quyida bu ajoyib qishloqdan tayyorlangan fotogalereyani tomosha qilishingiz mumkin.

Matn muallifi: O‘tkir Jalolxonov
Muhammadjon G‘aniyev olgan suratlar

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top