10:31 / 11.01.2020
2
10530
Tez tibbiy yordam xodimlarini bodi kameralar bilan ta'minlash bo‘yicha tajriba-sinov ishlari boshlandi
Foto: Sog‘liqni saqlash vazirligi axborot xizmati

Shu kunlarda tez tibbiy yordam imkoniyatlarini yanada kengaytirish maqsadida shu soha tibbiyot xodimlarini bodi kameralar bilan ta'minlashning tibbiy-huquqiy jihatlarini o‘rganish bo‘yicha tajriba-sinov ishlari boshlandi. 

Sog‘liqni saqlash vazirligi Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi rahbari Furqat Sanayevning xabar qilishicha, bundan maqsad tibbiy xizmat ko‘rsatishda ochiqlik va shaffoflikni ta'minlash, bemor huquqi va manfaatlari himoyasini kuchaytirish, tibbiy xizmat sifatini yanada oshirishdir. Ushbu bodi kameralar tibbiyot xodimlarining tahdid va tajovuzga uchrashi ehtimolining oldini olishda ham muhim o‘rin tutadi.

Bundan tashqari, Sanitar aviatsiya xizmati uchun zamonaviy vertolyotlar xarid qilinishi rejalashtirilgan. Ushbu yo‘nalishdagi ishlarni tashkil etish maqsadida sanitar aviatsiya xizmatidan foydalanish tartibi tasdiqlanib, sanitar vertolyotni tibbiy anjomlar bilan jihozlash spetsifikatsiyasi ishlab chiqildi.

Islohotlar natijasida aholining tez tibbiy yordam xizmatiga bo‘lgan ishonchi ortmoqda, murojaatlar yil sayin oshib boryapti. Masalan, 2016 yilda chaqiriqlar soni 7,2 millionni tashkil qilgan bo‘lsa, 2017 yilda – 8,7 million. 2018 yilda esa 9,8 millionga yetgan. O‘tgan yilda esa murojaatlar soni o‘n milliondan oshgan.

Shu bilan birga, shoshilinch tibbiy yordam xizmatining statsionar muassasalariga ham murojaatlar ko‘paymoqda. Jumladan, 2017 – 2019 yillarda ushbu shifo maskanlariga 7,5 milliondan ziyod bemor murojaat qilgan. Ulardan 2,5 million nafari statsionar, 5 milliondan ortig‘i esa ambulator tibbiy yordamdan bahramand bo‘lgan. Statsionarda davolangan bemorlarning 500 mingdan ortig‘iga yuqori texnologiyali murakkab xirurgik amaliyotlar bajarilgan.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top