17:12 / 12.01.2020
0
11491

Osiyo chempionati-U23. Janubiy Koreya Eronni yengib, chorak finalga chiqdi

Foto: Tribuna.uz

Tailandda 23 yoshgacha bo‘lgan futbolchilar o‘rtasidagi Osiyo chempionati davom etmoqda. Hozirgina Songhlada Eron va Janubiy Koreya jamoalari o‘rtasidagi uchrashuv yakunlandi. Unda Janubiy Koreya 2:1 hisobida g‘alaba qozonib muddatidan avval pley-off masalasini hal qildi.

O‘yinni eronlik futbolchilar faol boshlashdi. 10-daqiqada Muhammad Mohibi jarima maydonchasiga kirmay zarba yo‘lladi va ammo uning zarbasini himoyachilar qaytarishdi. 13-daqiqada Mehdi Gaidi qanotdan uzatilgan to‘pni darvozaga yo‘llashiga biroz aniqlik yetishmadi. Shu daqiqaning o‘zida koreyaliklar hujumga o‘tishdi va hujum Main Son Ungning xavfli, ammo noaniq zarbasi bilan yakunlandi.

O‘yinning 23-daqiqasida hisob ochildi. Janubiy Koreyaning uzoq davom etgan hujumi gol bilan yakunlandi. Avvaliga uzoqdan berilgan zarbani darvozabon qaytardi, lekin qaytgan to‘pni birinchi o‘yinda ham jamoasining yagona goliga mualliflik qilgan Li Don Jun darvozaga yo‘lladi — 0:1.

35-daqiqada esa Cho Gyu Son fors himoyachilarini dog‘da qoldirib, hisobdagi farqni ikkitaga oshirdi — 0:2.

Ikkinchi bo‘limni eronliklar faol boshlashdi va 54-daqiqada Rizo Shekari hisobni qisqartirdi. U havodan uzatilgan to‘pni bosh bilan darvozaga joylab qo‘ydi. Hakam tomonidan qo‘shib berilgan daqiqalarda eronliklar kuchli bosimni amalga oshirishdi, ammo hisob o‘zgarishsiz qoldi – 1:2.

Shu tariqa Janubiy Koreya «S» guruhida birinchi bo‘lib chorak final yo‘llanmasini hal qildi. Toshkent vaqti bilan 18:15 da «S» guruhining yana ikki jamoasi O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasidagi o‘yin boshlanadi.

Osiyo chempionati-U23
«S» guruhi

2-tur
ERON — JANUBIY KOReYa 1:2
Songhla. «Tinsulanon» stadioni, 5 177 tomoshabin.
Gol: Rizo Shekari (54) — Li Don Jun (23), Cho Gyu Son (35).
Eron: Habib Farabbosi, Mojtaba Najarian, Mehdi Mehdikoni, Ollohyor Sayyadmanesh, Rizo Shekari (Amir Husaynzoda, 81), Mehdi Gaidi (Ja'far Sulaymoniy, 76), Rizo Dehqoniy, Muhammad Mohibi, Matin Karizoda, Omid Nor Afkan, Orif Og‘osi.
Janubiy Koreya: Son Bum Kun, Li Yu Xyon, Li San Min, Jon Tae Vuk, Jon Vu Yon, Cho Gyu Sun, Li Don Jun, Kim Jin Ya, Jon Sun Von, Maen Sun Un, Von Du Jae.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top