19:50 / 13.01.2020
0
1615
Bojxona tizimida «Yagona darcha» axborot almashinuvi ishga tushirildi

Bugun, 13 yanvar kuni, Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida «Yagona darcha» bojxona axborot tizimining ishga tushgani, uning afzalliklariga bag‘ishlangan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi. Unda Davlat bojxona qo‘mitasi, «O‘zstandart» agentligi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi, Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qo‘mitasi vakillari ishtirok etishdi. Bojxona qo‘mitasi boshqarma boshlig‘i Baxtiyor Abdug‘aniyev ushbu tizim haqida ma'lumot berdi.

«Joriy yil 1 yanvardan boshlab eksport-import operatsiyalarida inson omilini kamaytirish va ish muddatini qisqartirish maqsadida «Yagona darcha» bojxona axborot tizimi (www.singlewindow.uz) ishga tushirildi. Endilikda respublikadan olib ketilayotgan va olib kirilayotgan mahsulotlar uchun ruxsatnoma olish elektron ravishda amalga oshiriladi. Bu fuqarolarga qanday qulaylik olib keladi? Eng avvalo, elektron baza ishga tushgani tufayli vaqt masalasi muammo bo‘lmaydi, idoralararo elektron hujjatlar almashinuvini qog‘ozbozlik va ortiqcha ovoragarchiliklarsiz amalga oshirish mumkin bo‘ladi.

Shuningdek, bu tizimdan xorijlik tadbirkorlar ham foydalanishi, qo‘shimcha ma'lumotlar olishi, xususan, bojxona reyestrlari, respublikada bojxona omborlari joylashuvi, to‘lov miqdori haqida axborot olish imkoniyati bor. «Yagona darcha»ga kelib tushgan arizani ko‘rib chiqish jarayoni o‘sha zahoti boshlanadi. Bunda arizachi ish qaysi bosqichda ketayotgani haqida onlayn kuzatib turish imkoniyati bo‘ladi. Tizimga elektron raqamli imzo orqali kirish mumkin.

«Yagona darcha» 2ta blokdan tashkil topgan. Birinchisida ariza taqdim etish, portal haqida asosiy ma'lumotlar, ruxsatnoma va sertifikatlarni haqiqiyligini tekshirish bo‘limlari bo‘lsa, ikkinchi blokda notarif tartibga solish to‘g‘risida ma'lumotlar, bojxona yuk deklaratsiyasini rasmiylashtirish, logistika kompaniyalari kabi bo‘limlarni o‘z ichiga oladi», deydi Baxtiyot Abdug‘aniyev.

Qo‘shimcha qilinishicha, shartnomani rasmiylashtirish va to‘lov bilan bog‘liq ishlar ham shu yilning aprel oyigacha hal qilinadi va shundan so‘ng bu tizimda inson omili ishtiroki kuzatilmaydi. Shuningdek, ruxsatnoma va sertifikatsiya olish muddatini qisqartirish maqsadida ma'lum mahsulotni ishlab chiqaruvchi korxona sertifikatini tan olish tizimini yo‘lga qo‘yish rejalashtirilyapti.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top