09:58 / 13.01.2020
5
17985

Hukumat qarori: Tibbiyot muassasalari tomonidan fuqarolarga ma'lumotnomalar berish tartibi soddalashtirildi

Foto: Shutterstock

Vazirlar Mahkamasining “Davlat tibbiyot muassasalari tomonidan fuqarolarga ma'lumotnomalar berish tartibini yanada soddalashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.

Hujjatga ko‘ra, Sog‘liqni saqlash vazirligi va Adliya vazirligining fuqarolarning Ruhiy kasalliklar bo‘yicha dispanser hamda Narkologiya dispanseri hisobida turishi yoki turmasligi to‘g‘risidagi ma'lumotnomani Davlat xizmatlari markazlari hamda Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (YaIDXP) orqali taqdim etish to‘g‘risidagi taklifi ma'qullandi.

Belgilanishicha, 2020 yil 1 apreldan boshlab:

Ruhiy kasalliklar bo‘yicha dispanser hamda Narkologiya dispanseri tomonidan fuqarolarning hisobda turishi yoki turmasligi to‘g‘risidagi ma'lumotnomani to‘g‘ridan-to‘g‘ri berish amaliyoti bekor qilinadi;

fuqarolarga Ruhiy kasalliklar bo‘yicha dispanser hamda Narkologiya dispanseri hisobida turishi yoki turmasligi to‘g‘risidagi ma'lumotnoma faqat Davlat xizmatlari markazlari yoki YaIDXP orqali taqdim etiladi;

narkologiya va ruhiy kasalliklarga chalingan fuqarolar hisobi faqat elektron shaklda yuritiladi.

Adliya vazirligi Sog‘liqni saqlash vazirligi bilan birgalikda 2020 yil 1 martga qadar davlat xizmatlarini ko‘rsatish uchun zarur bo‘lgan avtomatlashtirilgan elektron axborot tizimini ishlab chiqadi.

Sog‘liqni saqlash vazirligi 2020 yil 1 aprelga qadar avtomatlashtirilgan elektron axborot tizimiga Ruhiy kasalliklar bo‘yicha dispanser va Narkologiya dispanseri hisobida turgan fuqarolar haqida tegishli ma'lumotlarni kiritib, elektron baza shakllantirilishini ta'minlaydi hamda davlat xizmatlarini ko‘rsatishda tegishli ma'lumotlardan foydalanish imkoniyatini taqdim qiladi.

Sog‘liqni saqlash vazirligi:

2020 yil 1 fevralga qadar davlat xizmatlari ko‘rsatish uchun zarur hujjatlarning namunaviy shakllari, blankalari ishlab chiqilishini hamda Adliya vazirligi huzuridagi Davlat xizmatlari agentligi bilan kelishilgan holda tasdiqlanishini;

2020 yil 1 martga qadar Davlat xizmatlari agentligi bilan birgalikda hududiy bo‘linmalarning YaIDXPga ulanishini;

2020 yil 1 aprelga qadar Davlat xizmatlari agentligi bilan birgalikda Davlat xizmatlari markazlarining xodimlari ishtirokida ushbu qaror bilan tasdiqlangan ma'muriy reglamentlarni amalda qo‘llashning samaradorligi va natijadorligi darajasini oshirishga yo‘naltirilgan o‘quv seminarlari tashkil etilishi va o‘tkazilishini ta'minlaydi.

Davlat xizmatlari agentligi YaIDXPda davlat xizmatlari ko‘rsatilishining har bir bosqichida yuridik va jismoniy shaxslarning murojaatlari ko‘rib chiqilishini kuzatib borish tartibini joriy etadi.

Mavzuga oid
Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top