13:07 / 13.01.2020
0
74480
«O‘zgidromet» hafta davomida qanday ob-havo kutilayotganini ma'lum qildi
Foto: KUN.UZ

Yakshanbadan dushanbaga o‘tar kechasi O‘zbekistonga haqiqiy qish kirdi. Mamlakat hududiga Kavkaz rayonlaridan kirgan sovuq antitsiklon butun respublikaga, shimoliy viloyatlar va cho‘l zonasidan tashqari, yog‘ingarchilik olib keldi. Yomg‘ir ko‘rinishida boshlangan yog‘inlar qorga aylandi. Yakshanba kuni kechqurun va o‘tgan tunda ayniqsa kuchli yog‘ingarchilik bo‘ldi.

«O‘zgidromet» xabariga ko‘ra, dushanba kuni tongga kelib tekislik hududlarida mavsumdagi birinchi qor qoplami hosil bo‘ldi. Qorning balandligi ayrim joylarda 10-13 sm.ni tashkil qildi.

Bugun kunning birinchi yarmida respublikaning katta qismida kuchsiz qor yog‘ishi davom etdi. Kunning ikkinchi yarmida yog‘ingarchilikning to‘xtashi kutilmoqda faqat Farg‘ona vodiysi viloyatlarida va tog‘li hududlarda qor kun davomida yog‘adi.

Ertadan haftaning oxirigacha ob-havo antitsiklonning sovuq muhitiga qarab belgilanadi. U hududlarda sovuq va quruq ob-havoni ta'minlaydi. Faqat O‘zbekistonning tog‘li hududlarida qor yog‘ishi mumkin.

Shu kunlarda havo harorati kechasi 2-7 daraja sovuq, kunduzi 2 daraja sovuq - 3 daraja iliq bo‘ladi, bu yanvar oyi o‘rtalaridagi normadan 3-5 darajaga past.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top