08:56 / 13.01.2020
2
32927
«Penaltini Jasurga bersam bo‘larkan…» –futbolchilar Xitoyga qarshi o‘yindan keyin nimalar deyishdi?

12 yanvar kuni O‘zbekiston U23 jamoasi Tailandda o‘tayotgan Osiyo chempionati guruh bosqichining 2-turida Xitoy U23 bilan to‘qnash kelib, Islom Qobilov va Nurillo To‘xtasinovning gollari evaziga g‘alaba qozondi hamda guruhda 2-o‘ringa ko‘tarilib oldi. 

Ushbu bahsdan so‘ng O‘zbekiston milliy olimpiya jamoasining ayrim futbolchilari o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashishdi.

Aziz G‘aniyev: «O‘tgan o‘yin qiyin bo‘lgandi. 50% kuchimizni ko‘rsata olgandik, bugun 100% kuchimizni ko‘rsatishga erishdik. Janubiy Koreya bilan o‘tadigan navbatdagi bahsda ham muxlislarni xursand qilishga, oldimizga qo‘yilgan vazifani bajarishga harakat qilamiz».

Husniddin Aliqulov: «O‘yin yaxshi bo‘ldi. Muxlislarni xursand qilganimizdan mamnunmiz. Nasib bo‘lsa, keyingi bahsda ham g‘alaba qozonishga harakat qilamiz».

Oybek Bozorov: «Hammasi o‘ylaganimizdek bo‘ldi. Hujumkor o‘yin ko‘rsatdik. Niyatimizga yetdik».

Bobur Abduxoliqov: «Bizni qo‘llab turgan muxlislarga kattakon rahmat. Xalqimiz duo qilib turishsin, ularning ishonchini oqlashga harakat qilamiz. 

Janubiy Koreyani avvalgi Osiyo chempionatida yenggan bo‘lsak ham (4:1), bu safargisi umuman boshqacha o‘yin bo‘ladi. Ular guruhdan chiqib bo‘lishdi, lekin bizni muhim bahs kutib turibdi».

Sanjar Qodirqulov: «Avvalo, o‘tgan o‘yindan so‘ng yigitlar bilan gaplashib oldik. Dastlabki bahsda o‘yinimiz qovushmagandi. Bugun g‘alaba qozonib, yuzimiz yorug‘ bo‘ldi. 

Boshqa bunday imkoniyat bo‘lmaydi. Jahon chempionati uchun imkoniyatlar ko‘p bo‘lishi mumkin, lekin olimpiada uchun bunday emas. Har bir o‘yinda bor kuchimizni ishga solib, jonimizni berib harakat qilamiz».

Abduvohid Ne'matov: «Dastlabki bahsda Eron bilan durang o‘ynaganimizdan so‘ng bugun g‘alaba suv va havodek zarur edi. O‘z darajamizni ko‘rsata oldik. Bizni qo‘llab-quvvatlagan muxlislarga alohida rahmat. Ular chindan ham 12-o‘yinchi bo‘lishdi».

Islom Qobilov: «Birinchi o‘yindan so‘ng tegishli xulosalarni chiqardik, videotasmalarni ko‘rib chiqdik. Jahon chempionatlarining ilk o‘yinlarida kuchli jamoalar va futbolchilar ham qiynalishadi. Albatta, hayajon bo‘ladi. 

Birinchi penaltini tepayotganimda ishonchim bor edi. Ikkinchi penaltida biroz ikkilanish bo‘ldi. Ikkinchi penaltini Jasur Yaxshiboyev so‘ragan edi, bersam bo‘lar ekan. Penaltidan foydalana olmaganimdan keyin tushkunlikka tushmadim. Aziz G‘aniyev va boshqa jamoadoshlarim dalda berishdi». 

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston milliy olimpiya jamoasi 1-turda Eron bilan 1:1 hisobida durang o‘ynagandi. Lyubinko Drulovich shogirdlari 3-turni 15 yanvar kuni guruh peshqadami Janubiy Koreya milliy olimpiya jamoasiga qarshi o‘tkazishadi.

Mavzu
Osiyo chempionati-U23
8 yanvar kuni Tailandda U-23 terma jamoalari o‘rtasidagi navbatdagi Osiyo chempionati start oldi. O‘zbekiston vakillari ham ishtirok etayotgan turnir 26 yanvarga qadar davom etadi.
Barchasi
Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top