19:20 / 14.01.2020
1
10242
Ekologiya qo‘mitasi atmosferani eng ko‘p zaharlayotgan korxonalar nomini ma'lum qildi

Bugun, 14 yanvar kuni, Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida «Atrof-muhit ifloslanishi monitoringini yanada takomillashtirish» mavzusida matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi. Unda Ekologiya va atrof-muhitni rivojlantirish davlat qo‘mitasi vakillari ishtirok etishdi. Qo‘mita boshqarma boshlig‘i To‘lagan Abdulg‘oziyev atrof-muhitga salbiy ta'sir ko‘rsatayotgan sanoat korxonalari haqida axborot berdi.

Foto: Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi

«Respublika bo‘yicha 181ta korxona atmosferaga ma'lum miqdorda zarar keltiradi va ulardan yiliga atrof-muhitga 808 ming tonna tashlanmalar chiqariladi.

Havoni ifloslantirish darajasi bo‘yicha sanoat korxonalarining statistikasi juda keng qamrovli bo‘ladi. Bu bo‘yicha aniq reyting tuzilmaydi. Lekin bir necha yil oldingi ma'lumotlarga tayanadigan bo‘lsak, bu OTMK (Olmaliq tog‘-metallurgiya kombinati), yirik kimyo zavodlari, jumladan, Navoiy azot zavodini misol qilib keltirsa bo‘ladi.

Yuqorida aytilganidek, bu bo‘yicha maxsus reyting tuzilmagani uchun aniq ma'lumot berish qiyin. Avvaliga reyting talablarini ishlab chiqish zarur», deya uning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Ma'lumot uchun, 5ta korxona atrof-muhitga sezilarli darajada salbiy ta'sir o‘tkazgani aniqlangan. Qoraqalpog‘istonning «Titan cement» QKda 1,06–4,6 marta, «Karakalpak cement» QKda 6,06 marta, Farg‘ona viloyatidagi «Turon eco cement group» korxonasida 1,68–1,8 marta, «Yaypangips» korxonasida 1,7–1,86 marta va «Fergana sement» QKda 1,16–1,36 marta ruxsat etilgan me'yordan yuqori chang miqdori borligi ma'lum bo‘lgan.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top