14:44 / 14.01.2020
7
43881

O‘zbekistonda kripto-aktivlar yordamida boyib ketishni taklif qilayotgan «moliyaviy piramidalar» paydo bo‘ldi

Foto: Mike Segar / Reuters

So‘nggi paytlarda butun dunyoda bo‘lganligi kabi O‘zbekistonda ham "moliyaviy piramidalar" ko‘rinishidagi turli firibgarlik sxemalaridan, shu jumladan, kripto-aktivlardan foydalanish holatlari tez-tez uchramoqda, deyiladi Loyiha boshqaruvi milliy agentligi (LBMA) bildirishida.

Qayd etilishicha, odatda kelib chiqishi chet ellarda bo‘lgan jinoiy guruhlar har xil elektron platformalar, saytlar va axborot tizimlarini tashkil qilish orqali noqonuniy boylik orttirish maqsadida aholining bo‘sh pul mablag‘larini jalb qilish uchun O‘zbekiston bozoriga kirmoqda. Bunda respublika aholisi moliyaviy savodxonligining past darajada ekanligi, shuningdek, unda kripto-aktivlarning mazmuni va ishlash mexanizmlari to‘g‘risida asosiy bilimlarning yo‘qligi yovuz niyatli odamlarga qo‘l kelmoqda.

Bunday loyihalarning jozibadorligini oshirish va ko‘p sonli ishtirokchilarni jalb qilish uchun tarmoq marketingi deb nomlanuvchi usul va "Ponsi sxemasi" elementlaridan foydalaniladi.

“Ponsi sxemasi” moliyaviy piramidani tashkil etishning jinoiy sxemasi bo‘lib, u avvalgi investorlarning daromadlarini yangi investorlardan olingan mablag‘lar hisobidan to‘lashni nazarda tutadi. Avvaliga bu juda foyda keltiruvchi sxema bo‘lib ko‘rinishi mumkin, ammo u odatda yangi investorlarning mablag‘lari oqimi eskilariga to‘lovlarni amalga oshirish uchun yetarli bo‘lmay qolgandan so‘ng buziladi.

Jinoyat kodeksining 188-1-moddasiga binoan (pul mablag‘larini va (yoki) boshqa mol-mulkni jalb qilish bo‘yicha noqonuniy faoliyat) mulkiy manfaat berish bo‘yicha zimmaga majburiyat olish yo‘li bilan jismoniy va yuridik shaxslarning pul mablag‘larini va (yoki) boshqa mol-mulkini jalb etishga doir noqonuniy faoliyatni amalga oshirish va bunda ilgari olingan majburiyatni jismoniy va yuridik shaxslarning yangi jalb etilgan pul mablag‘lari va (yoki) boshqa mol-mulki hisobidan bajarish, shuningdek bunday faoliyatga rahbarlik qilish hamda shunday faoliyat ko‘rsatilishini ta'minlash, xuddi shuningdek mazkur faoliyatda ishtirok etishga jalb qilish maqsadida ushbu faoliyatni reklama qilish, shu jumladan ommaviy axborot vositalaridan yoxud telekommunikatsiya tarmoqlaridan, shuningdek Internet jahon axborot tarmog‘idan foydalangan holda reklama qilish uchun jinoiy javobgarlik belgilangan.

Chakana savdo qoidalarida tarmoq marketingi orqali chakana savdoni amalga oshirish xususiyatlari belgilab berilgan. Ushbu Qoidalarning 187-8-bandiga muvofiq tarmoq marketingini amalga oshirishda quyidagilar taqiqlanadi:

savdo agenti shartnoma tuzish uchun sotib olishi kerak bo‘lgan tovarlarning minimal miqdorini belgilash;

a'zolik badali ko‘rinishidagi yig‘imni olish;

shartnoma tuzilgandan keyin savdo agentiga boshqa savdo agentlarini jalb qilish talabini qo‘yish.

"Moliyaviy piramidalar" juda katta miqdordagi ishtirokchilarni jalb qilishga qaratilganligini hisobga olsak, bunday loyihalarni tashkil etuvchilarning daromadi bir necha million AQSh dollariga yetishi mumkin, minglab odamlar esa jabrlanuvchi bo‘lib qoladi, bu esa jamoatchilikning kuchli noroziligiga sabab bo‘ladi.

LBMA xalqaro tajribani tahlil qilgan holda, quyida shubhali loyihalarning asosiy belgilarini havola qildi:

1. Kompaniyaning kelib chiqish joyi noma'lum.

Odatda, bunday kompaniyalar o‘zlarining ro‘yxatdan o‘tish ma'lumotlarini oshkor qilmaydilar yoki offshor yoki nazorati kuchsizroq va moliya tizimi kamroq rivojlangan boshqa yurisdiksiyalarda ro‘yxatdan o‘tadilar.

O‘zbekiston Respublikasida hududida chet el yurisdiksiyasida ro‘yxatdan o‘tgan bosh tashkilotning vakili sifatida filiallar tashkil etilishi mumkin.

Bundan tashqari, moliyaviy faoliyatni, shu jumladan kripto-aktivlarning aylanmasi sohasidagi faoliyatni amalga oshirish litsenziyasi niqobi ostida xorijiy davlatning ro‘yxatdan o‘tish hujjatlarining nusxalari yoki fotosuratlari va boshqa hujjatlar taqdim etiladi (savdo reyestridan ko‘chirmalar, turli xil sertifikatlar va boshqalar).

2. Har qanday moliyaviy javobgarlikni rad etish va ishtirokchidan bitim yoki shartnomada barcha xatarlarni qabul qilishga rozi ekanligini talab qilish.

Reklama, sayt va tadbirlarda yuqori daromad olish haqida beriladigan va'dalarga qaramay, tashkilotchilar va ishtirokchilar (investorlar) o‘rtasida tuziladigan rasmiy hujjatlarga har qanday moliyaviy xavflar yoki investorlar mablag‘larining yo‘qotilishi uchun tashkilotchilarning javobgar bo‘lmasligi haqidagi normalar kiritiladi.

Namunaviy bitimni (kontrakt, shartnoma, ommaviy oferta) imzolar ekan, ishtirokchi barcha xavflarni (moliyaviy va boshqa) o‘z zimmasiga oladi va kompaniya faoliyati tugatilgan taqdirda o‘zini yomon ahvolga qo‘yadi.

 3. Shubhali yoki oddiy foydalanuvchi uchun tushunarsiz xizmatlar/mahsulotlar.

Odatda, bunday kompaniyalar o‘z xizmatlari yoki mahsulotlarini maqsadli ravishda oddiy foydalanuvchi uchun tushunarsiz holda taqdim etadilar, asosan, ushbu xizmatlar yoki mahsulotlarning e'lon qilingan xususiyatlarining to‘g‘riligini tekshirishning imkoni bo‘lmaydi.

Quyida bunday xizmatlar yoki mahsulotlardan ba'zi misollar keltirilgan:

o‘ziga tegishli virtual (raqamli) aktiv, unga bo‘lgan talab doimiy ravishda oshib borishi munosabati bilan uning qiymati doimiy ravishda o‘sib boradi, bunda bunday aktiv hech qanday rasmiy moliyaviy yoki kripto-maydonchalarda muomalada bo‘lmaydi, balki faqat o‘zining yopiq tizimida muomalada bo‘ladi va uning qiymati sun'iy ravishda oshiriladi;

investorlarning mablag‘lari bilan ishlaydigan fond, kripto va valuta birjalarida, platformalarda savdo qiluvchi avtomatlashtirilgan botlar;

tadbirkorlik asoslari yoki boshqa mavzular bo‘yicha o‘quv kurslari (videomateriallar);

taklif etilayotgan aktivlarni sotib olish hisobiga turli xil xizmatlarga (moliyaviy, sayyohlik, va hokazo) yuqori chegirmalar;

shartnomaning mazmuni taklif qilinayotgan mahsulot (aktiv, xizmat) ga mos kelmaydi. Masalan, yuqori daromadli aktivlarga mablag‘larni kiritishni taklif etganda fuqarolar bilan faqat konsalting xizmatlarini ko‘rsatishga shartnoma tuziladi.

4. Muayyan platformada kelgusida ishlash uchun mablag‘larni majburiy investitsiyalash bo‘yicha talablarning mavjudligi.

Bunday loyihalar ishtirokchilar mablag‘larini jalb qilishga qaratilgan, shu munosabat bilan, loyiha/kompaniyaga qo‘shilishning birinchi sharti majburiy ravishda investitsiya kiritish yoki ma'lum xizmatlarni sotib olishdir. Bunda, Siz qancha ko‘proq pul kiritsangiz, ular taklif qilayotgan daromadning foizi shuncha yuqoriroq bo‘ladi.

5. Yangi ishtirokchilarni jalb qilish orqali daromad olishning ko‘p bosqichli dasturining mavjudligi.

Bunday loyihalarda, odatda, ishtirokchining daromadi o‘z investitsiyasining hajmi, shuningdek, jalb etilgan ishtirokchilarning soniga qarab belgilanadi. Ya'ni, Sizga Siz jalb qilgan ishtirokchilar aylanmasidan, shuningdek, quyi darajalardagi ishtirokchilar aylanmasidan daromad olish taklif etiladi.

Quyidagiga e'tibor berishingizni so‘raymiz: agar kompaniya haqidagi ma'lumotlar ishtirokchilar aylanmasidan daromad olish uchun ko‘p bosqichli dasturni o‘z ichiga olgan bo‘lsa, shuningdek, Siz aktivlarni chiqarib olishga harakat qilsangiz, tashkilotchilar Sizning aktivingizni boshqa yoki yangi investorlarga sotish orqali pulingizni qaytarishga va'da berishadi, bu esa "Ponsi sxemasi", ya'ni moliyaviy piramidaning asosiy belgilaridan biridir.

6. Ushbu loyihaga mablag‘ kiritgan boshqa ishtirokchilarning yuqori daromadlarini namoyish etish orqali jozibadorlikni oshirish.

Ko‘pincha, bunday kompaniyalar loyihaga qo‘shilgandan so‘ng hayotlarini yaxshi tomonga o‘zgartirgan oddiy kasblardagi odamlarning muvaffaqiyatli tarixi haqida gapirib berishadi. Agar bu voqea rost bo‘lsa ham, ularning boyishiga dastlabki bosqichda boshqa ishtirokchilar, ya'ni firibgarlikning potensial qurbonlarining pullarini jalb qilish orqali erishiladi.

7. Potensial ishtirokchilarning zarur bilimlari yo‘qligini hisobga olgan holda “kriptovalutalarning yuqori istiqbollari” bilan manipulyatsiya qilish.

Masalan, kompaniya yaqin istiqbolda kripto-aktivlar yoki u taklif qilayotgan boshqa aktivlar kursining o‘sishi to‘g‘risidagi ma'lumotlar bilan manipulyatsiya qilishi mumkin va bunda o‘z imkoniyatlarini qo‘ldan boy bermaslikka ishontirishga harakat qilgan holda fuqarolarni jamg‘arilgan pullarini ularga kiritishga bosim bilan tashviqot qilishi mumkin.

8. Kompaniyaning go‘yoki keng ko‘lamli faoliyatini ko‘rsatish va loyihaga keng auditoriyani jalb qilish maqsadida yirik tadbirlarni tashkil qilish.

Odatda kompaniyalar o‘zlarining yuqori imijlarini namoyish etishga harakat qilib, xizmatlariga pul to‘langan maxsus shaxslar va shou-biznes yulduzlari ishtirokida yirik tadbirlarni katta zallarda o‘tkazadilar, Bunday tadbirlarning asosiy maqsadi yangi ishtirokchilardan investitsiyalarni jalb qilish uchun loyiha auditoriyasini kengaytirishdan iboratdir.

Bundan tashqari, ishtirokchilarni jalb qilish va bunday tadbirlarda loyihada qatnashishning muvaffaqiyatli ekanligiga ko‘rinish berish uchun, loyiha ishtirokchilari orasida odatda go‘yoki sovrinni yutgan oldindan kelishilgan shaxslarning mulki bo‘lgan qimmatbaho sovrinlar (avtomashinalar, maishiy texnika) lotereyalarini tashkil qilishlari mumkin.

9. Ishtirokchilarga ma'lum malaka yoki boshqa talablar qo‘yilmasligi.

Moliyaviy piramidalarga ko‘p sonli fuqarolarni jalb qilsh imkoniyatini beradigan asosiy element moliyaviy va huquqiy savodxonlik darajasining pastligi bo‘lgani uchun tashkilotchilar tomonidan investitsiyalar kiritish uchun maxsus bilim va malakaning zarur emasligi keng ravishda ta'kidlanadi.

Fuqarolarga eslatilishicha, bunday loyihalarning ishtirokchisi bo‘lar ekansiz:

kiritilgan mablag‘laringizni yo‘qotish xavfini tug‘dirasiz, chunki bunday turdagi kompaniyalar ertami-kechmi o‘z faoliyatlarini yakunlaydilar (kompaniyalar o‘z moliyaviy majburiyatlarini bajarishga qodir bo‘lmay qolganlarida yoki mas'ul organlarning talablariga muvofiq);

barcha xavflar uchun javobgarlikni o‘z zimmangizga olishga rozi bo‘lganingiz sababli tashkilotchilarga da'vo qilish uchun hech qanday qonuniy asosingiz bo‘lmaydi;

tanishlaringiz, do‘stlaringiz yoki qarindoshlaringizni firibgar tashkilotga jalb qilganingiz uchun ularning ishonchini yo‘qotishingiz mumkin.

Joriy yilda prezident huzuridagi Loyiha boshqaruvi milliy agentligi qalbaki "kripto" aktivlarni reklamasi va savdosi bo‘yicha bir qator shubhali loyihalarni aniqladi va tegishli ma'lumotlar huquqni muhofaza qilish organlariga yuborildi.

Shu munosabat bilan, fuqarolarni noqonuniy faoliyatga jalb qilishdan himoya qilish maqsadida, Loyiha boshqaruvi milliy agentligi imkon qadar hushyor bo‘lishga, ehtiyot bo‘lishga va bunday kompaniyalar, platformalar, saytlar yoki tizimlar faoliyatida ishtirok etmaslikka, tanishlar, do‘stlar yoki qarindoshlardan qarz olmaslikka, ayniqsa qisqa vaqt ichida kiritgan mablag‘larni ikki yoki uch baravar ko‘paytirishga chorlaydigan shubhali sxemalarga investitsiya qilish va a'zo bo‘lish uchun kredit va qarz majburiyatlarini olmaslikka chaqiradi.

Agar shubhali moliyaviy sxemalar asosida ish yuritayotgan ayrim kompaniyalarning faoliyati to‘g‘risida biron bir ma'lumot bo‘lsa, qonunda belgilangan tartibda O‘zbekiston huquqni muhofaza qilish organlariga xabar berish so‘ralgan.

Shuningdek, agar kripto-aktivlarni noqonuniy maqsadlarda yoki firibgarlik uchun ishlatayotgan kompaniyalar haqida ma'lumot bo‘lsa, tegishli ma'lumotlarni Loyiha boshqaruvi milliy agentligiga (fraud@napm.uz elektron manziliga) keyingi o‘rganish va tegishli choralarni ko‘rish uchun yuborish so‘ralgan.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top