17:09 / 14.01.2020
0
17392
Prezident BAA va Yaponiya bilan hamkorlikdagi loyihalarni amalga oshirish muhokamasiga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazdi
Foto: Prezident matbuot xizmati

O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyev Birlashgan Arab Amirliklari va Yaponiyaga oliy darajadagi tashriflar yakunida erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish muhokamasiga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar bermoqda. 

BAA va Yaponiya – ulkan investitsion imkoniyatlarga ega, jadal rivojlanish, modernizatsiya va ilg‘or texnologiyalarni samarali joriy qilishda, diversifikatsiyalashgan va barqaror iqtisodiyotni shakllantirishga xizmat qiladigan keng miqyosli investitsiya loyihalarini amalga oshirishda katta tajribaga ega mamlakatlar.

O‘zbekiston Respublikasi prezidentining 2019 yil 24-26 mart kunlari BAAga va 17-20 dekabr kunlari Yaponiyaga amalga oshirgan rasmiy tashriflari ikki tomonlama hamkorliklar tarixida yangi sahifalar ochdi, deyiladi xabarda.

BAA va Yaponiyadagi sheriklar bilan do‘stona va konstruktiv ruhda o‘tgan samarali muzokara va tadbirlar oliy darajadagi muloqot yanada qo‘llab-quvvatlanishining muhimligi, bu mamlakatlar o‘rtasidagi do‘stlik va o‘zaro ishonchni mustahkamlashda hal qiluvchi omil ekanini yana bir bor tasdiqladi.

Tashriflar yakunida hukumatlararo va idoralararo salmoqli hujjatlar to‘plami, shuningdek, savdo-iqtisodiy va investitsion bitimlar imzolandi. Xususan, Birlashgan Arab Amirliklari bilan umumiy qiymati 10 milliard dollardan ortiq, Yaponiya bilan esa 6 milliard dollardan ziyod qo‘shma loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi.

Jumladan, energetika, infratuzilmani rivojlantirish, neft-gaz, kimyo va neft-kimyo, mashinasozlik, qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat sanoati, turizm va boshqa sohalarda qator loyihalarni amalga oshirish ko‘zda tutilgan.

Yig‘ilishda BAA kompaniyalari bilan erishilgan kelishuvlar bugun o‘z natijasini berayotgani ta'kidlandi. Masalan, «Masdar» kompaniyasi O‘zbekistonda quyosh elektr stansiyasi qurilishiga 100 million dollar sarmoya kiritmoqda. 2019 yil oktabr oyida quyosh energetikasida davlat-xususiy sheriklikka investitsiyalar jalb qilish bo‘yicha yurtimiz tarixida ilk bor o‘tkazilgan ochiq tenderda ushbu kompaniya g‘olib deb topildi. Qurilish ishlari 2020 yilning birinchi choragida boshlanishi kutilmoqda. 

Bunday ijobiy natijalar BAA hamda Yaponiya ishtirokidagi boshqa ko‘plab loyihalarda ham kuzatilmoqda.

Xususan, BAA ishtirokida 1 milliard dollarlik kapitalga ega «The Abu Dhabi Uzbek Fund» investitsiya fondi tashkil etildi. Bugungi kunga kelib ushbu jamg‘arma mablag‘lari hisobidan kichik va o‘rta loyihalarni, shuningdek, Samarqand shahrida mehmonxona qurish, Hyatt Regency Tashkent mehmonxonasi xususiylashtirilishini moliyalashtirish ma'qullandi.

Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligi (JICA) mablag‘larini jalb qilgan holda Respublika ixtisoslashtirilgan nevrologiya va insult ilmiy-amaliy tibbiyot markazini qurish va jihozlash loyihasi amalga oshirilmoqda.

O‘zbekiston Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi Yaponiya xalqaro hamkorlik banki (JBIC) kredit mablag‘lari hisobidan «Ma'lumotlarni saqlash va ularga ishlov berish markazlari (data-markazlar) tashkil etish», «Paketli kommutatsiya xalqaro markazlarini kengaytirish», «Telekommunikatsiya transport tarmog‘i va ma'lumotlar uzatish tarmog‘ini kengaytirish», «Radiotarmoqni modernizatsiya qilish» loyihalarini amalga oshirish uchun 180 million dollar mablag‘ jalb etishni rejalashtirgan.

Shu bilan bir qatorda, yaponiyalik mutaxassis Etsuaki Yoshida O‘zbekiston Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligida vazir maslahatchisi sifatida faoliyat boshladi. U AKT sohasidagi korxonalarni modernizatsiya qilish, texnik va texnologik jihatdan yangilash dasturini amalga oshirish uchun xorijiy investitsiyalar va xalqaro kredit liniyalarini jalb qilish masalalari bilan shug‘ullanadi. O‘zbekiston Respublikasining Yaponiyadagi elchixonasida ta'lim, fan va innovatsiyalar bo‘yicha maslahatchi-vakil hamda xususiy biznes bilan ishlash bo‘yicha maslahatchi lavozimlari joriy qilindi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev yig‘ilish chog‘ida tashriflar natijalari bo‘yicha ishlab chiqilgan «yo‘l xarita»lariga muvofiq 2020 yil uchun belgilangan chora-tadbirlarning to‘liq va sifatli ijrosini ta'minlash zarurligini ta'kidladi.

Aholi turmush darajasini oshirish va tadbirkorlikni jadal rivojlantirishga xizmat qiladigan loyihalarni o‘z vaqtida va sifatli amalga oshirishga alohida e'tibor qaratildi.

Yig‘ilishda muhokama qilingan masalalar yuzasidan Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi rahbariyatining hisoboti eshitildi, aniq chora-tadbirlar belgilandi.

Shuningdek, eksport oldi moliyalashtirishni kengaytirish, investitsiya muhitini yaxshilash, sanoat tarmoqlari va istiqbolli loyihalarga to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarni jalb qilishda manzilli yondashuvni amalga oshirish masalalari muhokama qilindi va takliflar ishlab chiqildi.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top