12:29 / 14.01.2020
0
5787
Sirdaryo viloyati tibbiyot tashkilotlarida «har bir davolangan holat uchun» moliyalashtirish tartibi joriy etilyapti
Foto: Shutterstock

Hukumatning “O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligining tibbiyot tashkilotlarini moliyalashtirish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.

Davlat budjeti mablag‘lari hisobidan jon boshiga va “har bir davolangan holat uchun” moliyalashtirish mexanizmi tajriba-sinov tarzida joriy etiladigan Sirdaryo viloyati tibbiyot tashkilotlarining ro‘yxati tasdiqlandi.

Sog‘liqni saqlash vazirligi Moliya vazirligi bilan birgalikda bir oy muddatda:

Sirdaryo viloyati sog‘liqni saqlash boshqarmasi tuzilmasida Sirdaryo viloyati “sog‘liqni saqlash” tizimidagi muassasalarning shtatlari doirasida 7 kishidan iborat tibbiy xizmatlar bo‘yicha davlat xaridlari to‘g‘risidagi shartnomalarni tuzish va bajarilgan ishlarni qabul qilish bo‘limini tashkil etadi;

moliyalashtirishning yangi mexanizmlariga o‘tayotgan tibbiyot tashkilotlari uchun statsionar va ambulator sharoitda bemorlarni davolash xarajatlarini alohida hisobga olish maqsadida mavjud elektron buxgalteriya hisobi va hisobot dasturlarini takomillashtirish choralarini ko‘radi.

Sog‘liqni saqlash vazirligi tasdiqlangan tibbiy yordam sifati standartlariga muvofiq orderlar va yo‘llanmalar berish, tibbiy yordam ko‘rsatish to‘g‘riligi ustidan nazoratni, shuningdek, moliyalashtirishning yangi mexanizmini joriy etish bo‘yicha tajriba-sinov o‘tkazish natijalarining tizimli monitoringi va tahlilini ta'minlaydi.

Sog‘liqni saqlash vazirligi tizimidagi tibbiyot tashkilotlarini “har bir davolangan holat uchun” Davlat budjet mablag‘lari hisobidan moliyalashtirish tartibi to‘g‘risidagi vaqtinchalik nizomga ko‘ra, moliya yilida tibbiyot tashkilotiga bir shartnoma doirasida ajratilgan mablag‘lar hajmini hisob-kitob qilish uchun Sog‘liqni saqlash vazirligi Moliya vazirligi bilan birgalikda har yili 1 fevralgacha quyidagilarni tasdiqlaydi:

har bir davolangan holat uchun bazaviy tarif va murakkablik indekslari;

statsionar tibbiy yordam olishi rejalashtirilgan mijozlar soni.

“Har bir davolangan holat uchun” bazaviy tarifni va murakkablik indeksini hisob-kitob qilish tartibi Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan Moliya vazirligi bilan kelishilgan holda belgilanadi.

Tibbiyot tashkiloti bilan “har bir davolangan holat uchun” shartnoma Davlat budjeti mablag‘lari hisobidan tegishli tibbiyot tashkilotlari uchun ajratilgan mablag‘lar doirasida tuziladi.

Vakolatli organlar va tibbiyot tashkiloti o‘rtasida “har bir davolangan holat uchun” bo‘yicha ko‘rsatilgan xizmatlar haqi namunaviy shakl bo‘yicha tuzilgan shartnomaga muvofiq to‘lanadi.

Sog‘liqni saqlashni boshqarish organlari moliya organlari bilan birgalikda tibbiyot tashkilotlari budjetalarini hisoblab chiqadi, shartnomalar loyihalarini tayyorlaydi va ular bilan shartnoma imzolangandan keyin uch kun ichida tibbiyot tashkilotlariga yetkazadi.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top