20:30 / 15.01.2020
1
10064
Britaniya kompaniyasi dunyodagi eng yirik havo kemasining seriyali versiyasini taqdim qildi

Britaniyaning Hybrid Air Vehicles kompaniyasi dunyodagi eng katta havo kemasi hisoblanuvchi Airlander 10 parvoz qurilmasining seriyali ishlab chiqariluvchi versiyasini taqdim qildi. Airlander 10’ning parvoz sinovlari va sertifikatlashni yaqin orada boshlash rejalashtirilgan.

Qurilmani yaratish ishlari 2000-yillar o‘rtalaridan olib boriladi. Uning prototipi ilk parvozi 2012 yilda amalga oshirilgan. O‘shandan beri u yana bir necha marta havoga ko‘tarilgan, ikkita parvoz esa falokat bilan yakunlangan. 

Seriyali Airlander 10 tashqi ko‘rinishidan prototipi kabi dirijablga o‘xshaydi, biroq havodan og‘irroq parvoz qurilmalari toifasiga kiradi. Geliy bilan to‘ldiriluvchi bo‘shliqlar havoga ko‘tarilish va havoda parvoz qilish uchun zarur bo‘lgan ko‘tarish kuchining 40 foizini ta'minlaydi, qolgan kuchni esa havo parragiga ega elektr dvigatellar hosil qiladi.

Shuningdek, qurilmaning seriyali versiyasi prototipidan korpusi shakli hamda eni 6 metrlik va uzunligi 46 metrlik gondolasi bilan farqlanadi. Bundan tashqari, qurilma tortib olinuvchi shassi va tumshuq ostida joylashgan rul qurilmasi bilan jihozlangan.   

Hybrid Air Vehicles’da ta'kidlanishicha, kompaniya turistik firmalardan 10 tadan ko‘proq Airlander 10 uchun buyurtmalar olgan. Bunday birinchi qurilmani mijozlarga 2024 yilda yetkazib berish rejalashtirilgan. 

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top